Eng yosh xalqaro grossmeyster sharafiga “Javohir Sindorov kubogi” xalqaro turniri tashkil etiladi
Yurtimizda ilk bor o‘zbekistonlik iqtidorli shaxmatchi, 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylangan Javohir Sindorov sharafiga “Javohir Sindorov kubogi” 1-xalqaro turniri tashkil etilmoqda.
Musobaqa shu yilning 15—22-iyul kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da bo‘lib o‘tadi.
“GM-I” shaxmat klubi hamda “Shatranj” Respublika ixtisoslashtirilgan o‘quv-metodik sport markazi hamkorligida o‘tkazilayotgan xalqaro turnirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa qo‘shni davlatlar hamda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan yosh shaxmatchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Musobaqalar “A” guruhida 6—20 yosh, “B” guruhida 6—14 yoshli bolalar o‘rtasida 9 tur davom etadi.
— Ushbu xalqaro musobaqa mamlakatimizda shaxmatni ommalashtirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularning professionallik darajasini oshirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilyapti, — deydi “GM-I” shaxmat klubi rahbari, iste’dodli shaxmatchi va murabbiy Bobur Sattorov. — Mazkur musobaqa respublikamizning turli hududlaridan kelgan yoshlar orasidan Javohir Sindorov kabi mahoratli shaxmatchilarni kashf etishga xizmat qiladi.
Aytish joizki, xalqaro grossmeysterlarni tayyorlashni maqsad qilgan “GM-I” shaxmat klubiga 2018-yilning oktabr oyida asos solingan bo‘lib, o‘tgan qisqa vaqt ichida klub ikki yosh shaxmatchi — xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov va Ortiq Nig‘matovning shaxmatda yuqori natijalarga erishishiga hissa qo‘shdi.
— Klubimiz faoliyatidan maqsad asosan xalqaro grossmeysterlarni tayyorlashdan iborat, — deydi Bobur Sattorov. — Chunki bu borada zarurat katta bo‘lishiga qaramay, boshqa klublarda murabbiylar yoki zarur materiallar yetishmasligi sabab xalqaro grossmeysterlarni tayyorlashning imkoni bo‘lmagan. Vaholanki, bugun mamlakatimizda shaxmat tobora rivojlanib borayotgan bir paytda 33 million aholi orasidan 16 xalqaro grossmeysterning chiqishi juda past ko‘rsatkich. Shu bois biz klubimizdagi Baxtiyor Jumayev, Nurillo O‘rolov kabi sport ustalari, malakali murabbiylar bilan birgalikda shaxmat orqali yurtimiz nomini jahonga tanitadigan yosh xalqaro grossmeysterlar sonini ko‘paytirishga bel bog‘laganmiz.
Bobur Sattorovning o‘zi ham mahoratli shaxmatchilardan. U 10 yoshidan shaxmat taxtasida dona sura boshlagan. 6 yillik mashg‘ulotlardan so‘ng — 2010-yili shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lib, birin-ketin yuqori marralarni zabt etdi. Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bobur Sattorov O‘zbekiston shaxmat ustalari o‘ntaligiga kiritilgan yosh shaxmatchilardan biri hisoblanadi.
Bugun u asos solgan “GM-I” shaxmat klubi faoliyati qahramonimizning o‘zi kabi shaxmat ustalari va xalqaro grossmeysterlarni tayyorlashga asoslangan. Bu yerda o‘quvchilarning aksariyati Osiyo va jahon chempionlari bo‘lishiga qaramay, shaxmatni endigina o‘rganayotgan jajji bolalar uchun ham kichik guruhlar tashkil etilgan. Maqsad — iste’dodlilarni kashf etib, xalqaro grossmeyster darajasigacha olib chiqish. Klubga shaxmatni o‘rganish istagidagi 4 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan sportsevarlar qabul qilinadi. Darslar haftada 3 marta, 1,5 soatdan o‘tiladi.
Klubda bolalarning olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida tez-tez ichki musobaqalar tashkil etiladi. Ammo 15—22-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Javohir Sindorov kubogi” xalqaro turniri keng qamrovli bo‘lib, unda respublikamizning turli hududida yashovchi istalgan shaxmatchi ishtirok etishi mumkin. Xalqaro turnirda qatnashish istagidagi bolalar murabbiyi yoki ota-onasi yordamida shu yilning 1-iyuliga qadar belgilangan badalni to‘laganidan so‘ng ishtirokchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Qiziquvchilar bu haqidagi barcha ma’lumotlarni klubning “gm-i.uz” saytidan olishlari mumkin.
Aytish joizki, ushbu xalqaro turnir bolalarga nafaqat o‘z mahoratini namoyon etish, balki ta’til kunlari bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish imkoniyatini ham beradi. Ishtirokchilarning turnir o‘tkaziladigan “Yoshlar oromgohi”da bir hafta davomida miriqib dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Musobaqadan tashqari vaqtlarda o‘g‘il-qizlar uchun qiziqarli o‘yinlar, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi. Ayniqsa, jazirama issiqda sun’iy suv havzalarida cho‘milish bolalarga bir olam zavq berishi shubhasiz.
Yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 50 million so‘m bo‘lib, musobaqa yakunida g‘oliblar pul mukofoti, diplom va medallar bilan taqdirlanadi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri