Nodirbek 6 ming dollar bilan uyga qaytadi, Rustam esa keyingi bosqichda!
9-sentabr kuni Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahrida shaxmat bo‘yicha “Jahon Kubogi – 2019” bahslariga start berildi. 4-oktabrga qadar davom etadigan turnirda dunyoning 128 nafar saralangan grossmeysterlari ishtirok etmoqda. E’tiborlisi, O‘zbekiston sharafini bu galgi Jahon kubogida Rustam Qosimjonov va musobaqaning eng yosh ishtirokchisi Nobirbek Abdusattorov himoya qilmoqda.
1-bosqichda Rustam Qosimjonov(2657) kanadalik Yevgeniy Bareyev(2643)ni 1.5-05 hisobida mag‘lub etib, Jahon kubogining keyingi bosqichiga yo‘l oldi. Endi Rustam 1/32 final bosqichida ozarboyjonlik Shahriyor Mamadiyorovga qarshi dona suradi.
Nobirbek Abdusattorov (2608) 1-bosqichda mezbon sportchi Maksim Matlakov(2716) bilan bahs yuritdi. Birinchi kungi asosiy 2 partiyada ham tomonlar duranga rozi bo‘lishdi. Bugun, ushbu grossmeysterlar o‘rtasida o‘tkazilgan tay-breyk bahslarining birinchi ushrashuvida ham durang qayd etildi. Ikkinchi bahsda esa tajribali Maksim Matlakov yosh sportchimizni mag‘lubiyatga uchratdi.
— Men avval ham kuchli grossmeysterlar bilan o‘ynaganman, mashhur nomlardan qo‘rqmayman. To‘g‘ri, Jahon Kubogidan chiqib ketdim, ammo bu mening birinchi tajribam, va bundan mamnunman. Tay-breykda xato qildim, ammo kurash teng bo‘ldi. Turnir juda zo‘r tashkillashtirilgan. Sibir iqlimiga qaramay, bu yerda o‘zimni yaxshi his qildim, — deydi Nodirbek Abdusattorov .
Shuni aytib o‘tish joizki, M.Matlakov ayni damda 2716 reyting bali bilan jahonning eng kuchli 100 shaxmatchilari ro‘yxatida 33-o‘rinda turibdi. N.Abdusattorovdan reyting bo‘yicha 108 punkt yuqori o‘rinda.
Shunday bo‘lsa-da, Nodirbek 1-bosqichdagi ishtiroki uchun 6000 AQSh dollari miqdorida gonorar oladi. 15 yoshida Jahon kubogi musobaqasida ishtirok etishning o‘zi ham ulkan muvaffaqiyat! O‘zbek shaxmati tarixida yangi sahifa bu!
Keyingi musobaqalarda yosh grossmeysterimizga omad tilab qolamiz!
Sherali NAMOZOV