“Besh ming yillik yo‘ldoshimsan, do‘mbiram!”
Termiz shahrida o‘tkazilayotgan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ishtirokchilarining dil so‘zlari
Shopo‘lat ShAYDULLAYEV, tarix fanlari doktori, professor:
— Biz, o‘zbek xalqi har qancha faxrlansak arziydigan, baxshilarimiz butun boshli dostonlar bag‘ishlasa, sira kam bo‘lmaydigan bir ma’lumotni aytib o‘tmoqchiman. Men arxeologman. Yaqinda Sherobod tumani hududidagi Jarqo‘ton shahristonidan 4500 yillik do‘mbira haykali topildi. Bu kabi yodgorlik Turkmaniston va Rossiyaning Oltoy o‘lkasidan ham topilgan. 4500 yil avvalgi davrni tasavvur etib ko‘ring. U davrdan beri qanchadan-qancha saltanatlar tarix sahnasiga kelmadi. Qanchadan-qanchasi barbod bo‘lmadi. Ne-ne nomlar unut bo‘ldi. Ammo xalqning chinakam mulki bo‘lgan do‘mbira omon qoldi. Qariyb 5000 yil avval ilk do‘mbirani yasab chalgan baxshi bugungi biz nishonlayotgan festivalga kelib qolsa, nima bo‘lar edi? Shubhasiz, bizdan rozi bo‘lgan va ko‘p quvongan bo‘lar edi.
Arxeologik qazishmalar chog‘ida nafaqat do‘mbira, balki nay, chiltor kabi cholg‘u sozlari ham topilgan. Birgina misol sifatida Termiz arxeologik muzeyida saqlanayotgan ajoyib topilmani aytishimiz mumkin. Uchta cholg‘u chalib turgan ma’budlar aks ettirilgan bu yaxlit toshning yoshi bir necha ming yilllarga borib taqaladi.
Uljan BOYBO‘SINOVA, qozog‘istonlik baxshi:
— Oqinning tomiridagi qoni xuddi ko‘klamgi selday gupurib turishi kerak. Bo‘lmasa, qo‘lidagi quv og‘och — do‘mbirasi unga bo‘ysunmaydi. Dilidagi tiliga ko‘chmay qoladi. Bunday oqin oqmay, armonda ketadi.
Men qo‘shni O‘zbekistonda tashkil etilgan bu ulug‘ tadbirga kelganimdan xursand bo‘ldim. Bizning Qozog‘istonda ham baxshichilikka juda katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yumushning ulug‘ligi ham, bizning xursandchiligimiz sababi ham shundaki, baxshilarning xalqaro darajada festivali tashkil etilganidir. Bugun butun dunyodagi san’at va adabiyotsevar xalqlarning nigohi O‘zbekistonga termulgan. Qardosh o‘zbek xalqining bu bayrami bizni ham quvontirib yubordi.
Men bu bayramga katta tayyorgarlik bilan keldim. Xudo xohlasa, o‘zlaringiz guvohi bo‘lasizlar, natija yomon bo‘lmaydi.
Alirozi SULAYMONI,musiqa fanlari doktori, Eron xalq baxshisi:
— Soz va ovoz jo‘rligida paydo bo‘ladigan adabiy asarlar jahon san’atida ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Baxshichilik san’ati shu sababli ham juda katta ahamiyatga ega. Bizning fors san’atida baxshichilikning o‘rni katta. Boshqa cholg‘u asboblari bilan kuylanadigan qo‘shiqlar, doston yoki termalar biror-bir shoir tomonidan oldindan yozib berilsa, baxshi esa, ming yillarki, o‘zi matn yaratib, o‘zi uning kuyini topadi, o‘zi ijro etadi.
Jahon san’atida bunday hodisa juda kam.
Antik adabiyotda dostonlar yaratgan Gomerni barchamiz bilamiz. Gomer arfa chalib, o‘zining mashhur dostonlarini kuylaganligi haqida afsonalar, tarixiy dalillar mavjud. Ammo bugungi festivalda men o‘zim uchun juda ko‘p Gomerlarni kashf etaman, deb o‘ylayman. yurtingizda ming-ming yillar avval yaratilgan juda katta eposlar mavjud. Ularning tub ildizi o‘zbek xalqining ijtimoiy-siyosiy tarixiga bog‘lanib ketgan.
Bu tarix bilan har qancha faxrlansangiz arziydi.
Azim QO‘LONBOYeV, Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan baxshi:
— Ulug‘ Jayhunning yoqasida yashab, beadoq kengliklarni ko‘rib, ulardan kuch olib yurgan odam bolasi borki, daryoning shovuridan, sahroning shamollaridan ilhom oladi. Bu ilhom odamzodning ko‘nglidagi g‘uborlarni ketkizadi. O‘zbeg-u turkman o‘z dardini, quvonchini shuytib kuyga soladi, o‘zligini shuytib namoyon qiladi. Xalqlarimiz ichidan yetishib chiqqan baxshi zoti borki, Go‘ro‘g‘li siymosiga murojaat qiladi. Turkman elining afsonaviy qahramoni Go‘ro‘g‘li sulton, uning o‘g‘li Avazxon va boshqalar haqida, xususan, o‘zbek baxshilari ham juda uzoq zamonlardan buyon dostonlar kuylab keladilar.
Bu ham bo‘lsa san’atning naqadar katta qudratga egaligini, sarhad bilmas buyuk to‘lqin ekanini ko‘rsatadi.
Bizning Ashxobod konservatoriyamizda alohida “Baxshichilik” kafedrasi bor. O‘zim ham shu dargohda faoliyat yuritaman. Bu kafedraning asosiy vazifalaridan biri xalqimizning bag‘rida yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan noyob asarlarni, dostonlarni yig‘ib olish, yaratishdir.
Qora baxshi UMIROV, O‘zbekiston xalq baxshisi:
— Mana, Xudoning davlatidan 86 yoshni to‘ldirib, 87 ga ketyapman. Otam el kezgan Umir baxshi “Alpomish”ni to‘qqiz kecha-kunduz aytib murodiga yetkazgan edi. O‘sha zamonlardan beri do‘mbira bizning uyda juda katta, qo‘rg‘onday narsa hisoblangan, baxshichilik qondan qonga o‘tdi, do‘mbira otaning qo‘lidan bolaning qo‘liga o‘tib kelyapti.
Ming-ming shukrona bilan aytishimiz kerak: bugungi kundagiday zamon hech bir baxshiga nasib qilmagan. Baxshini “xalq dushmani”ga chiqarib, uning bolalarini maktabdan quvib, el ichida yomonotliq qilgan kunlarni ham ko‘rdik.
1971-yili meni partiyadan o‘chirishdi. Lekin urushdan oldingi va keyingi yillarda qatag‘on bo‘lib, Sibirlarda yo‘q bo‘lib ketgan bobo baxshilarimizning taqdirini o‘ylab, shu kunimga ham shukr qilganman. Ishimdan ham ayrildim. Maktabda o‘qituvchi edim. Odamlarning menga achinib qaraganlari ham bo‘ldi, kulganlari ham bo‘ldi. Lekin sabr qildim. O‘sha paytlarda ham meni do‘mbiram — e’tiqodim tashlab ketmadi. El el-da. Yaxshiyam bor, yomon ham. Bir Xudo bergan odamlar to‘y qilar bo‘lsa, meni qorong‘i tushgandan so‘ng to‘yxonaga boshlab borib, ustimga chopon yopib kuzatganlari ham bo‘ldi.
Bugungi festivalning daragi chiqqandan beri, prezidentimizning qarori chiqqandan buyon o‘zimga sig‘may yuribman. Mana, baxshilar maktabi tuzildi. Endi katta dunyoviy festival bo‘lyapti. Endi, biz baxshilarning qiladigan, hisob beradigan vaqtimiz bo‘ldi. Bu ishlarning birinchisi dostonlarni qayta tiklash. Doston aytadigan asl baxshilarni yetishtirish. Bu katta vazifa, ham burch.
To‘ylarda terma aytib, to‘y egasini maqtab, pul terib yurgan do‘mbirakashlar ko‘payib ketdi. Bular na doston biladi, na baxshichilikning odobini biladi. Bunday bodi bolalar baxshi degan nomning obro‘sini tushirib yuborishdan boshqa ish qilmaydilar. Buyam katta masala.
Hosila RAHIMOVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— Elimning baxshilari — elimning yaxshilari. Bugun boshlanayotgan festival biz san’atkorlarga juda katta ilhom manbayi, juda go‘zal qo‘shiqlarning yaralishiga turtki bo‘ladigan g‘oyat barakali ijodiy tadbirdir.
Men Surxon farzandi ekanimdan, ulug‘ baxshilarga egachi ekanimdan g‘ururlanaman. O‘ylab ko‘rib bir narsaga amin bo‘ldim. Men va men kabi surxondaryolik san’atkorlarning bu zamindan yetishib chiqishi sira tasodif emas, balki biz baxshilarimizning boshqacharoq, zamonaviyroq ko‘rinishdagi davomchilari ekanmiz.
Ammo bir narsani tan olib aytish kerakki, bu baxshilarday bo‘lish qiyin, ochig‘i ilojsiz. Ular biz aytadigan qo‘shiqlardek qo‘shiqdan besh-oltitasining matnini bir termasida aytib yuborishi mumkin. Shu sababli ham Prezidentimiz tomonidan tashkil etilgan bu festivalning ahamiyati juda katta.
Shodmonqul SALOM yozib oldi.