Sarvinoz Qurbonboyeva: Shaxmat olamiga yo‘l oiladan boshlangan
— Sarvinoz, Boyovutda xalq tili bilan aytganda, “Shaxmatchilar mahallasi”da ulg‘aygansiz. Ammo oiladagi farzandlar orasidan faqat siz professional shaxmatchi bo‘lib yetishdingiz. Bu sport turiga kirib kelishingizga nima turtki bergan?
— Shaxmatga kirib kelishim, asosan, oilaviy muhit bilan bog‘liq. Kichkinaligimda boshqa o‘yinchoqlar o‘rnida shaxmat sipohlari bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. Shundan balki bu sport turiga nisbatan mehrim o‘zgacha bo‘lgandir. Elas-elas eslayman, dadam bo‘sh vaqtlari bo‘ldi deguncha, amakim bilan shaxmat o‘ynab o‘tirishardi. Dadamning aytishlaricha, o‘sha paytlardayoq, bu o‘yinni o‘rganib olgan ekanman. Shunday qilib, 5 yoshimda ushbu sport turi bilan tanisha boshlaganman. Oilada kenja farzandman, akam, opalarim ham shaxmat o‘ynashni bilgan ammo mendagi qiziqish balki yuqoriroq bo‘lganidanmi, dadam men bilan jiddiyroq shug‘ullana boshlagan. Uyimizda shaxmatga oid adabiyotlar ko‘p bo‘lgan. Umuman, xonadonimizda shaxmat muhiti hukmron edi. To‘g‘ri, otamning o‘zi professional shaxmatchi bo‘lmasa-da, uyimizda har xil shaxmat doskalari, adabiyotlar bo‘lardi. O‘sha adabiyotlardan haligacha foydalanaman. O‘sha kitoblardan birinchi Yuriy Averbaxning “Путищестие в шахматное королество” (“Shaxmat qirolligiga sayohat”) kitobini o‘qib tugatganman va shundan keyin hammasi sekin-sekin boshlanib ketdi.
— Birinchi murabbiyingiz otangiz — Karimberdi Jumuqov, keyinchalik, Mamatqul Xaylayev, hozir murabbiyingiz Vladimir Nikolayevich Yegin shundaymi?
— Yo‘q, ayni paytda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi murabbiyi xalqaro grossmeyster Marat Jumayev qo‘l ostida shug‘ullanyapmiz.
— … O‘zingiz ham murabbiysiz. Shundaymi?
— Yo‘q. Ayni paytda murabbiylik faoliyatimda kichik tanaffus yuzaga kelgan. Chunki oldinda ketma-ket musobaqalar bo‘lgani uchun hozir bor e’tiborimni mashg‘ulotlarga qaratganman.
— So‘ramoqchi bo‘lganim, murabbiylik qanday ekan?
— Qiyin… (kuladi). Chunki o‘zingiz o‘ynaganingizda vaziyat qo‘lingizda bo‘ladi. Hammasini o‘zingiz hal qilasiz. Qaysidir ma’noda o‘zingiz uchun o‘zingiz javob berasiz. O‘quvchingiz o‘ynagan paytda esa siz aytgan narsalarni bajarmasligi yoki esidan chiqib qolishi mumkin. (O‘zingizda ham shunday bo‘lgan, lekin esingizdan chiqib ketgan). Shogirdingizning esa har bir yurishi uchun qayg‘urasiz, siqilasiz. Yaxshi tarafi esa uning kichkinagina yutug‘i ham sizning katta yutug‘ingiz bilan teng bo‘larkan. Chunki bergan bilimingiz, sarflagan kuchingiz, mehnatingiz, vaqtingizni oqlab, kichkina natijaga erishsa ham sizga katta kuch bag‘ishlarkan. Hali u qadar ko‘p vaqt murabbiylik qilmagan bo‘lsamda, qisqa muddat ichida shularni his qildim. Angladimki, dadamning shuncha oqargan sochlari bekorga emas ekan. Chunki ham ota bo‘lib, ham murabbiylik qilish katta sabr talab qiladi.
— “Путищестие в шахматное королество” asari haqida gapirdingiz, hayotingizda kitoblarning o‘rni qanday? Umuman, Sarvinoz Qurbonboyevaning hobbilari nima?
— Avvalo kitob o‘qish, keyin musiqa tinglash, sport bilan shug‘ullanish, yana hamma kabi sayr qilishni yaxshi ko‘raman, stol tennisiga qiziqaman. Endi bevosita kitoblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘zimning shaxsiy kutubxonam bor. Hali u qadar katta emas. Shaxmat adabiyotlarini hisoblamaganda, 100 ga yaqin kitobim bor. Bo‘sh vaqtimda ko‘proq kitob o‘qishga harakat qilaman.
Sportchining hayotida shunday vaziyatlar bo‘ladiki, hamma narsa ham siz o‘ylagan darajada bo‘lavermaydi. Hayotda ham shaxmatdagi kabi oq va qora kunlar bo‘ladi. Ba’zan yaxshi natijalarga erishasiz, ba’zida ruhan kuchli bo‘lsangiz-da, o‘sha narsani yengib o‘tib ketishingiz qiyin bo‘ladi. Shunaqa paytlarda faqat kitob o‘qiyman. Uyda ham hech kim xalaqit bermaydi, o‘z holimga qo‘yishadi. Shaxmatga ham qaramayman (kuladi). Shunday payt kitob dunyoqarashingizning o‘sishiga, hayotda ham, shaxmatda ham juda yordam beradi, deb o‘ylayman. Kitob xuddi do‘stimdek bo‘lib qolgan. Chunki bilasiz, sportchilar… Hamma har xil-ku, hayotimda rejimni ushlashga harakat qilaman. Balki shu sabablimi, do‘stlarim ham sanoqli. Shuning uchunmi, hamma bilan ham tez muloqotga kirishib ketolmayman.
— Hayotni shaxmatning oq va qora donalariga o‘xshatdingiz. O‘ynagan partiyalaringiz statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, g‘alabalaringizning ko‘pchiligi oq donalarga to‘g‘ri kelarkan. Bu sizning o‘yinlarda asosan qo‘llaydigan hujumkor taktikangiz bilan bog‘liqmi?
— O‘zi aslida oq donalarda biroz ustunlik bo‘ladi. Chunki ular o‘yinni birinchi bo‘lib boshlaydi. Shunday bo‘lgach, qaysidir ma’noda o‘yin yo‘nalishini tanlash imkoni ham mavjud. To‘g‘ri, qora donalarda ham imkoniyat bo‘ladi. Lekin baribir oqlarda biroz ustunlik bor. Shaxmat tilida aytsam, debyutda menda oqlarga nisbatan qoralarda muammo ko‘proq. Oqlarda ham bor-ku, ammo qoralarga nisbatan ancha yengil. Shuning uchun mag‘lubiyatlarim ko‘proq qora donalarda o‘ynaganimda bo‘lgan.
— Partiyalaringizning ko‘pchiligini kuzatib, tushundimki, o‘yin tizginini qo‘lingizga oldingizmi, bo‘shatmas ekansiz. Lekin Gulruxbegim Tohirjonova bilan o‘yinda 34-yurishgacha ustunlik siz tomonda edi. Keyin-chi, qanday qilib ustunlik raqibangizga o‘tib ketdi?
— Partiyani hali batafsil analiz qilib ko‘rganim yo‘q. Lekin partiya vaqtida o‘ylaganim bo‘yicha, debyutda yaxshi pozitsiya oldim. Bu men uchun qulay joylashuv edi. Shundan keyin musobaqada duch kelgan muammolarimdan biri (bu har bir turda bo‘ldi) — vaqtni noto‘g‘ri sarflash. Ya’ni juda ko‘p partiyalarda raqibimga vaqt bo‘yicha ustunlikni berib qo‘ydim. Juda ko‘p o‘ylandim va deyarli barcha partiyalarda seytnotda o‘ynadim. Yutqazgan va durang o‘ynagan partiyalarimda seytnot payti xato qilish imkoniyatim oshib ketaverdi. O‘sha payti raqibingizda o‘ylash imkoniyati ko‘proq bo‘ladi. Aynan Gulruxbegim bilan o‘ynalgan partiyamda ham bilmadim nima bo‘ldi, vaqtni juda ko‘p sarfladim, mana shu muammoni sezdim. Keyin o‘yin tengroq bo‘ldi. Qoralarda biroz vaqt ustunligi bor edi. Tezroq o‘ynashga majbur bo‘ldim. Keyinchalik o‘yin o‘rtasida pozitsiyamni biroz yaxshiladim-u, vaziyat tenglik atrofida edi. O‘yin oxiridagi qaysidir vaziyatda uning imkoniyatini yetarli baholamadim-da, figuralarimni yaxshi rivojlantira olmadim. Ular siqilib qoldi va o‘sha vaziyatdan chiqib ketolmadim. Shu yerda yo‘l qo‘ygan noaniqligim oqibatida shunday vaziyat yuzaga keldi.
— Faoliyatingizni 2012-yildan beri kuzatib boraman. 2008-, 2009- va 2011-yillarda Nafisa Mo‘minova O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, undan keyin xuddi shuncha marotaba chempion bo‘lgan sportchi sizsiz. Lekin 2016-yildan keyin sizda pasayish kuzatildi. Buning sababi nima?
— Bilmadim, o‘sha payti nima bo‘ldi. O‘zi 2015-yilda eng yuqori reytingimni qayd etganman — 2306. Abu Dabida ham u qadar zo‘r o‘ynadim, deya olmayman. Shundan keyin reyting bali yo‘qotishni boshladim. Aslida reytingga ahamiyat bermaslikka harakat qilaman. Deyarli ahamiyat bermayman ham. Chunki birdaniga 100 punkt tushiraman-da yana ozgina muddat o‘tib, yuqoriga ko‘tarilaman. Eng muhimi, o‘yiningizning o‘sha darajada bo‘lishi. Lekin hozir o‘sha reytingga yaqin bordim. Bundan oldin ham 2299 bo‘ldi, umuman, mana shu atrofda bir pastga, bir tepaga ko‘tarilib 2400 ga bormayapti. Hozir niyatim reytingimni ana shu 2400 gacha ko‘tarish.
— Nafisa Mo‘minova intervyularidan birida: “Hayot ham shaxmat taxtasiga o‘xshaydi. Shaxmat taxtasida ham hayotda bo‘lgani kabi markazni egallashga intilaman. Markaz egallanganda, qanotlarni egallash u qadar qiyin emas”, — degandi. Sizning shaxmatdagi falsafangiz qanday?
— Shaxmatdagi falsafam haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Shaxmatni ham hayotga o‘xshataman. Chunki shaxmat taxtasida ham hayotdagi kabi hech qachon bir tekis partiyalar bo‘lmaydi. Yaxshi vaziyatlar bo‘ladi, yomon vaziyatlar, hech kim shaxmatda hayotdagi kabi bir tekis partiyalarni o‘tkazmaydi. Shaxmatda ham hayotning tezlashtirilgan shaklini ko‘rishimiz mumkin. Chunki, shunday vaziyatlar bo‘ladiki, bo‘ldi yutqazdim, deb tushkunlikka tushib qolganingizda xuddi hayotdagidek, o‘zingizni qo‘lga olib, kuch topib, intilsangiz, doim biror chora topasiz. Hayotda ham xuddi shunday. Bo‘ldi, hammasi tamom, deb qo‘lingizni siltamay, yashashda davom etasiz. Harakat qilasiz, o‘qiysiz, o‘rganasiz, o‘sha xatoyingizni takrorlamaslikka intilasiz. Qaysidir payti o‘ylamay qilingan xato uchun javob berasiz. Shaxmatda ham qaysidir vaziyatda “E-e” deb, bitta yurishni amalga oshirasiz-u, partiyada qilingan shuncha harakatlaringiz hech narsa bo‘lmay qoladi, mag‘lubiyatga uchraysiz. Xuddi shunday, hayotda ham o‘ylanmay qabul qilingan bitta qaror juda ko‘p narsani o‘zgartirib yuboradi.
Shunday ekan, men ham shaxmatda yo‘l qo‘ygan xatolarimni takrorlamaslikka harakat qilaman. To‘g‘ri, hayotda har bir ishni chuqur o‘ylab qilish qiyin-u, baribir qaysidir ma’noda qilayotgan ishingizning keyingi natijasini o‘ylashga harakat qilasiz. Shu tarafdan olib qaralganda, shaxmat ham hayotning kichkina ko‘rinishi, deb o‘ylayman.
— Bu savolga to‘xtalganim, 2017-yilda chess.pw saytida “Miss Euroasia” tanlovida sizning ham nomzodingiz qo‘yilgandi. Bu voqea qanday yuz bergan? O‘zi bu tanlov siz uchun qanchalik ahamiyatli edi?
— Umuman olganda, bu tanlovning men uchun u qadar ahamiyati bo‘lmagan. Shunchaki, ushbu sayt egasi Marat Mulku bilan “Facebook” tarmog‘i orqali tanish edik. U o‘z sahifasida shaxmat yangiliklarini yoritib borardi. Bir kuni shunaqa tanlov o‘tkazilyapti. Avval ham bittasini o‘tkazgandik, qatnashishga rozimisiz, deb so‘radi, rozi bo‘ldim. Keyin rasmingizni jo‘nating deyishgandi, jo‘natdim. Bo‘ldi, shu bilan voqealar rivoji avj olib ketdi. O‘sha payti Hindistondagi musobaqada edim, shuning uchun bunga ortiqcha e’tibor bermadim. Bu inson bilan ham yuzma-yuz tanish emasdim. So‘rashgani uchun “yo‘q” deyolmadim, xolos.
— Bu tanlov orqali ko‘tarilgan shov-shuv faoliyatingizga ta’sir qilmadimi?
— Yo‘q, o‘zim hech qanday o‘zgarishni sezganim yo‘q. Jansaya bilan ham munosabatlarimiz haligacha yaxshi. Musobaqalarda ko‘rishib turamiz. Nimagadir, u bilan ham ko‘pincha durang bo‘ladi. Hech u bilan bu mavzuda gaplashib ham ko‘rmaganmiz. Kim qanday tushunadi, bilmadim. Menga bu tanlovning hech qanday ta’siri bo‘lmagan.
— Juda ko‘pchilik Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarini bilaman. Aksariyatida qandaydir balandparvozlik bordek. Siz ham ushbu mukofot sohibasisiz. Ammo ularga umuman o‘xshamaysiz. Ya’ni, omma nazarida bo‘lishga u qadar xushingiz yo‘q. Buning sababi nimada?
— Xarakterim bilan bog‘liq. Boya ta’kidlaganimdek, diqqat markazida bo‘lishni u qadar yoqtirmayman Balki tanishlaringiz orasida siz aytgan xarakterdagi qizlar ko‘pdir. Ammo men bilgan “zulfiyachi” dugonalarim ichida ham xuddi o‘zimga o‘xshaganlari bor.
— Sarvinoz, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Kelgusi faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman!
Bahodir HASANOV suhbatlashdi.