Mashaqqatli mehnat mevasi
Havaskor sportchini chinakam chempionga aylantiradigan jihatlar — bu undagi kuchli sabr, yengilmas iroda va aniq maqsad. Ammo har qanday sportchining zalvorli g‘alabalari zamirida, shubhasiz, ustoz-murabbiyning mehnati yotadi. “Paxtakor” sport jamiyatida ko‘plab yoshlarga yunon-rum kurashi sirlarini o‘rgatib kelayotgan Nodirjon O‘roqov ham bir qancha polvonlarni chempionlik shohsupasiga olib chiqqan ustozlardan.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi Yangiravot qishlog‘ida dunyoga kelgan Nodirjon O‘roqov sportga erta mehr qo‘ydi. 11 yoshidayoq erkin kurash bilan shug‘ullana boshlagan qahramonimiz 1994-yili tumandagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabiga o‘qishga kirdi. Bu yerda u birinchi murabbiyi Xudoyqul Bozorovdan kurash sirlarini o‘rganish bilan birga, turli musobaqalarda qatnashib, sovrindorlar safidan joy ola boshladi.
1996-yili viloyat birinchiligida 38 kg vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani Nodirjonga poytaxtimizdagi respublika olimpiya zaxiralari bilim yurti(hozirgi ROZK)-da tahsil olish imkonini berdi. Bu yerda u malakali murabbiylardan saboq olib, kurashni professional darajada o‘rgana boshladi. Birin-ketin turli musobaqalarda ishtirok etib, o‘z ustida tinimsiz ishladi.
Tez orada mashaqqatli mehnatlar natijasi o‘z mahsulini bera boshladi. Qahramonimiz 1999-yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 62 kg vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. 2000-yili Abdug‘affor Toshtemirov xotirasiga bag‘ishlab o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan turnirda 76 kg vazn toifasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2001-yili murabbiy bo‘lishni diliga tugib yurgan N.O‘roqov O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya insitituti(hozirgi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti)ga o‘qishga qabul qilindi. Bu orada qator yirik musobaqalarda g‘alaba qozondi, kattalar o‘rtasida mamlakat chempioni bo‘ldi.
Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, qahramonimiz o‘zi orzu qilganidek Uchtepa tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabida yunon-rum kurashi bo‘yicha murabbiylik qila boshladi. Shu ondan boshlab, o‘zi erisha olmagan cho‘qqilarni shogirdlari zabt etishi uchun ularga sportning barcha sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatishga kirishdi. Shogirdlarining qo‘llaridan yetaklab, ularni katta sportga olib kirdi. Shogirdlaridan Dilmurod Abdullayev 2005-yili Yaponiyaning Oaray shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan kurash bo‘yicha Osiyo chempionatida 58 kg vazn toifasida kumush, 2006-yili Tailand poytaxti Bangkok shahridagi turnirda 63 kg vazn toifasida bronza medal sohibiga aylandi.
2008-yili mehnat faoliyatini “Paxtakor” sport jamiyatida davom ettirgan Nodirjon O‘roqovning asosiy yutuqlari shu yerda boshlandi. Ushbu dargohda ham ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Ular orasida aka-uka Islom va Ilhom Bahromovlar turli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab, ustozlari ishonchini to‘la oqladi. Islom 2012-yili Bishkek, 2014-yili Ulan-Batorda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin, 2015-yili Braziliyaning Salvador shahri mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdi. 2017-yili Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida esa 3-o‘rinni egalladi.
Bu vaqtda Ilhom Bahromovning natijalari ham yomon bo‘lmadi. Yosh sportchi 2013-yili Ulan-Bator, 2014-yili Chonburida bo‘lib o‘tgan qit’a chempionatlarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar Olimpiadasida shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy egallagani hanuzgacha ko‘pchilikning yodida. Ilhomning zafarli yurishlari 2016-yilda ham davom etdi. U Filippinda o‘tgan Osiyo chempionatida 50 kg vazn toifasidagi polvonlar bahsida oltin medalga egalik qilgan bo‘lsa, Fransiyaning Makon shahrida bo‘lib o‘tgan jahon birinchiligida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Garchi bu g‘alabalar terma jamoa tarkibida qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, musobaqaoldi tayyogarliklarida Nodirjon O‘roqov yosh sportchilarning har biri bilan individual ish olib bordi. Shogirdlariga kerakli tavsiyalar berish bilan birga, hamisha ularni qo‘llab-quvvatladi, yonlarida bo‘ldi. Ustozlarining daldasi va ularga bildirgan ishonchi jamoa a’zolarini katta g‘alabalar sari yetakladi.
— Sportchilar bilan ishlash har doim ham g‘alaba degani emas, — deydi Nodirjon O‘roqov. — Ularning har biri o‘z dunyoqarashi, xarakteriga ega. Murabbiy buni his qilishi, shunga yarasha munosabatda bo‘lishi kerak. Shundagina ko‘zlangan natijaga erishiladi.
Qahramonimiz hozirgacha sportchi va murabbiylik faoliyatini teng olib bormoqda. U chempion yoshlarni tarbiyalash bilan birga, turli musobaqalarda muntazam qatnashib kelyapti. Ayniqsa, 2014-2015-yillarda O‘zbekiston ochiq chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani kurashchining yorqin g‘alabalari sonini yana bittaga oshirdi.
Sportchi bo‘lish oson emas, ammo murabbiylik ikki karra mashaqqatli. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, ko‘plab yoshlarga kurash sirlarini o‘rgatib, yurtimizda chempionlar sonining ortishiga hissa qo‘shib kelayotgan Nodirjon O‘roqovning kelgusi faoliyatiga omad, zafarlari bardavom bo‘lishini tilab qolamiz!
Fazliddin SATTOROV