“Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida sport musobaqasi o‘tkazildi
Shu yilning 4-5-may kunlari Oliy o‘quv yurtlariaro sport majmuasida O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi markaziy apparati xodimlari o‘rtasida sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqalarni O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi R.Bedilov hamda hamkor vazirlik va idoralar vakillari ochib berdi.
“Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan bellashuvda erkaklar mini futbol va stol tennisi, ayollar badminton bo‘yicha mahoratini namoyish etdi. Mini futbol bo‘yicha bahslar qizg‘in o‘tdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi jamoasi birinchi, Madaniyat vazirligi jamoasi ikkinchi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Stol tennisi va badminton bo‘yicha o‘tkazilgan o‘yinlarda ham g‘oliblar aniqlandi. Bu borada Maktabgacha ta’lim vazirligi xodimlarining qo‘li baland keldi. Vazirlikning uch nafar ishtirokchisi — V.Anorboyeva, N. Jumaniyazova hamda L.Berdiyeva badminton bo‘yicha raqiblariga birorta o‘rin qoldirmadi.
Erkaklar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha yakka tartibda o‘tkazilgan bellashuvda Maktabgacha ta’lim vazirligi mutaxassislari S.Omanov va G‘.Qurbonov 1-, 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i, musobaqaning eng yoshi ulug‘ ishtirokchisi B.Ismailov 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.
Musobaqa yakunida barcha g‘oliblarga, shuningdek, mini futbol bo‘yicha eng yaxshi darvozabon va to‘purar nominatsiyasi sohiblari, o‘yinlarning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlagan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Badminton federatsiyasi, Stol tennisi federatsiyasi hakamlariga O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mini futbol turi bo‘yicha musobaqa g‘olibi — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi jamoasiga tantanali ravishda ko‘chma kubok topshirildi.