Sog‘lom bo‘lay desang, safimizga qo‘shil!
Shu kunlarda buyuk davlat arbobi, tengsiz sarkarda Amir Temur tavalludining 683 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan respublikamizda tashkil etilayotgan tadbirlar, sport musobaqalarida ayniqsa yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Qarshi shahrida o‘tkazilgan yugurish marafonida ham 50 ming nafardan ortiq ishtirokchining aksariyatini yoshlar tashkil etdi. Yugurish marafoni yo‘lagi viloyat hokimligi yaqinidan, shaharning eski shahar qismida barpo etilgan “Vatanparvarlar bog‘i”gacha davom etdi.
— Ushbu marafon nafaqat kishilarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, qolaversa, o‘zaro birdamlik, hamjihatlikni oshirishga xizmat qiladi, — dedi Qarshi shahridagi 35-umumta’lim maktabi direktori Kamola Qosimova. — Biz ham maktabimiz o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan birgalikda yugurish marafonida qatnashdik. Ayniqsa, yosh o‘g‘il-qizlarimiz marafonda faol ishtirok etdi. Quvonarlisi, qatnashchilarning ko‘pchiligi ushbu an’anani davom ettirish istagini bildirdi.
Qarshi shahri ko‘chalaridagi “Sport bilan sog‘lom hayot sari”, “Sport — tinchlik elchisi”, “Sog‘lom bo‘lay desang, safimizga qo‘shil!” singari birdamlikka va sportni sevishga chorlovchi shiorlar yosh-u qariga birdek ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
— Men G‘uzor tumanidan kelib, marafonda ishtirok etyapman, — dedi 62 yoshli faxriy o‘qituvchi G‘ulom Sherov. — Ushbu sport tadbirining ayni bahor faslida o‘tkazilayotgani kishiga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlamoqda. Ayniqsa, shahardagi mahobatli binolarning savlat to‘kib turishi ko‘zni quvnatadi.
Aytish joizki, yugurish marafonining so‘nggi nuqtasi — “Vatanparvalar bog‘i”da bo‘lib o‘tgan g‘oliblarni taqdirlash marosimi konsert dasturi va xalq sayliga ulanib ketdi.
O‘ktam Meyliyev,
“Ma’rifat” muxbiri