Zominda uch avlod uchrashuvi
ZOMINDA UCh AVLOD UCHRASHUVI BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi tashabbusi bilan Jizzax viloyat hokimligi, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi vakillari ishtirokida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuv Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan Duoba qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. 5175 nafar aholiga ega mahallada 4 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 4 ta dam olish maskani, 2 ta pansionat, 3 ta bolalar sog‘lig‘ini tiklash lageri, 150 ta mehmon uyi va kempinglar mavjud.
Zomin tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sardor Anvarov, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Respublika Qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Raxmatulla Jabborovlar va boshqa mehmonlarni 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida non va tuz bilan kutib olishdi.
Tadbirning tantanali ochilishida so‘zga chiqqanlar millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi turli xalqlar madaniyati va milliy an’analarini rivojlantirishga yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilganligini ta’kidladilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik g‘oyalarini hurmat qilish, ajdodlarimiz an’analarini asrab-avaylash, millat va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, eng yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qardosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining tinch-totuv yashashi g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir mehmonlari va ishtirokchilari tomonidan Zomin tumani Xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 8-, 13-, 23-, 28-, 36- va 44-o‘rta ta’lim maktablari havaskorlik jamoalarining badiiy chiqishlari iliq kutib olindi. Do‘stlik va tinchlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro etildi, "Manas" dostonidan parchalar o‘qildi.
Maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi hamda yosh sportchilarning chiqishlari tadbir ishtirokchilarining katta e’tiborini tortdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan nashr etilgan “Sakkiz elning sakson ulug‘ siymosi”, “Sakkiz elning son-sanoqsiz o‘giti” va “Sakkiz elning sakson sakkiz ertagi” Zomin tumani o‘rta ta’lim muassasalariga va Jizzax viloyati milliy madaniy markazlariga topshirildi.
"Uch avlod uchrashuvi" yakunida tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchilar hamda kitobsevarlar tanlovi g‘oliblariga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
So‘ngra Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan qirg‘iz, rus, tatar, koreys, tojik milliy-madaniy markazlari vakillari bilan davra suhbati o‘tkazilib, unda xalq diplomatiyasini rivojlantirish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha hududlarda faoliyatni muvofiqlashtirishning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Davra suhbati ishtirokchilari ushbu toifadagi tadbirlarning mamlakatimizda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etishi, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat vakillari katta yagona oila ekanligi, jahon hamjamiyati bilan yakdil va hamnafas yashash uchun xorijiy davlatlar bilan ham do‘stona munosabatlarni rivojlantirib borish muhimligini e’tirof etdilar.