Maktablarda shaxmat darslari o‘qitilmoqda(mi?)
Prezidentimizning 2018-yil 9-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikaning turli hududlaridagi 150 ta umumta’lim maktabida tajriba tariqasida shaxmat darslarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Xalq ta’limi, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan yurtimizdagi barcha maktab o‘quvchilarini shaxmatni o‘qitishga bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumta’lim maktabidagi shaxmat sinflarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi umumta’lim muassasalari orasidan tanlab olingan 3-maktabda o‘quvchilarni shaxmatga yanada qiziqtirish, ularga qulay sharoit yaratish maqsadida shaxmat xonalari tashkil etildi. Maktabimizda ta’lim o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Hozirgi kunda ushbu maskanda ta’lim olayotgan 1700 dan ortiq o‘quvchining aksariyati shaxmat klublariga ham jalb etilgan.
Maktab vazirlik tomonidan 20 ta shaxmat doskasi va elektron doska bilan ta’minlandi.
Feruza Qo‘ldosheva rahbarligidagi boshlang‘ich sinfning 34 o‘quvchisi shaxmat mashg‘ulotlariga qatnab, bo‘lajak musobaqalarga tayyorlanyapti. Shuningdek, tajribali murabbiy Guliston Jo‘rayeva respublikamizdagi 150 ta maktab o‘qituvchilari safida rossiyalik mutaxassislar tomonidan olib borilgan “Bolalarga shaxmatni o‘qitish” mavzusidagi uch kunlik o‘quv kursi va seminarida ishtirok etib, shaxmat darslarini o‘tish uchun maxsus sertifikatga ega bo‘ldi.
— Bolalik davrimdayoq ota-onam shaxmatga mehr uyg‘otgan, — deydi sport ustaligiga nomzod G.Jo‘rayeva. — Oila davrasida muntazam musobaqa uyushtirilar, otamning maqtovi biz uchun mukofot edi. Shaxmat sirlarini o‘zlashtirgan o‘quvchi aniq fanlar va til o‘rganishda qiynalmaydi. Shaxmat bolani aql-zakovatli etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Umidli yoshlarning ertangi kuni, porloq kelajagi esa ustozlar zimmasida. Bugun yosh avlod uchun har jabhada sharoitlar muhayyo. Shaxmat sirlarini egallagan yoshlar jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarib, xalq ishonchi, g‘urur-iftixor hissini tuyayotgani bunga yaqqol misoldir.
Mahfuza ShUKUROVA, Zarafshon shahridagi 3-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi