O‘zbekistonda nega shaxmat musobaqalari kam?
Sportchini, jumladan, shaxmatchini musobaqa toblaydi!
Shu yil yanvarida 12 yosh-u 7 oy-u 17 kunlik bo‘lganida xalqaro grossmeyster normasini bajarib, shaxmat tarixida eng yosh grossmeyster bo‘lganlar ro‘yxatida bizning Javohir Sindorovni 3-o‘ringa tushirib, 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan hindistonlik Gukesh Dommaraju (2006-yili tug‘ilgan) 2017-yil oktyabrda Kuala-Lumpurdagi turnirda ilk bor xalqaro master (IM) talabini bajargandan so‘ng 2019-yil yanvarida Dehli shahrida kechgan xalqaro turnirda uchinchi marta xalqaro grossmeyster normasini bajargunga qadar 13 davlatda o‘tkazilgan 30 ta turnirda 276 o‘yin o‘tkazgan! 15 oy davomida!
Endi qiyoslang: Nodirbek Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov — o‘zbek shaxmati kelajagi deb qaralayotgan iste’dodlarimiz oxirgi bir yil davomida nechtadan shunday nufuzli musobaqada ishtirok etdi? Hech birining ko‘rsatkichi 10 tadan oshmasligi aniq! Chunki xorijda bo‘layotgan kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga na Shaxmat federatsiyasi, na Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bir so‘m ham ajratmaydi!
Ular ota-onalari, yaqinlari hamda ming mashaqqat bilan topgan homiylari yordamida xorijda bo‘layotgan xalqaro musobaqalarga borib, natijaga erishib, reytinglarini yaxshilab borishmoqda. Ular izidan kelayotgan iste’dodli yoshlarimiz-chi? O‘zbekistonda xalqaro musobaqalar kam o‘tkaziladi, xorijga borishga hammaning ham qurbi yetavermaydi. Yilda bir bo‘ladigan bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a va jahon chempionatidagina o‘ynash bu yoshlarning shaxmatchi sifatida yanada o‘sishi, reytingini ko‘tarishi uchun yetarli emas! (Bu yil jahon chempionatiga borishlari ham so‘nggi vaqtgacha so‘roq ostida qoldi. Samarqandlik Guldona Karimova(12 yosh qizlar) va Komron Karimov(10 yosh o‘g‘il bolalar) O‘zbekiston chempioni bo‘lsa-da, borolmayapti!).
“Chess results.com” saytiga kirib “O‘zbekiston” (UZB) tugmachasini bossangiz, mamlakatimizda o‘tgan bir yil davomida sanoqli shaxmat musobaqasi o‘tganiga shohid bo‘lasiz. Shundan 1 tasi yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati, 2 tasi erkaklar va ayollar o‘rtasida Respublika chempionati, qolganlari ham jahon va Osiyo shaxmat federatsiyalari tomonidan o‘tkaziladigan chempionatlar. Shu paytgacha bitta xalqaro turnir (G.A’zamov xotira turniri) respublika shaxmat federatsiyasi tomonidan o‘tkazilardi. So‘nggi ikki yilda “Qarshi open” qo‘shildi bu qatorga. Xo‘sh, bu ko‘pmi, ozmi?
Qayd etilgan saytga kirib, Yevropaning kichkinagina Chexiya Respublikasi (CZE) shaxmat “maydoni”ga nazar tashlaymiz. 29-iyuldan 2-avgustga qadar 4 kunda 20 dan ziyod musobaqa tashkil etilgan. Bir yilda o‘tkazilgan turnirlar soni esa havas qilgulik.
Eh-e, bu Yevropa bo‘lsa, ular bilan tenglashib bo‘ladimi dersiz!
Keling, unda “Chess results”dan qo‘shnimiz, aholisi bizdan deyarli 2 barobar kam bo‘lgan Qozog‘istondagi holat bilan tanishib ko‘raylik. Keyingi 13 kun davomida (19-iyuldan 2-avgustga qadar) bu davlatda 40 dan ortiq musobaqa o‘tkazilgan. Boshqa davlatlarda ham har yili yuzlab turnirlar tashkil etiladi.
Natijada yosh iqtidorli shaxmatchilarimiz xalqaro masterlik, xalqaro grossmeysterlik normalarini xorijiy davlatlarga borib bajarib kelmoqdalar, mahoratlarini oshirish uchun o‘z hisobidan davlatma-davlat kezib yurishga majbur bo‘lmoqdalar.
Shaxmat vatani deya tan olinishga da’vogarlik qilayotgan O‘zbekistonda nega ahvol bunaqa?
Birinchidan, O‘zbekistonda mamlakat chempionatlaridan tashqari ommaviy turnirlar deyarli tashkil etilmaydi. Xorijiy davlatlarda deyarli barcha turnirlar shaxmat klublari tomonidan homiylar hisobidan tashkil etiladi. Bizda esa klublar tomonidan faqat kichik-kichik blits, rapid turnirlari o‘tkaziladi. Xalqaro va Respublika turnirlari o‘tkazishga Federatsiya negadir jon kuydirmaydi.
Ikkinchidan, viloyatlarda reyting musobaqalari deyarli o‘tkazilmaydi(“Toshkent bahori, ...yozi, ...kuzi, ...qishi” — bor-yo‘g‘i 4 ta reyting turniri bor).
Uchinchidan, shaxmat klublari faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, ularga Shaxmat federatsiyasi ko‘magi sezilmaydi. Klublarni moddiy, metodik va tashkiliy ta’minlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
To‘rtinchidan, Respublikada ustoz shaxmatchilar, grossmeysterlarga yetarlicha e’tibor berilmaydi. Natijada ular katta shaxmatga qadam qo‘ygach, Respublikani tark etmoqdalar. Jumladan, Dmitriy Qayumov, Sergey Qayumov, Anton Filipov, Temur Gareyev, Temur Qo‘yboqarov singari xalqaro grossmeysterlar chet davlatlarga ketib qolgan.
Xullas, tijorat turnirlarini ko‘paytirish, homiylarni jalb etish, iqtidorli shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mashg‘ulot o‘tish uchun chet davlatlardan tajribali grossmeysterlarni jalb etish, hududlarda shaxmat musobaqalarini ko‘paytirish, shaxmat klublari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining rolini kuchaytirish lozim.
Husan KARVONLI