Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz yetakchi
Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. 6 ta yosh toifasida bo‘lib o‘tayotgan bahslarda 16 mamlakatdan 186 sportchi o‘zaro g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
Xususan, 20-iyun kuni musobaqaning rapid yo‘nalishidagi bellashuvlarda O‘zbekiston vakillari 5 oltin, 4 kumush va 8 bronza medal bilan umumjamoa hisobida turnir peshqadamiga aylanishdi.
Qiziqarli kechayotgan standart yo‘nalishi musobaqasining 6-turidan so‘ng hamyurtlarimizdan o‘g‘il bolalar bahsida 7 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Akbar Allaberganov 5 ochko,
13 yoshlilar orasida Muhiddin Madaminov 5,5 ochko, 15 yoshlilar bahsida Samandar Shermuhammedov 4,5 ochko bilan 1-o‘rinni egallab turibdi, 17 yoshlilar o‘rtasidagi raqobatda qozog‘istonlik va turkmanistonlik raqiblari bilan teng — 4,5 ochko jamg‘argan Muhammadali Abdurahmonov hozircha qo‘shimcha imkoniyatlar hisobiga 3-o‘rinni band etgan.
Shuningdek, qizlar o‘rtasidagi bahslarda 11 yoshgacha sportchilar o‘rtasida Odina Olimova va Afro‘za Hamdamova 5,5 ochko jamg‘arib 1-, 2- o‘rinlarni egallab turgan bo‘lsa, 13 yoshlilar bahsida Umida Omonova 5,5 ochko bilan va 15 yoshlilar orasida Yuliya Xegay, 17 yoshlilar bellashuvida Ozoda Husayinova o‘z yosh toifalarida birinchi o‘rinni band etib turibdi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, 7, 9 va 11 yoshgacha bo‘lgan sportchilar bahsida musobaqaning 3 nafargacha g‘olibi yoki kumush va bronza medallari sohiblari “Sport ustaligiga nomzod”, “Xalqaro sport ustaligiga nomzod” unvoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, 13, 15 va 17 yoshgacha sportchilar o‘rtasidagi bahslarda g‘olib chiqqan shaxmatchilarga “FIDE ustasi”, “Xalqaro FIDE ustasi” unvonlari, kumush va bronza medal egalariga “Sport ustaligiga nomzod”, “Xalqaro sport ustaligiga nomzod” unvonlari taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun, 2018-yilning 7—15-iyul kunlari Shri-Lankaning Kaluthara shahri mezbonligida o‘tgan musobaqada hamyurtlarimizdan Ruqiya Olimova, Afro‘za Hamdamova, Humoyun Bekmurodov, Davlatbek Mahmudjonov, Abdumalik Abdusalimov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tohir Ne’matov, Umida Omonova, Olmos Rahmatullayev va Sitora Saparova shohsupaning 2-pog‘onasidan o‘rin egallagandi.
Bahodir HASANOV