Atom kuchini o‘tin yorishga sarflayotganlar
17—27-aprel kunlari Turkiyada shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilar ekan. Unda 10 nafar o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi ham ishtirok etadi: Akbar Allaberganov(7 yoshgacha), Humoyun Bekmurodov(9), Bahrom Bahrillayev(11), Javohir Sindorov(15), Nodirbek Yoqubboyev(17), Shamsiddin Vohidov(17), Ali Qosimov(17), Zaynura Abrorova(7), Afruza Hamdamova (11), Umida Omonova(13).
Tarkib nihoyatda kuchli. Javohir ushbu musobaqada ishtirok etayotgan yagona xalqaro grossmeyster. Reytingi — 2495. Nodirbek ham xalqaro grossmeyster normasini to‘liq bajardi, 2577 reyting baliga ega. Shamsiddin (2494) GM talabini ikki marta bajargan. Bu unvonga erishishiga bir qadam qoldi. Umida Omonova, Afruza Hamdamova, Humoyun Bekmurodov ham o‘zlarining tengdoshlari orasida ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli shaxmatchilari. Ularni mazkur musobaqaga jalb qilgan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining maqsadi aniq: shoda-shoda medallarga ega bo‘lish, “mana, federatsiya zo‘r ishlayapti, shu-uncha medallarga erishdik” degan tantanavor hisobot-u ro‘yxatlarni e’lon qilish!
“Yaxshi-ku, nega yozg‘iryapsan?” degan gap xayolingizdan o‘tgani tayin. Yaxshi, albatta. O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tariladi, madhiyamiz yangraydi. Ammo masalaning bir nozik tomoni bor!
Birinchidan, maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempionati saviya jihatidan bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan quyi darajada turadi.
Ikkinchidan, bu musobaqa Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorovning shaxmatchi sifatida yanada o‘sishiga xizmat qilmaydi, aksincha.
Uchinchidan, tokaygacha biz bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda erishgan natijalar bilan maqtanib yuramiz. Vaholanki, bu shaxmatchilarimizning uchalasi ham ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli 10 shaxmatchisi safida:
1. Kasimdzhanov, Rustam g UZB 2652 9 1979
2. Abdusattorov, Nodirbek g UZB 2578 9 2004
3. Yakubboyev, Nodirbek m UZB 2577 18 2002
4. Vakhidov, Jakhongir g UZB 2554 0 1995
5. Kvon, Andrey g UZB 2519 0 1989
6. Sindarov, Javokhir g UZB 2495 9 2005
7. Vokhidov, Shamsiddin m UZB 2494 18 2002
8. Khamrakulov, Djurabek g UZB 2492 9 1988
9. Saltayev, Mihail g UZB 2474 1 1962
10. Nigmatov, Ortik m UZB 2469 9 2000
Shaxmatimizning oltin avlodi vakillari, allaqachon professional shaxmatchi sifatida nom qozonganlariga qaramay, hali-hamon havaskorlar musobaqasida o‘ynab yurgan payti eronlik tengdoshlari — Alirizo Firuzja (GM, 2003-yili tug‘ilgan, reytingi — 2669) kuchli grossmeyster-u xalqaro masterlar o‘ynagan, 16 aprel kuni nihoyasiga yetgan xalqaro turnirda (Reykyavik, Islandiya) 2-o‘rinni oldi!
Yoki shu yil yanvarida 12 yosh-u 7 oy 17 kunlik bo‘lganida xalqaro grossmeyster normasini bajarib, shaxmat tarixida eng yosh grossmeyster bo‘lganlar ro‘yxatida bizning Javohir Sindorovni 3-o‘ringa tushirib, 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan hindistonlik Gukesh Dommaraju (2006-yili tug‘ilgan, reytingi — 2536) 2017-yil oktabrda Kuala-Lumpurdagi turnirda ilk xalqaro master (IM) talabini bajargandan so‘ng 2019-yil yanvarida Dehli shahrida kechgan xalqaro turnirda 3-bor xalqaro grossmeyster normasini bajargunga qadar 13 davlatda o‘tkazilgan 30 ta turnirda 276 o‘yin o‘tkazgan! 15 oy davomida!
Endi qiyoslang: N.Yoqubboyev, N.Abdusattorov, J.Sindorov va Sh.Vohidov — o‘zbek shaxmati kelajagi deb qaralayotgan iste’dodlarimiz oxirgi bir yil davomida nechtadan shunday nufuzli musobaqada ishtirok etdi? Hech birining ko‘rsatkichi 10 tadan oshmasligi aniq! Chunki xorijda bo‘layotgan kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga Shaxmat federatsiyasi ham, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ham bir so‘m ajratmaydi! Ularni hamon bola chog‘lab, faqat bolalar o‘rtasidagi rasmiy musobaqalardagi xarajatlarnigina qoplaydi. So‘rasangiz, “Nizomda shunaqa” degan javobni olasiz. Og‘aynilar, qotib qolgan bunday nizomlarni o‘zgartirish vaqti o‘tib borayotganini nahotki tan olmaysiz!?
Husan KARVONLI