“Beshtosh”
U paytlari Navro‘z sayillari hozirgidek keng nishonlanishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Ammo yangilanish, yasharish fasliga mushtoq kishilar ahillik bilan o‘zlari tayyorlagan bahor taomlarini dasturxonga o‘rab, maysa ungan qir-adirlarga chiqishar, olam go‘zalligidan bahramand bo‘lib, ekin-tikin ishlarini rejalashtirib olishardi. Albatta, bunday davralar bolalar ishtirokisiz o‘tmas, bahorning tashrifi qish bo‘yi uyga qamalib qolgan biz, qora-qura o‘g‘il-qizlarning joniga ora kirardi.
Quyosh chiqib, havo iliy boshlashi bilan o‘g‘il bolalar chillak cho‘pini olib, dalaga otlansak, qiz bolalar “qush tepdi”, “munchoq otdi” o‘ynardi. Ba’zan bu o‘yinga biz ham qo‘shilib qolardik. Tuyaning to‘rt dona qumalog‘i bilan o‘ynaladigan o‘yinning qoidalari ham oddiygina edi. O‘yinda ikki kishi yoki teng taqsimlangan ikki jamoa ishtirok etishi mumkin bo‘lib, o‘yinni boshlagan tomonning birinchi vakili qo‘lidagi to‘rt qumaloqni tekis yerga tashlab yuborar, keyin esa barmog‘i bilan chertib, qumaloqlardan birini boshqasiga tekkizishi kerak bo‘lardi. Agar chertilgani boshqalaridan bir donasiga tegsa, o‘yinchi o‘n, ikki donasiga tegsa, yuz, uch donasiga urilsa, ming ochko olardi. Yerga sochib yuborilgan qumaloqlar bir-biriga juda yaqin tushib qolsa, ularning orasidan jimjiloq barmoqni o‘tkazish kerak bo‘lardi. Ko‘pincha o‘yinning shu joyiga kelganda, yutqazayotgan bahona qidirib qolardi:
— Jimjilog‘ing o‘tmadi.
— Qumaloq qimirlab ketdi...
Bir zumda oraga nifoq tushardi. Shunda kimdir boshqa o‘yin o‘ynashni taklif qilardi:
— Kelinglar, “beshtosh” o‘ynaymiz, g‘irromi kam.
Uning taklifi hammamizga, ayniqsa, yutqazayotgan tomonga ma’qul bo‘lar, ko‘p o‘tmay, hozirgina bo‘lib o‘tgan dilxiralik unutilardi. “Beshtosh”i qanday o‘yin, deb hayron qolayotgandirsiz. Keling, yaxshisi, hammasini bir boshdan gapirib beray.
Singan sopol idish(ko‘za yoki ko‘zachaning bo‘lagi yupqaroq bo‘lib, kaftga yaxshi joylashadi) bo‘laklaridan besh donasining qirralari tekislanib, hafsala bilan tanga yanglig‘ dumaloq qilinadi. Bu o‘yinni ham ikki kishi yoki ikki jamoa o‘ynashi mumkin. “Beshtosh”da ham “to‘rt qumaloq”dagi singari to‘planadigan ochko miqdori belgilanadi. Uni boshlash huquqini olish uchun ikki jamoadan bir nafardan ishtirokchi kafti ichidagi besh toshni yuqoriga otib, imkoniyat darajasida ko‘pini kaftining sirt tomoniga qo‘ndirishi lozim. Agar boshlovchi kaftining sirtiga atigi bir dona tosh qo‘nsa, uni ikkinchi tomon boshlovchisi qoqib tushirishi mumkin. Shu sinovda yutgan jamoa o‘yinni boshlaydi. O‘yin ham uni boshlash huquqini qo‘lga kiritish uchun o‘tkazilgan sinov tariqasida davom ettiriladi. Kaftdagi hamma toshni sirtiga qo‘ndirgan o‘yinchi ularni yana yuqoriga otib, yerga tushirmasdan ilib oladi. Toshlardan bir nechtasi yerga tushsa, ishtirokchi kaftidagi bir toshni havoga otib, yerda qolganini olishi, havodagisini ham yerga tushirmay ilishi kerak. Yerdagi toshlar bir dona qolsa, raqib jamoa o‘yinchisi uning bir chekkasidan barmog‘i bilan bosib turadi, o‘yinchi ham havoga otilgan toshni yerga tushirmasligi, ham barmoq bilan bosib turilgan toshni tortib olishi talab etiladi. Shu tarzda hamma toshlarni bir-bir ilib olgan kishi besh ochkoni qo‘lga kiritadi. Chapdast o‘yinchilar belgilangan marrani egallaguncha biror toshni yerga tushirmay o‘ynagan hollar ham uchrab turadi.
O‘yinning eng hayajonli damlari tomonlardan biri belgilangan miqdordagi ochkoni to‘plagandan so‘ng boshlanadi. Yutqazgan tomon vakili kaftini yerga yozib turadi. Yutgan o‘yinchi toshlarni birma-bir nomlab:
— Bunisi so‘qi, bunisi sopi, siypalag‘ich, tirnalag‘ich, qush ko‘rsatari, — deb yutqazgan o‘yinchining kafti sirt tomonining yuqorisiga otib, ilib olishi qiyin bo‘lgan yerlariga joylashtiradi.
Agar yutqazgan o‘yinchi so‘qi va sopidan birortasini ilib ololmasa, kaftini yerga tirab turadi. G‘olib bir dona toshni havoga otib, kaftga musht tushiradi, tirnalag‘ichda kaft tirnalsa, siypalag‘ichda siypaladi. Eng og‘iri — qush ko‘rsatari deb atalgan toshni yerga tushirish. Tosh qirrador tomonlari bilan mag‘lubning ikki barmog‘i orasiga joylashtirilib, u toki bo‘g‘otga qo‘ngan yoki uchib o‘tayotgan qushni topib:
— Hayla, qush, — deb ko‘rsatmagunicha g‘olib tomonidan siqib turiladi...
Siz ham shu o‘yinlarni o‘ynab ko‘ring, aziz bolajonlar, axir, bular ham xalqimizning biroz unutilgan bo‘lsa-da, asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlaridan.
Abdunabi ABDIYEV, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori