Yurakka ko‘milar asl shoirlar
Olloh taolo insonni yaratgan paytda unga jon bilan birga turli xil ne’matlarni ham tuhfa etadi. Kimlargadir iste’dod, kimlargadir bilim, kimgadir xush ovoz, yana kimlargadir boylik. Shunday insonlar borki, Olloh taolo ularni ikki hissa mukofotlagan. Birinchisi, jon ato etilgandagi iste’dod, ikkinchisi esa ruhiga berilgan taskin va sakiynat. Shu ikkala xususiyatni mujassam qilib “dard” bilan ham siylab qo‘ygan. Shu o‘rinda, dard ham ne’matmi, degan savol paydo bo‘lishi, tabiiy. Aslida, dard ham bir ne’mat, tilimiz Ollohning zikri ila bardavom bo‘ladi. Bu insonlarga berilgan “dard” esa haqiqiy ne’mat. Sababi, ular dardsiz na so‘zlay, na kuylay olishadi. Ular chinakamiga dard bilan tug‘ilgan insonlar. Ular asl shoirlardir! Yuqorida ko‘p bora takrorlayotganimiz, ijod ahli, yuraklarga yetib boradigan qilib qalam sehri ila kuylashar ekan, unga dard qo‘shilmasa, qalb nidolari ta’sir kuchini yo‘qotadi. Shunday ekan, asl shoirlar qalb torlari ila, o‘zgalar qalbining eng nekbin tuyg‘ularini uyg‘ota olishi uchun, dard ila so‘zlarni ziynatlamog‘i lozim. Har kim ham shoir bo‘lishi mumkin, ammo kamdan-kam inson haqiqiy shoir bo‘la oladi. Har bir so‘zni qalban his qilib, botiniy tug‘yonlar ila junbushga keltirib kuylash asl shoirlarga xos. Qaysiki shoirning asl shoir ekanini she’rlarini o‘qib, qalban his qilgan insonlargina bilishadi. She’rlarining sodda, xalqona ruhda yozilgani, dard ila “yo‘rgaklangani” bilan ko‘pchilik qalbidan chuqur joy olgan shoirlardan biri Muhammad Yusuf deya baralla ayta olamiz. Muhammad Yusufdek shoir she’riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Uning she’rlari juda oddiy, sodda tuyilgani bilan ko‘p odamlarni yig‘latdi, g‘am-qayg‘uga botgan insonlarning qalbiga malham bo‘ldi, ularni kuldirdi. Muhammad Yusuf ana shunday tug‘ma iste’dod sohibi. Har bir asl shoir qo‘liga sehrli qalamini olar ekan, so‘zlar shunchaki bir tekisda terilmaydi. Chunki dard bilan yo‘g‘rilgan so‘zlar bezovta bo‘ladi, tovlanadi, jilolanadi, zinhor bir tekisda ketmaydi. Darhaqiqat, har bir adabiyotga oshufta inson qo‘liga qalam olishi, ona, muhabbat, vatanni kuylashi mumkin. Muhabbat deganda yuragi hapqirib, ona kalimasini aytganda bo‘g‘ziga bir nima tiqilib, Vatan deganda, mana men deya yurt madhini kuylaganda tanasi allanechuk faxr-iftixordan titrab ketsagina, ana shu haqiqiy, asl shoirlikdan nishona. Chunki so‘z qudratini chinakam shoirlargina yuraklarga yetkaza oladi. Muhammad Yusuf ham she’rlarini chiroyli tarzda dardga o‘rab qo‘yadi. Shoirning “Mening dardim” she’rida quyidagi jumlalari orqali nimaga ishora qilyotgani ayon bo‘ladi:
Tuzalmaydi dardim mening,
O‘lsam kerak.
Tuproq bilan og‘a-ini
Bo‘lsam kerak.
O‘lim nima? Bu ham bitta
Sayr, ona.
O‘g‘ling qaro yerga ketdi,
Xayr, ona...
Shoir, mening dardim tuzalmaydi deganda, aynan tana jarohati yoki allanechuk kasallik haqida aytayotgani yo‘q. Shoir bu she’rida bir nechta dard haqida fikr yuritadi. “Tuzalmaydi dardim mening, o‘lsam kerak. Tuproq bilan og‘a-ini bo‘lsam kerak” jumlasidan ma’lum bo‘ladiki, aynan shoir tug‘ilishi o‘limga qo‘yilgan birinchi qadam ekaniga ishora qilmoqda. Inson yaralibdiki, uning qulog‘iga azon aytiladi va butun borliqqa uning chinqiroq yig‘i ovozi taraladi. Nima uchun yangi tug‘ilgan go‘dak nogahon yig‘lab tug‘iladi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Inson dunyoga kelibdiki, yorug‘ olamga ilk bora chinqirib yig‘lab keladi. Endi tug‘ilgan chaqaloqda qanday tashvish bo‘lishi mumkinki, tug‘iliboq yig‘lasa? Tabiiyki, bu savol hammani o‘ylantirib qo‘yadi. Nazarimizda, faqat tashvishli insonlarning mijjasida yosh qalqiydi. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, unda go‘daklar yig‘lab tug‘ilmas edi. Zero, ular hali dunyo tashvishlaridan xoli murg‘ak go‘daklar. Go‘dakning yig‘isida ma’no bor emasmi, aslida. Nazdimda, murg‘ak chaqaloq bunday demoqda:
“G‘uborsizgina onam qornida yotganimda to‘rt oyligimda dunyoga kelishga oshiqdim, yetti oyligimda sal ikkilandim, va nihohat, tug‘ilish arafasida juda qo‘rqdim. Nima uchun azobli, tashvishli dunyoga kelyapman deya. Axir, axir
onamning kulgularidan ham qayg‘usi ko‘p edi, men uni sezardim, his qilardim. Nahot men ham shu jabrzulmlar qurboni bo‘lsam?”...
Yorug‘ dunyoga qadam qo‘yganimizda hech nuqsonlarsiz, sof, kirlardan xoli, aqiq misol asrashimiz kerak bo‘lgan boylik bu – ko‘ngil. Insonning ibtidosi sof qalb bo‘lsa, hayot sinovlari, g‘am-g‘ussa va chirkin illatlar ila yo‘g‘rilgan qalbi, agar qalb deyish mumkin bo‘lsa, intihosi botqoqlikdir. Shoir Muhammad Yusuf ham dardi tuzalmasligini, aynan butun hayoti davomida kirlangan qalbi, ozorlardan, hayot tashvishlari, qoraygan va oxiri zalolatga yuz tutadigan qalbni ta’riflamoqda. Aynan qalb kirlanishi, g‘uborlarga yo‘g‘rilgani hamona umrbod soflik yuzini ko‘rmasligi mumkin. Ko‘ksilaridagi qalb ko‘zi ko‘r bo‘lsa, uni ochish qiyin bo‘lar. Ko‘ngilga bir zumda dog‘ tushirib, qoraytirish mumkin, ammo uni tozalash uchun yillar, balki butun umr kerak bo‘ladi. Inson umrining oxirigacha sof qalb bilan yashashi juda qiyin. Shu sababli ham shoir bu dardni, ya’ni qalbni sof, musaffo saqlashni, tuzalmas dard deya bayon etadi. Hatto tuproq bilan qorishib ketgunimcha ham tuzalmaydi, qalb inson tug‘ilganda qandayin sof bo‘lsa, umrining oxirida esa dardlarga mubtalo bo‘lishi, tuproqqa yetibgina, dardini tuproq o‘ziga olgani holda so‘ngida avvalgi holiga yetishi haqida fikr yuritmoqda. Yana shoir bu she’rida o‘limni ko‘p bora eslab,
O‘lim nima? Bu ham bitta sayr, ona!
O‘g‘ling qaro yerga ketti, xayr, ona,
deya nido qiladi. O‘lim deganda, ko‘z oldimizga intihomiz, hayotning tugashi, ayriliq, umrbod qaytmas bo‘lib ketish keladi. Birinchi navbatda esa, qo‘rquv, hadik, titroq ila o‘limni tilga olamiz. Muhammad Yusuf esa hammamiz titrab, tilimizning uchigacha muzlab xotirlaydigan o‘limni, shunchaki sayr deya ta’riflaydi. Chunki shoir qalbi ila o‘limning hayotga qo‘yilgan nuqta emasligi, aksincha, boqiy hayotning boshlanishi, inson vafotidan keyingina haqiqiy hayotga erishishi haqida fikr yuritmoqda, nazarimizda. Shoir ruhi ila Firdavs bog‘laridagi sayrga ishora qilmoqda. Chunki, shoirning ismi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ismlari bilan bir xil ekanini, fitrati bilan Jannatga kirish va shu bog‘larda Kavsar hovuzidan suv ichayotgan holatini tasavvur qilib, yaxshi niyat ila o‘limni sayr deya ta’riflaydi. Muhammad Yusuf shunday sof qalb sohibiki, hatto gunohlarga to‘la dunyoda ham Oliy Firdavs bog‘larini orzu qiladi. Umidi borligi va Olloh taolo shu umidini ro‘yobga chiqarishiga hech shubha qilmaydi. Ammo o‘zini zinhor ulug‘lamaydi, gunohlardan xoli deya da’vo qilmaydi. “O‘g‘ling qaro yerga ketdi” deganida, tuproqning asl rangiga ishora qilayotgani yo‘q. Gunohlar dengiziga botgan insonlarning rangituproqqa singgan jasaddan, ruhdan. Shu bois, Jannatdan umidim bor, o‘lim asli sayr desa ham, gunohlarimdan qoraygan yerga ketaman deya so‘zlaydi. Inson tuproqdan yaraldi, yana shu xokisor tuproqqa borari bor. Birgina farqi, xokisor, sof tuproqdan yaraladi, yana tuproqqa singib ketadi. Tuproq ham “o‘z farzandini”, seni qabul qilmayman deya ta’na qilmaydi, chunki u xokisor, kuyinibgina, “o‘z farzandini” bag‘ riga oladi. Garchi gunoh, ma’siyat, chirkin illatlarga to‘la bo‘lsa ham. Muhammad Yusuf o‘limdan cho‘chimaydi. Ajalga tik boqib o‘sgani, undan qo‘rqmasligini ko‘p bora uqtiradi. Va oxirida, qani menga atalgan joy, ketdik, do‘stim deya o‘limga peshvoz chiqadi. Shoir bu yerda, tuproqdan yaralganini his qilgan holda, unga kuch berayotgani, va yana shu xokisor tuproqqa qaytishni orziqib kutayotganini ham bayon qiladi. Muhammad Yusuf bot-bot ajalga tik boqib o‘sdim deya takrorlayotgan edi. Nima sababdan u hatto ajaldan hadiksiramadi. Sababi, inson hayotda halol yashasa, hech qanday yomonlik urug‘ini qalbiga sochmasa, muhimi, iymoni mustahkam bo‘lsa, hatto o‘lim bilan yuzlashishgayam qo‘rqmaydi. Vijdoni toza insongina tanadan jon ajralishiga, shunchaki berilgan ne’matning qaytarib olinishi deya qaraydi. Xulosa qilib aytganda, shoir Muhammad Yusuf o‘zining betakror va jozibali, xalq tiliga yaqin she’rlari bilan adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirdi. Aynan shoirning xalqona ruh bilan yo‘g‘rilgan she’rlari katta-yu kichik qalbidan chuqur joy egallagan.
Shahrizoda QO‘ZIYEVA,
Urganch davlat universiteti
talabasi