2021-yil muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi!
2021-yil muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi!
Yangi yil arafasi kishi ko‘ngliga ajib his-tuyg‘ular, eski yil sarhisobi-yu kutilgan orzu-umidlarni baxsh etadi. Ta’lim tizimida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning o‘tgan yilgi yutuqlari, yangi yilda amalga oshirishni ko‘zlagan niyatlari yosh avlodning bilim olishi va tarbiyasi bilan bog‘liq. Yangilanishlar jarayonida ustoz-murabbiylarning ishga, hayotga munosabati va mas’uliyati o‘zgarib borayotgani quvonarli. Pedagog obro‘si va qadrini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ularni yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undaydi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-sentabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan soha xodimlaridan bir guruhi davlatimizning orden va medallari bilan mukofotlandi. Yangi yil ostonasida mana shu yutuqlarga erishgan ustoz-murabbiylar uchun 2021-yil qanday o‘zgarishlarga boy bo‘lgani va kelgusi yilda nimalar kutilayotgani bilan qiziqdik.
Rufat AMINOV,
Xiva shahridagi Prezident maktabi direktori, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi:
— 2021-yil bizning jamoamiz uchun muvaffaqiyatli keldi. O‘qituvchi va murabbiylar kuni II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandim. Ta’lim sohasidagi faoliyatim Xonqa tumanidagi 27-maktabda yetakchilikdan boshlangan bo‘lsa, hozirgi kungacha turli lavozimlarda o‘z bilimimni sinovdan o‘tkazib kelyapman. “Kitobxon maktab”, “Zamonaviy davr rahbari” ko‘rik-tanlovlarida g‘oliblik menga yanada shijoat bilan ishlash uchun kuch beradi. O‘qituvchi va o‘quvchilarimiz o‘z ustida ishlab, xalqaro tanlovlarda ishtirok etishmoqda. Maktabimiz o‘quvchilari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2020-2021-o‘quv yilida tashkil qilingan fan olimpiadalarining shahar bosqichida yuqori o‘rinlarni egallashdi.
Keyingi yillarda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor viloyatlardagi chekka hudud o‘quvchilarining yaxshi sharoitlarda bilim olishiga imkon beryapti.Xorazm tarixida birinchi marotaba 2021-yili Xiva shahridagi Prezident maktabi Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan tashkil etilib, xalqaro Cambridge maktabi maqomini qo‘lga kiritdi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan o‘tkazilgan fan olimpiadalarida 29 nafar o‘quvchi yuqori o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, agentlik tasarrufidaga maktablar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon — 2020” tanlovida faxrli 1-, 2-, 3- o‘rinlarni Xiva shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari qo‘lga kiritdi. Maktab o‘quvchilarining deyarli barchasi “One million uzbek coders” onlayn platformasi yordamida Full-stack development, Front-yend development, Data analysis, Android development kurslarini, “DGCamp” ta’lim markazining Web development, Desktop development kurslarini muvaffaqiyatli yakunladilar. “Qo‘qon olimpiadasi”da esa maktabning 11-sinf o‘quvchisi respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallab, “Cobalt” avtomobili sohibiga aylandi. Bitiruvchilarning 12 nafari chet el universitetlaridan va 5 nafari esa Toshkentda joylashgan AKFA (Koreya) universitetidan grant yutib olishdi.