Yusuf Xos Hojib tavalludining 1000 yilligini xalqaro miqyosda nishonlash kerak!
Yusuf Xos Hojib tavalludining 1000 yilligini xalqaro miqyosda nishonlash kerak!
X–XI asrlar turk dunyosida ilm-ma’rifat gullagan davr hisoblanadi. Bu davrda Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Forobiy, Al-Buxoriy, At-Termiziy, Mahmud Qoshg‘ariy kabi ko‘plab daholar yetishib chiqdi. Ulardan yana biri buyuk aql egasi Yusuf Xos Hojibdir. Uning “Qutadg‘u bilig” asarini bilmagan, o‘qib hayratlanmagan kitobxon orangizda kam topilsa kerak. Bu asar dunyoning ko‘pgina tillariga tarjima qilinib, shu kungacha davlatni boshqarish, ta’lim-tarbiya va boshqa sohalarda dasturilamal bo‘lib kelmoqda.
Kitob insonning qadr-qimmati, fazilatlari, bilim va hunarning ahamiyati to‘g‘risidadir. Uni har yerda turli xil atashgan. Masalan, chinliklar “Shohlar odobnomasi”, mochinliklar “Mamlakat qoidasi”, mashriq ellari “Olimlik ziynati”, eronliklar “Shohlar nasihatnomasi” degan nomlar bilan ulug‘lagan. Turklar esa uni “Qutadg‘u bilig”, ya’ni “Saodatga yetaklovchi bilim” deb ataydi.
Kitob oddiy dehqon-chorvadordan tortib, to hukmdorlargacha bo‘lgan barcha uchun birdek qadrli. Unda jamiyatda egallagan mavqeyidan qat’i nazar, avvalo, INSON bo‘lish, ezgulikka intilish kerakligi aytilgan. Jamiyatdagi kishilar ko‘p jihatdan bir-biriga bog‘liq va muhtoj ekani, hamisha o‘z manfaatini emas, ko‘pchilikning manfaatini ko‘zlab yashash zarurligi ta’kidlangan. “Ko‘pchilikning manfaati tagida sening ham manfaating bordir”, deydi buyuk bobomiz.
Yusuf Xos Hojibning ulug‘vor ishlaridan yana biri shuki, u sabab turkiy til ancha sayqal topdi. O‘sha davrda arab-fors tillarida kitoblar ko‘p, turkiy tilda deyarli yo‘q edi. “Shu sabab men turk tilida bitdim. Turkcha so‘zlarni yovvoyi tog‘ kiyigi kabi bildim. Shunga
qaramay ularni avaylab-asrab qo‘lga o‘rgatdim” deb yozgan.
“Qutadg‘u bilig” kitobi mulk tutishning sir-asrorlari, mamlakatni idora qilish, uning gullab-yashnashi yoki xarob bo‘lishi belgilari, lashkar tuzish tartibi va boshqa juda ko‘p ijtimoiy sohalarga oid masalalarni
qamrab olgan.
Kitobda elning farovonligi, yurtning obodligi yo‘lboshchiga ko‘p jihatdan bog‘liq ekani, u yolg‘on so‘zlamasligi, hamisha shirinso‘z, saxiy bo‘lishi lozimligi aytilgan:
Tili bo‘lsa uning shakardan shirin,
Ulug‘ ham, kichik ham beradi bo‘yin.
Ochiq yuz, shirin so‘z mayinlik bo‘lsin,
Fe’l-atvori moslik, tayinlik bo‘lsin.
Tili yumshoq, ham ochiq bo‘lsin qo‘li,
Birovlarga ham kuyinchak bo‘lsin dili...
Yusuf Xos Hojib adolatli, bilimdon boshliqning sifatlarini Kuntug‘di obrazida bayon qilgan.
Boshliq, albatta, ezgulik ziynatlari bilan bezalgan bo‘lishi shart. Elga bosh bo‘lish juda og‘ir va mas’uliyatli ishki, undan birovlar yesa oshin, birovlar yeydi boshin. Rohatini istagan boshliq:
Butun xalqqa bo‘lgin sodiq, mehribon,
Tugal ezgulik et o‘zing har qachon.
El yurtga nafli bo‘l, zarar keltirma,
Yomon-yaramaslarga omonlik berma.
Kishilik qilishga kishi bo‘l mudom,
Chin inson bo‘lishga shu yo‘ldir tamom.
Yusuf Xos Hojib vazirlikka munosib kishilar to‘g‘risida ham juda batafsil ko‘rsatmalar bergan:
Vazirlikka yetuk, sara er kerak,
Oqil bo‘lsin va yana dovyurak.
Baland bo‘lsa ilmi, uquvi chuqur,
Bajo etsa ishin, yuzin yoritur.
“Qutadg‘u bilig”ning har sahifasida, har bir satrida insonlar uchun bilimli, idrokli bo‘lishning ahamiyati qayta-qayta ta’kidlanadi. Chunki inson o‘z qadrini faqat bilim-idrok orqaligina bila oladi va muhofaza qiladi. Inson bilimga qancha erta intilsa, shuncha yuksaladi. Chunki yoshlik insonlarning eng go‘zal va qobiliyatli davridir.
Yusuf Xos Hojib 18 oy davomida yozgan “Qutadg‘u bilig” kitobida yana ko‘p insoniy fazilatlar, kasblar, jamiyatning barcha qatlamlari va ularning turmush tarzi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar va nasihatlar o‘rin olgan.
Afsuski, insonning qadr-qimmati, bilim, tarbiya, ta’lim, ma’rifat, ma’naviyat kabi nafaqat o‘z davri, balki hozir uchun ham suv va havodek zarur mavzular kuylangan, ayniqsa, yoshlarimiz qo‘lidan qo‘ymay o‘qishi lozim bo‘lgan bu asarni kitob do‘konlaridan hadeganda topolmaysiz. Borlari ham, masalan, 1971-yili Qayum Karimov tomonidan transkripsiya va hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilingan, “Fan” nashriyoti tomonidan chop etilgan nashri maktab o‘quvchilari va
talabalar uchun birmuncha noqulay. Usmon Qo‘chqor va Chori Avaz tomonidan qisqartirilgan holda tayyorlanib “Yulduzcha” nashriyotida 1990-yili chop etilgan nashri ham katta hajmda bo‘lgani bois yosh kitobxonlarni o‘ziga tortmaydi.
Nazarimda, kitobda keltirilgan pand-nasihatlarning har sohaga oidlarini, masalan, adolatli podshoh, vazirlar, kotiblar, xattotlar, qo‘shin boshliqlari, beklarga tegishli hikmatlari alohida, bilim-hunar, ta’lim-tarbiya, til to‘g‘risidagi o‘gitlari alohida, odob-axloq, ezgulik,
salomatlikka oid baytlari alohida 100–120 betli kitobcha qilib chop etilsa, o‘qishga ham, olib yurishga ham qulay bo‘lardi. Shunda buyuk bobomizning bizga qoldirgan ulkan merosiga sohib chiqqan, vasiyatini bajo keltirgan bo‘lardik:
Boshidan oxirgacha yozildi donolar so‘zi,
Go‘yoki tizilgandek sof marjondek o‘zi.
Tilamadim aslo sharaf-shon ot.
O‘qisa bas, dedim, yaqinmi yo yot.
O‘quvchi o‘qisa, zamonlar o‘tib,
Duo qilsamikan meni yod etib.
O‘tgan buyuk bobolarimizning haqqiga duo
qilish, ular qoldirgan merosni asrab-avaylash, targ‘ib qilish biz uchun ham farz ham qarz. Agar shu kunlarda Yusuf Xos Hojib tavalludining 1000 yilligi bayramini keng miqyosda o‘tkazsak, nur ustiga nur bo‘lardi. Shu munosabat bilan takliflarimni bildirmoqchiman:
1. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazib, unga Yusuf Xos Hojib ijodini tadqiq qilayotgan mutaxassislar, izlanuvchilarni taklif qilish.
2. Konferensiyaga kelgan ma’ruzalarni(o‘zbek, turk, rus va ingliz tillarida) saralab, alohida kitob shaklida chop etish va kutubxonalar, maktablar, OO‘Ylariga tarqatish.
3. Kitob ixchamlashtirib, maktab o‘quvchilariga moslashtirgan holda, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda nashr etilib, yurtimizdagi barcha maktablarga tarqatilsa, juda go‘zal va foydali ish bo‘lar edi.
4. Yusuf Xos Hojib turk dunyosining yorqin yulduzi va dahosi bo‘lganligi uchun uning tavalludi ayyomini nishonlash barcha turkiy tilli millatlarning sharafli vazifasidir. Shu sabab bu tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi ishtirokida Qozoq, Qirg‘iz, Tatar, Boshqird, Turk, Ozarboyjon milliy-madaniy markazlari ham jalb qilinishi kerak.
5. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi ko‘pgina kutubxonalar fondida eski o‘zbek, ya’ni arab yozuvida bitilgan qo‘lyozmalarni o‘qiydigan mutaxassis kamligi tufayli ular tadqiq qilinmay turibdi. Bu masalani ijobiy hal qilish uchun konferensiyaga kelganlarning ichida shu qo‘lyozmalarni o‘qiydigan va mazmunini
tushuntira oladigan, bilimdon mutaxassislarni jalb
qilish va ular bilan o‘zaro hamkorlikda amaliy ishlarni bajarish mumkin.
Ushbu masalalarni hal etishda bosh-qosh bo‘lishini iltimos qilib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi rahbari R.Qurbonov nomiga xat yozgan edim. Ulardan quyidagi mazmunda javob oldim:
“Murojaat xatingizdagi masalalar qo‘mita xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga binoan qo‘mita milliy-madaniy markazlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Shunga ko‘ra Respublika uyg‘ur milliy-madaniy markazi ham qo‘mita tasarrufida emas, balki mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi…
Xatingizda keltirilgan takliflar bo‘yicha Respublika uyg‘ur milliy-madaniy markazi bilan kelishilgan holda hamda hamkorlikda ishlashga e’tibor qilishingizni taklif etamiz”.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil qilish oddiygina masala emas. Uni birgina milliy-madaniy markaz doirasida hal etib bo‘lmaydi. “Bu sizning ichki ishingiz, biz aralasholmaymiz” deyish, yumshoq qilib aytganda mas’uliyatdan o‘zini olib qochish yoki odatdagidek beparvolik. Qo‘mita kerak paytda yordam qo‘lini cho‘zmay, milliy-madaniy markazlarning o‘z yog‘iga o‘zlari qovrilishini tomosha qilib o‘tirishi qanchalik to‘g‘ri?!
Abduljon BARAYEV,
texnika fanlari doktori,
professor