Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi qayerda malaka oshiradi?
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotgan bir paytda sport murabbiylari, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, yo‘riqchilarning malakasini oshirish, murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi sportchilarni qayta tayyorlash ishlari qanday kechmoqda? Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi jarayonda qanday amaliy ishlarni olib bormoqda? Shu kabi savollar bilan Markaz direktori, Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi Ilhom Tursunaliyevga murojaat qildik.
— Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirishning muhim omillaridan biri. Chunki malaka oshirish jarayonida pedagog sohaning eng so‘nggi yangiliklaridan boxabar bo‘ladi, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni mashg‘ulotlarda tatbiq etishni o‘rganadi, qayta tayyorlash kurslaridan o‘tgan nomutaxassis xodim tayyor kadrga aylanadi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi bu borada olib borayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak. Ushbu markaz dastlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining “Malaka oshirish” fakulteti sifatida faoliyat boshlagan. Shundan so‘ng 2013-2014-yillarda institut huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi sifatida faqatgina oliy ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining malakasini oshirish jarayonini tashkil etgan.
Shu tariqa bosqichma-bosqich jarayonlardan o‘tib, yuqorida nomi keltirilgan Farmon va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan markazimizga qator vazifalar yuklatildi. Birinchi navbatda Markazning faoliyat doirasi kengaydi. Ya’ni avval faqat oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini qamrab olgan bo‘lsa, endilikda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari jismoniy tarbiya instruktorlari, umumta’lim maktablari va akademik litseylarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining kafedra mudirlari hamda professor-o‘qituvchilari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, sport maktablarining rahbar kadrlari, instruktor-metodistlari va trenerlarini hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini tashkil etuvchi yagona markazga aylantirildi.
Shuningdek, Markaz tomonidan davlat ta’lim standartlari hamda kasbga doir bilim va ko‘nikmalarga qo‘yilgan talablar asosida mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan sport ta’limi muassasalari xodimlari uchun qo‘shimcha ixtisoslik bo‘yicha pulli asosda qayta tayyorlash va qisqa muddatli kurslarni tashkil etish, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarning kasbiy, ma’naviy salohiyatini oshirish, sport ta’limi tizimini ilmiy-metodik ta’minlash, o‘quv-mashg‘ulot jarayoniga, xususan, sport ta’limi muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakl va usullarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va turli tadbirlar o‘tkazish orqali jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yutuqlarimizni xalqaro miqyosda keng yoritish, xorijiy sport ta’limi muassasalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha ham Markaz xodimlari vazirlik vakillari bilan birgalikda ish olib boradi.
Yana shuni aytish joizki, Markazning Samarqand, Nukus, Farg‘ona shaharlarida hududiy filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham pedagoglar uchun keng imkoniyatdir. Chunki yurtimizning chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-murabbiylar olis yo‘l bosib poytaxtga kelmasdan, yaqin hududidagi filialda malaka oshirib, yana faoliyatini davom ettiradi.
— Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish tizimiga zamonaviy yondashuv talablari qanday? Markaz faoliyatini yangicha mazmunda olib borishni ta’minlovchi texnik va normativ baza, mashg‘ulot olib boruvchi professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.
— Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish tizimiga zamonaviy yondashuv ko‘p variantli o‘quv va ishchi o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ularni tabaqalashtirish va malaka oshirish jarayoniga tatbiq etishni talab qilmoqda. Markazda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish kurslari uchun o‘quv rejadagi 24 ta moduldan har biriga 24 ta ishchi dastur hamda maxsus fanlardan 11 ta o‘quv-uslubiy majmua tayyorlanib, ekspertizadan o‘tkazildi hamda internet-portalimizga joylashtirildi.
Sport ta’limi muassasalarida hozirda faoliyat olib borayotgan nomutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash kurslariga jalb etish, professor-o‘qituvchilarning xorijda kasbiy stajirovkadan o‘tishini tashkil etish ta’minlandi. “Ijtimoiy fanlar”, “Pedagogika va psixologiya”, “Sport boshqaruvi” va “Sport mashg‘ulotlarini tashkil etish metodikasi” kafedralarida 31 nafar professor-o‘qituvchi, shundan 6 professor, 18 fan nomzodi, dotsent, 10 nafar katta o‘qituvchi, 8 assistent-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoniga zamonaviy talablar asosida yondashish yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirishni ta’minlaydi.
Akmal ISLOMOV suhbatlashdi.