O‘zbek madaniyati yodgorliklari luvr muzeyida
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2021-yilda Luvr muzeyida bo‘lishi rejalashtirilayotgan “Ipak yo‘lida sivilizatsiya va madaniyat” ko‘rgazmasiga bag‘ishlab I Xalqaro konferensiya tashkil etdi.
Tadbirda fransiyalik ekspertlar, Luvr muzeyi Islom san’ati departamenti direktori Yannik Lins va Buxorodagi fransuz — o‘zbek arxeologiya missiyasi direktori, Luvr muzeyi Islom san’ati bo‘limi arxeologi Rokko Rente o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Ular 2018-yilning sentabr oyida 2021-yilda Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmaga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston muzeylari va madaniyat muassasalaridagi eksponatlar tadqiqoti va tahlilini o‘tkazgan edi. Konferensiyada har bir muzey eksponatini sug‘urtalash, o‘rab-joylash va transportirovka qilish masalalari muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda islom madaniyati va san’ati bilan bog‘liq eksponatlar, arxitektura yodgorliklari talaygina,– deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti yetakchi mutaxassisi Akmal O‘lmasov. — Shu bois ko‘rgazmada asosiy e’tibor islom madaniyati targ‘ibotiga qaratiladi. Shuningdek, ko‘rgazma bahonasida ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik ham yo‘lga qo‘yiladi. Arxeologik arxitektura obyektlarini ilmiy tadqiq qilish va ekspeditsiyalar uyushtirish hamda bevosita mana shu ko‘rgazmaga albom tayyorlash nazarda tutilgan.
Konferensiyada ko‘rgazmaga qo‘yiladigan eksponatlarda restavratsiya ishlarini olib borish, bunda fransiyalik mutaxasisslar bilan bir qatorda o‘zbekistonlik yosh restavratorlar ham jalb qilinishi, shu orqali o‘zaro tajriba almashish ham kelishib olindi.
Mubina HUSANOVA, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi