Sportga ajratilgan bir kun
Zarafshon shahridagi 3-maktabda “Salomatlik uchun bir kun” shiori ostida sport festivali bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportni targ‘ib etish, o‘sib kelayotgan avlodni ruhan va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan festivalda maktabning pedagoglar jamoasi, ota-onalar va faxriy o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Qizg‘in kechgan musobaqalarda jamoalar bosqichma-bosqich barcha to‘siqlardan o‘tib, o‘z epchilligi-yu, faolligini namoyon etdi. Ishtirokchilarning dadil va chaqqon harakatlari tomoshabinlarga ham yuqori kayfiyat ulashdi.
Festival davomida o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy muhitni yaxshilash, psixologik madaniyatni oshirish hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsadida mutaxassislar tomonidan “Stressdan xoli yashaymiz” , “Hayot go‘zal, umr bebaho” mavzularida trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Musobaqa so‘ngida g‘olib jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dildora KARIMOVA, shu maktab o‘qituvchisi