Yuksak saviyali asarlar bitiladigan maskan
Ijod joy va sharoit tanlamaydi, deyishadi. Haqiqiy iste’dod har qanday holatda ham o‘zini namoyon etadi. Ammo ijod uchun muayyan shart-sharoitlar bo‘lmagan joyda haqiqiy iste’dod egalarning ro‘yobga chiqishi qiyin.
Barcha davrlarda hayotning moddiy muammolaridan yuqori turolgan san’atkorlargina asl san’at namunalarini yaratishga musharraf bo‘lgan. Shu ma’noda, bugun mamlakatimizda ijod ahliga qulay shart-sharoit yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-avgust kuni yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvda Zomin va Parkent tumanlarining so‘lim go‘shalarida ijodkorlarimiz uchun zamonaviy ijod uylari qurilishi rejalashtirilganini ta’kidlagan edi.
Zomindagi O‘riklisoy maskanida yozuvchi-shoirlarimiz ijod qiladigan, salomatligini tiklaydigan majmuaning qad rostlashi bu va’daning amaldagi ijobati bo‘ldi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan barpo etilgan mazkur sanatoriy 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Quvonarlisi, uning 50 o‘rni Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun ajratildi.
Bir guruh ijodkorlarimiz azim poytaxtdan ushbu maskan tomon yo‘l oldi. Ular dastlab Jizzax shahrida atoqli adib, ulug‘ davlat arbobi Sharof Rashidov haykali hamda Hamid Olimjon va Zulfiya haykallari poyiga gul qo‘ydi. So‘ng ijodkorlar Zomindagi ijod uyining ochilish marosimida qatnashdi. Yozuvchi-shoirlar, zominlik nuroniy otaxonlar, din peshvolari, senator va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirni O‘zbekiston Qahramoni, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanaqulov kirish so‘zi bilan ochdi.
Shuningdek, marosim davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinati qoshidagi “Farhod” madaniyat saroyi ijodiy jamoasining konsert dasturi va ijodkorlar ishtirokidagi mushoira yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ochilish marosimidan so‘ng Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mazkur sanatoriy kutubxonasiga turli kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Yakunda marosim ishtirokchilari uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
So‘lim maskanga yarashib turgan ushbu ko‘rkam bino bir yarim yil ichida qurib bitkazilgan bo‘lib, zamonaviy mebel jihozlari, tibbiy uskunalar, sport anjomlari, aloqa-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Zamonaviy oynavand liftlardan tabiat manzarasiga boqib, dilingiz yayraydi.
Shuningdek, bu yerda tibbiy muolaja hamda sport bilan shug‘ullanish xonalari ham mavjud bo‘lib, zamonaviy diagnostika uskunalari, ultratovush, ingalyatsiya xonalari, fitobar, shuningdek, tennis, velotrenajor, harakatlanuvchi yo‘lak kabi qurilmalar davolanuvchilar uchun qulaylik yaratadi.
Bundan tashqari, 150 o‘rinli anjumanlar zali badiiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Binoning orqa tomonida 180 o‘rinli amfiteatr barpo etilgan bo‘lib, bu yerda ham turli tadbirlar o‘tkazish uchun barcha sharoitlar muhayyo.
Ijodkorlarga yayrab ijod qilishi uchun muayyan muddatga ijaraga beriladigan bu ijod maskanida ayni paytda Yozuvchilar uyushmasining dastlabki yo‘llanmalariga ega yozuvchi-shoirlar miriqib hordiq chiqarmoqda.
Mazkur tadbirda ishtirok etgan qalamkashlarning dilso‘zlaridan ham ularning ijodkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan nechog‘lik mamnunligi sezilib turibdi.
— Bu sanatoriyning ochilishi va ijodkorlar uchun o‘rin ajratilishi barchamizni quvontirdi, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodmonqul Salom. — Ijod ahliga yaratilgan imkon adabiyot uchun ham berilgan imkondir. Bu imkoniyatdan yuksak saviyali, haq gap aytilgan asarlarni bitishda foydalanish kerak. Ijodkorning ko‘ngli tinch, xotirjam bo‘lsagina ijoddan chalg‘imaydi. Bunday so‘lim go‘shalarda qalb to‘ridagi ilhom bulog‘ining ko‘zlari ochilib, nozik hislarga o‘rangan she’r-u qasidalar, nasr javohirlari qaynab chiqa boshlaydi. Ijod ahli uchun bunday sharoitlar yaratilgan mamlakatlar sanoqli. Biz shoir-u yozuvchisini e’zozlaydigan yurt ijodkori ekanimizdan baxtiyormiz.
Suhrob ZIYODOV