Yosh kartingchilar musobaqasi
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyati kengashi tasarrufidagi viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi bilan hamkorlikda Urganch tumanining Cholish qo‘rg‘onida joylashgan o‘quv-mashq maydonida karting bo‘yicha yoshlar o‘rtasida viloyat birinchiligi o‘tkazdi.
Musobaqaning dvigatel sig‘imi 61,5 sm3 bo‘lgan karting poygasida dastlabki ikki o‘rinni Urganch shahri sportchilari egalladi. Jumladan, 28-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Ruslana Zazulina birinchi, 10-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Angel Lutsenko ikkinchi o‘rinni band etdi. Uchinchi o‘rindan Pitnak shahridagi 7-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Diyorbek Hayitboyev joy oldi.
Dvigatel hajmi 125 sm3 bo‘lgan kartingda Xonqa tumanidagi 2-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Javohir Otaniyozov shohsupaning birinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Keyingi sovrinli o‘rinlar Yangiariq tumanidagi 38-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Asadbek Ozodov hamda Qo‘shko‘pir qurilish va transport kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi G‘olib Mayliyevga nasib qildi.
Ikrom XUDOYBERGANOV