“Zangor o‘rmon bag‘rida, mag‘rur o‘sgan oqqayin”
“Zangor o‘rmon bag‘rida, mag‘rur o‘sgan oqqayin”
Bobom vazmin kishi edi. U bilan bo‘lgan xoh xushkayfiyat, xoh xomush suhbatimiz hozir menga hayotning o‘tkinchi ekanligini anglatib turadi.
Bobom serharakat kishi emasdi. Divanda, indamasangiz bir necha kun
kitob o‘qib, suralar yodlab yotaverardi. Ammo oyoqlari ko‘p og‘rir, nevaralariga ezib-ezib uqalattirardi.
Qizig‘i, enamning yoki katta enamning oyog‘ini uqalaganda biron bahona bilan tez quyonning olazarak rasmini chizib qochardik, ammo bobom yonida qo‘limiz yopishgandek soatlab o‘tirgan paytlarimiz bo‘lardi. Bizni xato qilganimizda ham jerkib urishganini ko‘p ham eslolmayman. Bobomning qorni kattaroq, yostiqqa o‘xshardi. Bir kulsa, bir hafta-o‘n kun silkinardi. Tog‘avachchalarim va men navbatma-navbat: “Endi mening galim, endi mening galim”, deb bobomning qorniga chiqib o‘ynardik.
Bora-bora biz katta bo‘ldik, bobom esa keksaydi. Avval bobo-nabira, keyin jo‘ralarga aylandik. Chegara bilan qo‘limiz ko‘ksimizda: “Assalomu alaykum, bova”, deymiz-da, qo‘l tashlashib bosh urishtiramiz, chegaralar buziladi. Buni bobom bilan kelayotgan qishloq oqsoqollari ko‘rsa “delovoy-ku” deb qo‘yishadi. Ha, bobom shunaqa odam edi.
Bir marta oyog‘ini uqalayotganimda mendek yigit paytini elsab qoldi:
– Menam sen o‘qigan texnikumda o‘qiganman. Avval texnikum deyilardi, hozir kollej-pollej bo‘lib ketdi. Toshag‘ur sil balnitsa, yuqorirog‘ida obshejetasi bo‘lardi. Hozir ham bormi?
– Ha, ha, hozir 1-, 2-qavatlari o‘quv xonasi 3-, 4-etajlari haliyam yotoqxona.
– Eh-hey, bir davr edi, katenangni o‘sha vaqti yaxshi ko‘rib yurardim.
– Nima, katenam ham medtexnikumda o‘qirmidi?
– Yo‘q, katenang pedtexnikumda o‘qirdi. Medtexnikumda Mahchera (Mohichehra) momong meni yaxshi ko‘rardi.
– Qobil bovamning xotinimi, – kulgim qistaydi.
– Ha, – deydi bobom, – shuning uchun katenang Mahchera momong bilan ko‘rib qolsa, hozirgacha rashk qiladi, – o‘zi ham maza qilib kuladi. – Yaxshi o‘qiganlarga stipendiya berardi. To‘rt olganlarga besh-olti so‘mmidi, beshga o‘qiydiganlarga undan ham ko‘proq.
– Siz ham olarmidingiz?
– Bizlar Doniyor boboning pullariga o‘qishga kirdik, shu pullarga o‘qidik, bir yilni bazo‘r tugatib o‘qishni tashlab ketdim.
– Iya, diplomini olmadingizmi?
– Yo‘q. Qiziqish bo‘lmagandan keyin qiyin ekan-da. Shoniyoz, Abdurazzoq bovanglar bilan to‘ylarga borib qo‘shiq aytish qiziqroq edi menga. Balki, konservatoriyaga kirganimda hozir G‘ulomjon Yoqubovdanam zo‘r bo‘lib ketarmidim? Qara, ovozi bo‘lmasa ham “Xalq artisti” bo‘lib yuribdi, –
qotib-qotib kuladi.
– Bova, “Oqqayin”ni aytib bering?
Biroz o‘ylab turadi, shiftga ko‘zini tikib:
Zangor o‘rmon bag‘rida,
Mag‘rur o‘sgan oq qayin.
Senga keldim atayin,
Kel, qo‘shig‘im aytayin.
Seni esladim oq bilak, malagim.
Yoshlikning tor yo‘lida,
Yo‘qotilgan tilagim…
… Qirontin(karantin) iyul oyining issiq kunlari bo‘lishiga qaramay, miyamni sovuq urgan, sog‘lom fikrlashga yo‘l qo‘ymayotgan, tez tibbiy yordamdagi faoliyatim ham ag‘dar-to‘ntar,
har bir navbatchilik salbiy o‘zgarishlar bilan tarixga yozilayotgan kunlar. Men virus yuqtirmagan bo‘lsam ham tog‘amlar, yangamlar va ustunimiz bobomning gardanidan olib nafasini siqardi. Cheklovlar, qochishlar, ruhiy bosim va charchoq to‘rt hovlini baravariga kezib yurgan virusni quvib chiqarishimizga to‘sqinlik qilolmadi. Ammo, bobom…
4-avgust… Bu yo‘qotishga ruhan tayyor ekanman. Cho‘kib qolmadim, men o‘zimga berilgan vaqtni bobom bilan mazmunli suhbatlarga boy o‘tkazgandim. Oqqayinim, oq soqolli bobomni ko‘rolmaslik iztirobidan dilim xira bo‘lardi, xolos:
Zangor o‘rmon bag‘rida, mag‘rur o‘sgan oq qayin…
Eldor ABDULLAYEV,
O‘zJOKU talabasi