Zehn qo‘ysang bilimga - ilm tomar dilinga
Zehn qo‘ysang bilimga - ilm tomar dilinga
boshlang‘ich ta’lim: o‘qituvchilarining kasbiy ehtiyojlarini o‘rganish va ularning yechimlari
O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan avlodni intelektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish maqsadida Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tinglovchilarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy ehtiyojidan kelib chiqib qisqa muddatli kurslar tashkil etilgan.
Qisqa muddatli kurslar nima uchun kerak? Ularning maqsadlari nimalarga yo‘naltirilgan?
Hozirgi vaqtda ta’lim tizimi tubdan isloh qilinyapti, o‘qituvchilarning kasbiy ehtiyoji talab darajasida bo‘lishi uchun o‘qituvchi o‘zi harakat qilishi kerak. Ta’lim tizimida xalqaro baholash (PIRLS, PISA, TIMSS, EGMA, EGRA) tadqiqotlariga tayyorgarlik, milliy dasturimizni faoliyatimizda tatbiq etish, SCIENCE fanini o‘qitish metodikasini o‘rganish kabi dolzarb vazifalar turibdi. Hozirgi zamon boshlang‘ich sinf o‘qituvchisini qanday kompetensiyalarga tayyorlash kerakligi tinglovchilarning talabidan kelib chiqib, markazimiz tomonidan qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. Qisqa muddatli kurslarining maqsadi innovatsion ta’lim jarayoniga o‘tish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyor bo‘lish, savodxonlikni oshirishimiz, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish, STEAM pedagogikasi asoslarini va boshqa yangi kompetensiyalarni o‘zlashtirish uchun zarur bilimlar bazasini yaratishdan iboratdir.
Aynan qisqa muddatli kurslarning yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadlari ham aniq ko‘rsatilgan. Masalan, “Boshlang‘ich ta’limda steam yondashuv” kursining maqsadi loyiha turlari, ularning tavsifi va afzalliklari; loyihani rejalashtirish bosqichlari; loyihali darsni muvaffaqiyatli boshqarishni; tadqiqotchilik malakasini egallashi; pedagogik faoliyatidagi oʻziga xoslik hamda yaratuvchanlikni namoyon etishi; yangi axborot bilan ishlashi, uni tahlil qilishi va amalda qoʻllashi; yangi gʻoyalarni rivojlantirishi, ularni boshqalarga yetkazishi, tarqatishi; yangi va istiqbolli dasturlarga tayyorlik, ochiqlik xususiyatini shakllantirishi; kreativ, tanqidiy, muammoli fikr yuritishi, qarorlar qabul qilishi kabilarni o‘zlashtirishadi.
“Ilmiy-metodik faoliyatini takomillashtirish” kursida esa tinglovchilarining kasbiy faoliyatlari davomida ilmiy-metodik faoliyatni takomillashtirish, maqola yozish qoidalari va ularga qo‘yilgan zamonaviy talablar o‘rgatiladi, ya’ni o‘qituvchi o‘zlikni anglash uchun ilmiy va uslubiy ishlar va uni egallashning zarurligi, yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatilishi maqsad sifatida olingan. Ushbu kursning dasturida tadqiqot sohasidagi shart-sharoit va metodlarni, ilmiy farazlarni oldindan tahlil etish, tajriba oʻtkazish, olingan natijalarni tahlil etish va umumlashtirish, ilmiy faoliyat mazmuni yangi bilimlarni ishlab chiqish obyektivlik, ishonchlilik, aniqlik, bahs etilayotgan masalani isbotlashi, ilmiy faoliyatlar uchun mavzuni belgilash, mavjud axborotni, kelib chiqqan farazlarni olingan dalillar asosida tekshirish, yangi fakt va qonunlarni ifodalab berish, ilmiy bashorat yuritish jarayonlarini o‘z ichiga oladi va ular bo‘yicha tegishli yangi bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan.
“Husnixat malakasini shaklantirish texnologiyasi” kursida tinglovchilarga chiroyli yozish ko‘nikmasini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ilmiy va amaliy ma’lumotlarni berish, ijodiy topshiriqlar tayyorlash bo‘yicha salohiyatlarini rivojlantirishdan iborat. O‘zbek tilining fonetikasi, leksikologiya va grammatikasidan fikrni yozma va og‘zaki shakllarda bayon qilish uchun zarur bo‘lgan ilmiy-amaliy ma’lumotlar; bolalarda ijodiy fikrni, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki, yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash uchun zarur bo‘lgan ilmiy-amaliy ma’lumotlar berish; o‘zbek tilining imlosi, talaffuzi, yozma nutqda tinish belgilarning ishlatilish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalarni singdirish; olingan axborotlarni tahlil qilish, ulardan yangi ma’lumotlarni hosil qila olish orqali o‘qituvchilarda kompetenlikni shakllantirishdir.
“Pirls tadqiqoti uchun topshiriqlar tayyorlash va ular ustida ishlash texnologiyasi ” kursining maqsadi boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining ta’lim oluvchilar matnni oʻqish va tushunish darajasini aniqlash va baholash uchun zarur boʻlgan ilmiy va amaliy ma’lumotlar berib, didaktik topshiriqlar tayyorlash boʻyicha salohiyatlarini rivojlantirishdan iboratdir. Shu bilan birga kursni tugatgan tinglovchi oʻquvchilarda matnni oʻqish va tushunish darajasini aniqlash va baholash metodlarini bilishi va qoʻllay olishi; adabiy kitobxonlik malakasini egallashi; pedagogik faoliyatidagi oʻziga xoslik hamda yaratuvchanlikni namoyon etishi; yangi axborot bilan ishlashi, uni tahlil qilishi va amalda qoʻllashi; yangi gʻoyalarni rivojlantirishi, qoʻllashi va ularni boshqalarga yetkazishi, tarqatishi; yangi va istiqbolli dasturlarga tayyorlik, ochiqlik xususiyatini shakllantirishi; kreativ, tanqidiy, muammoli fikr yuritishi, qarorlar qabul qilishi; ilgʻor pedagogik texnologiyalardan kasbiy faoliyatida foydalanishi; oʻqish savodxonligi yuzasidan oʻquvchilarning bilim, koʻnikma, malakalarini baholashi va nazorat topshiriqlarini tuzishi; zamonaviy talablar asosida dars ishlanmasini ishlab chiqishi; darslarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish va oʻtkazish kompetensiyalariga ega boʻlishi lozim.
Kafedramiz tomonidan esa har oyda bir marta EGMA va EGRA xalqaro dasturlari bo‘yicha ham mahorat darslari tashkil etiladi. Mahorat darsida 100 ga yaqin tinglovchilar ushbu dasturlar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar olishadi.
Pedagoglar har yili bir marta malaka oshirishga majbur, lekin qaysi shaklda o‘qish o‘qituvchining o‘zi tanlash huquqiga ega. Malaka oshirish bilan birgalikda o‘qituvchilar markazimiz tomonidan tashkil qilingan qisqa muddatli kurslarda kasbiy ehtiyojini ham boyitib borish, kasbiy faoliyatini rivojlantirishlari mumkin. Qisqa muddatli kurslar umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining kasbiy ehtiyojini qondirish uchun xizmat qiladi. Pedagogman degan inson har doim izlanishda bo‘lishi kerak, o‘quvchiga berayotgan ta’limimiz zamon talabiga javob berishi kerak. Shundagina kelajak avlodlar ma’nan yetuk bo‘lib kamol topadi.
Mahbuba Rahimqulova,
Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi kafedra mudiri, dotsent
Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi matbuot xizmati