Qatar — Osiyo chempioni!
Kecha Birlashgan Arab Amirliklari maydonlarida 5-yanvar kuni start berilgan XVII Osiyo kubogi bahslari final o‘yini o‘tkazildi.
Unda yarim finalda Karlos Keyrush boshchiligidagi Eron termasi darvozasini javobsiz uch bor nishonga olgan Yaponiya va maydon egalari — BAAni yirik 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Qatar terma jamoalari uchrashdi.
O‘yin teng kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, qatarliklar o‘z imkoniyatlaridan unumliroq foydalanib qolishdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.
12-daqiqada musobaqa to‘purari Almoez Ali qaychi uslubida zarba yo‘llab, Yaponiya darvozasiga to‘p kiritdi. Bu uning musobaqadagi 9-goli edi. Oradan 15 daqiqa o‘tgach, Abdulaziz Hatim uzoq masofadan chiroyli gol urib, hisobdagi farqni oshirdi. 69-daqiqada Takumi Minamino darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib, yaqin masofadan to‘pni darvozaga kiritdi. 83-daqiqada Akrom Afif penaltini aniq amalga oshirib, yakuniy hisobning 3:1 bo‘lishini ta’minladi.
Natijada Qatar terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba Osiyo chempioni bo‘ldi.
Uchrashuvdan so‘ng, taqdirlash marosimi o‘tkazildi. O‘z tarixida birinchi bor kubokni boshi uzra ko‘targan Qatar terma jamoasi a’zolari barcha individual sovrinlarni ham Dohaga olib ketadigan bo‘ldi. Oltin qo‘lqop sovrinini chempionatda finalgacha o‘z darvozasidan birorta to‘p olib chiqmagan Qatar posboni — Saad ash-Shiyb qo‘lga kiritdi. Oltin butsa va Oltin to‘p sovrini qatarlik Almoez Aliga berildi. U bitta musobaqada 9 to‘p kiritib, rekord o‘rnatdi. Halol o‘yin sovrini Yaponiya terma jamoasiga berildi.
Final bahsini boshqargan Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlarimizga ham esdalik sovg‘alari topshirildi. Eslatib o‘tamiz, R.Ermatov 2011-yilda ham Osiyo kubogi finalida hakamlik qilgan edi.
Sher ALI