Navbatdagi sport yili yakunlandi
2018-yil xalqimiz uchun katta xushxabar bilan boshlandi. 9—27-yanvar kunlari Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida kechgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Fevralda Eronning Tehron shahrida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionati o‘tkazildi va unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikki oltin va bir kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Xitoy Taypeyida futzal bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik futzalchilar bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida taekvondo (WTF) bo‘yicha xalqaro turnirda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sobir Nazaraliyev shogirdlari sakkizta oltin va ikkitadan kumush hamda bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
Bahorning ilk kunlari BAAning Dubay shahrida qilichbozlik bo‘yicha kadetlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kadetlarimiz shamshir yo‘nalishida kumush va bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Tailandning Bangkok shahrida muaytayning WMF yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan XV jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 10 oltin, 9 kumush hamda 5 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni band etdi.
Aprelda Shahrisabz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan VII xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Final bellashuvida hamyurtimiz Sherali Jo‘rayev eronlik Jafar Pahlavoniyni mag‘lub etdi.
Shu oyda Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda Armaniston, Belarus, Bolgariya, Vengriya, Rossiya, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Sloveniya, AQSH, Chexiya, Estoniya hamda Ukrainadan kelgan gimnastikachilar sakkiz yo‘nalishda g‘oliblik uchun kurashdi. Hamyurtimiz Sabina Toshkenboyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Tailandda boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bitta oltin, to‘rtta kumush va uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
May oyida Mo‘g‘ulistonda taekvondo ITF bo‘yicha IX Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Qit’amizning 18 davlatidan sportchilar ishtirok etgan xalqaro musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan yigitlarimiz beshta medal bilan taqdirlanib, umumjamoa hisobida uchinchi bo‘ldi.
Moskva shahri mezbonligida o‘tgan Mehribonlik uylarining 14—17 yoshli tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Yosh futbolchilarimiz finalda pokistonlik raqiblarini yengdi.
Minskda shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida shaxmatchilarimiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Bu “aql gimnastikasi”da olg‘a borayotgan vakillarimizning 2018-yildagi dastlabki katta yutug‘i edi. Yurtdoshlarimiz rapid yo‘nalishidagi bahslarda ikkita oltin, ikkita kumush, blits bellashuvlarida esa uchta oltin hamda ikkita kumush — jami 9 ta medalga ega chiqdi. Rossiyalik va ukrainalik sportchilar uchlikni to‘ldirdi.
Futbol bo‘yicha 16 yoshlilar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda turnirning yaqqol favoriti deya e’tirof etilgan vakillarimiz amalda ham barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempion degan nomga erishdi.
Biroz oldin shaxmatda g‘alabali odimlarini boshlagan yurtdoshlarimiz maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ham qatnashdi. Blits, rapid va standart yo‘nalishlari bo‘yicha kechgan musobaqalarda o‘quvchilarimiz 16 oltin, 11 kumush va 6 bronza medalga ega bo‘lib, jamoaviy hisobda 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, standart yo‘nalishida muvaffaqiyat qozongan 7 nafar shaxmatchimiz 2019-yili Tunisda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatida qatnashadigan bo‘ldi.
2018-yilning 7—14-iyul kunlari Toshkentda yoshlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati, kuzda poytaxtimizda suv polosi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida VI Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgani ham e’tiborga molikdir.
Shubha yo‘qki, yilning eng muhim voqeasi 18-avgustdan 2-sentabrgacha Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokimiz bo‘ldi. Unda O‘zbekiston sport delegatsiyasi 28 sport turi bo‘yicha 230 nafardan ortiq sportchi bilan ishtirok etdi hamda 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza — jami 70 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi. Darvoqe, milliy sport turimiz — kurashning XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgani navbatdagi dadil qadam bo‘ldi.
Kuz qariyb barcha sohada “g‘alvir suvdan ko‘tariladigan” palla. Jumladan, sport olamida ham eng mas’uliyatli bahslar aynan kuzda bo‘lib o‘tadi. Poytaxtimizda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I xalqaro turnir bo‘lib o‘tgani buning dalilidir. Sovrin jamg‘armasi 100 ming AQSH dollarini tashkil etgan turnirda dunyoning 40 ta davlatidan kelgan polvonlar mutlaq vazn toifasida gilamga chiqdi. Yakunda taniqli polvonimiz Sherali Jo‘rayev oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Yana shaxmat haqida. Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan “First Saturday GM” xalqaro turnirida iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindorov muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchinchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi. Aniqrog‘i, u 12 yosh 10 oy 8 kunda grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritib, jahon shaxmat tarixida S.Karyakindan (12 yosh-u 7 oy) keyin ikkinchi, shaxmat vatani bo‘lmish Osiyoda esa birinchi eng yosh shaxmatchi bo‘ldi.
6—18-oktabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur «kichik Olimpiada» o‘zbekistonlik yosh atletlar uchun har qachongidan ham omadli kechdi. O‘yinlar yakunida vakillarimiz 5 oltin, 4 kumush va 7 bronza — jami 16 ta medalga ega bo‘lib, medallar sifati bo‘yicha 206 mamlakat ichida 13-o‘rinni egalladi.
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida atletlarimiz 1 oltin, 1 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Navbatdagi xushxabar Turkiyaning Ko‘nyo shahridan keldi. 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Jahon shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tdi va unda vakillarimiz 9 tur yakuniga ko‘ra, oltin medalga ega bo‘ldi. Shaxmatchilarimiz musobaqada Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha, Moldova terma jamoalarini mag‘lub etdi. Faqat bitta turda amerikalik raqiblariga yengildi.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, g‘alabaga katta hissa qo‘shgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboev va Shamsiddin Vohidov Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi. Eslatib o‘tamiz, jamoamizda yana Javohir Sindorov va Sitora Saparova ham bor edi.
Qizig‘i, 2018-yil yakuniga yetib borayotgan bir pallada Sankt-Peterburg shahrida boshlangan shaxmatning blits va rapid yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatida sensatsiya qayd etildi. Rapid yo‘nalishidagi bahslarda o‘zbekistonlik 16 yoshli shaxmatchi Shamsiddin Vohidov norvegiyalik grossmeyster, amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan g‘alabaga erishdi.
Bu aslida ramziy ma’noga ega. Shamsiddin kabi muzaffar sportchilarimiz timsolida tobora qaddini ko‘tarib, xalqaro musobaqalarda mardonavor odimlayotgan, hech kimdan kam emasligini isbotlayotgan jonajon O‘zbekistonimiz qiyofasi aks etmoqda. Bu kayfiyat 2019-yilda ham davom etishi va vakillarimizning xalqaro maydondagi g‘olibona harakatlari yanada salmoqli bo‘lishiga ishonamiz.
Zohidjon XOLOV tayyorladi.