Bekoboddagi maktab sport zali qachon ta’mirlanadi?
Uyimizga kelgan qarindoshimiz farzandining bo‘yi ancha cho‘zilib, katta bo‘lib qolibdi. Ko‘rinishidan tog‘ni ursa tolqon qiladigandek. Balki anchadan buyon uni ko‘rmaganimgami ulg‘aygandek tuyuldi menga. Xullas, uni gapga soldim: o‘qishlari haqida so‘radim.
— O‘qishlarim yaxshi, o‘rtamiyona, to‘rt-besh degandek...
— Ha, yaxshi. Menimcha, jismoniy tarbiyadan aniq “besh” bo‘lsa kerak-a?
Bu savolga berilgan javob meni o‘ylantirib qo‘ydi.
U o‘qiyotgan Bekobod tumanidagi 5-maktabda sport zali ishlamas, jismoniy tarbiya darsi ochiq sport maydonchasida, qishda esa sinfxonalarda o‘tilar ekan. Ochiq sport maydonchasidagi darslarni tushunish mumkin, lekin sinfxonada jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari o‘tilishini hazm qilish ancha mushkul. Qarindoshim hali necha bahoga o‘qishini aytib ulgurmagan bo‘lsa ham angladimki, bunday vaziyatda “besh” baho olishi “tayin”!
Xo‘sh, nima uchun maktabning sport zali mavjud bo‘lsa ham ishlamaydi, ya’ni uning Davlat sanitariya nazorati xodimlari tomonidan yopib ketilishiga sabab nima? Bu voqeaga sakkiz oy bo‘lsa-da, nima uchun mas’ullarning parvoyi palak?
Birinchi qadam
5-maktab ikki smenali bo‘lgani bois u yerdan o‘qituvchi va o‘quvchilarning qadami hali uzilmagan, shu sabablimi, maktab direktori Gulnora Qo‘shmatovani topish muammo bo‘lmadi. U suhbatimiz davomida o‘quvchisining gaplarini tasdiqlab, haqiqatan ham maktabning sport zali sakkiz oydan beri ishlamayotganini, uni SES xodimlari yopib ketganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng men maktabning sport zalini ko‘zdan kechirdim va uning chindan ham foydalanishga yaroqsiz ekaniga guvoh bo‘ldim.
2006-yili maktabning bir qismida qurilish ishlari amalga oshirilgan. Sport zali ham shu paytda qad rostlab, maktab o‘quvchilariga 9 yilga yaqin xizmat qilgan.
— Bunday kam xizmat muddatining asosiy sabablaridan biri bino bog‘ o‘rnida qurilganidir, — deydi Gulnora Qo‘shmatova. — Uning yeri yumshoq bo‘lgani uchun og‘ir beton va devorlar namlik oshishi sabab cho‘kkan.
2015-yilga kelib, devorlar yana ham pastga cho‘kib, bir-biridan ajray boshlagan. Yog‘ingarchilik sabab haddan oshiq nurab, foydalanish uchun xavfli holatga kelib qolgan. Lekin shunga qaramay, to‘rt yil davomida sport zalidan qish mavsumidagi darslarni o‘tish uchun foydalanilgan.
Maktabda 455 nafar o‘quvchi ikki smenada ta’lim olar, to‘rt nafar jismoniy tarbiya o‘qituvchisi haftasiga 45 soat dars o‘tar ekan. Bu — har kuni kamida olti yoki yetti soat jismoniy tarbiya mashg‘uloti bo‘ladi, degani.
Bu ma’lumotlardan keyin bizda bir nechta savollar paydo bo‘ldi: xo‘sh, nima uchun to‘rt yil mobaynida o‘quvchilar hayoti uchun xavfli bo‘lgan sport zalida dars o‘tilgan? Hozir nima sababdan darslar qoniqarli darajada bo‘lmayapti? Bu haqida maktab ma’muriyati tegishli joylarga xabar qilganmi? Mutasaddilarchi, muammoni bartaraf etish choralarini ko‘ryaptimi?
Bahonani oshirishmi yoki kasalni yashirish?!
Direktorning aytishicha, uch yildan buyon maktab ma’muriyati tegishli joylarga murojaat qilib keladi. Mutasaddilar sport zalining holatini o‘rganib, uni qayta ta’mirlashga va’da bergan. Lekin uning bajarilishi orqaga surilavergan.
Direktor gap orasida mart oyida tuman hokimi kelib, maktab ma’muriyatiga qanday yordam kerakligini so‘ragani, ular esa sport zali muammosini aytishganini ma’lum qildi. Mutasaddilar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan sport zali qayta ta’mirlab berilishini bildirgan. Bu gaplar maktab direktorining sport zali masalasida haligacha tuman xalq ta’limi bo‘limiga rasmiy xat bilan murojaat qilmaganidan darak bermaydimi? Vaholanki, zal yopilganiga sakkiz oy bo‘lgan.
Masala hal-u, ish chigal
Poytaxtga qaytgach, olgan ma’lumot-u to‘plagan faktlarimni ko‘zdan kechirib, ularni o‘rgana boshladim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, “Telegram” orqali direktor Gulnora Qo‘shmatovadan xat keldi. Unda yozishicha, muammo hal bo‘lgan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri direktor yuborgan rasmiy xatni darhol qabul qilib, maktab sport zalini mahalliy budjet hisobidan ta’mirlab berish uchun “Yo‘l xaritasi”ga kirgizibdi.
Bu xabarning qanchalik to‘g‘riligini bilish maqsadida, “Yo‘l xaritasi”dan nusxa yuborishini so‘radim. So‘ragan kunim shanbaligini ro‘kach qilib, direktor hujjatni dushanba kuni yuborishi mumkinligini aytdi. Dushanba kuni kechga yaqin “Yo‘l xaritasi” qo‘limda edi. Ko‘zim tushgan birinchi joy moliyalashtirish manbayi bo‘ldi. Mana shu ma’lumotning o‘zi qanday qilib ikki kun ichida sport zali muammosi hal bo‘ldi, degan gumonimning to‘g‘riligini isbotladi. Yuqorida Gulnora Qo‘shmatova sport zali mahalliy budjet hisobidan ta’mirlanarkan, degan edi. “Yo‘l xaritasi”dagi moliyalashtirish manbayi sifatida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi keltirilgan. Xo‘sh, bu ma’lumotlarning qay biri to‘g‘ri? Vaholanki, jamg‘arma 2017-yili o‘z faoliyatini to‘xtatgan bo‘lib, uning o‘rniga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi qoshidagi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan va uning bugungi kundagi vakolatiga umumta’lim maktablari sport zallarini qurish, qayta qurish hamda ta’mirlash ishlari kirmaydi.
Bu savollarga javob olish uchun Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati bilan bog‘landik. Bir necha kunlik tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, haqiqatan ham “Yo‘l xaritasi”da 5-umumta’lim maktabi sport zalining ta’mirlanishi uchun mablag‘ ajratilgan. Faqat bu Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019-yilning boshida bir yillik “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash jarayonida amalga oshirilgan. Vaziyat yana ham chigallashdi. 2019-yilning boshida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Bekobod tumanidagi 5-maktabning sport zalini ta’mirlashga 1 mlrd 200 ming so‘m ajratiladiyu, nahotki uni tuman xalq ta’lim bo‘limi mudiri, maktab direktori, hattoki tuman hokimi bilmasa?! Yoki bu yerda boshqa gap bormi? Ya’ni “Yo‘l xaritasi”ga ta’mirlash ishlari muddati sitatida 2019-2020-yillar belgilangani uchun mutasaddilar 2020-yilni yoki joriy yilning yoz mavsumini kutishyaptimi? Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ajratilgan pul hozir qaysi hisobraqamda turibdi? Nima uchun mablag‘ bo‘lsa ham ta’mirlash ishlari boshlanmagan, bunga arzirli sabab bormi?
Maqolada keltirilgan holat yuzasidan mutasaddilardan munosabat kutib qolamiz va masala ijobiy hal qilinadi, degan umiddamiz.
Sarvinoz BAHODIROVA,
O‘zDJTU talabasi