O‘quvchilar o‘rtasida futzal bo‘yicha musobaqa tashkil etildi
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, umumta’lim maktabi o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va salomatligini mustahkamlash maqsadida ko‘plab musobaqalar, festivallar va tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.
Jumladan, Xalq ta’lim vazirligi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2005-2007-yillarda tug‘ilgan o‘quvchilari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha “O‘FA KUBOGI” musobaqasi tashkil etildi. Mazkur musobaqa davomida jami 130 mingdan ortiq o‘quvchi-yoshlar qatnashdi.
Kecha poytaxtimizdagi “O‘zbekiston“ sport majmuasida musobaqaning final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Finalda Koson tumanining 57-maktab va Chilonzor tumanining 162-maktab jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi. Murosasiz kechgan bahsning asosiy vaqti 4:4 hisobidagi durang bilan yakuniga yetdi. Musobaqa g‘olibi penaltilar seriyasida aniqlandi. Penaltilar seriyasida omad Toshkent shahri jamoasiga kulib boqdi va “O‘FA KUBOGI” g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Final o‘yinidan keyin musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, vazirlikning mas’ul vakillari hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullayev qatnashishdi.
“O‘FA Kubogi“ bronza medali sohiblari Namangan va Navoiy viloyati jamoasi a’zolari planshet va sport ekipirovkalari bilan, 2-o‘rinni egallagan Qashqadaryo jamoasi futbolchilari kumush medali va velosipedlar bilan taqdirlandi. Musobaqa g‘olibi Toshkent shahri jamoasi a’zolariga kubok, oltin medallar va PlayStation 4 sovg‘a qilindi.
Shuningdek, musobaqada Xayrullayev Ravshan (Qashqadaryo) “Eng yaxshi futbolchi”, Ismatullayev Diyor (Navoiy) “Eng yaxshi darvozabon” va Sheraliyev Amir (Toshkent shahri) “Eng yaxshi to‘purar” nominatsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.