Tadbirkor maktabga futbol maydoni qurib berdi
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 9-umumta’lim maktabida 552 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Maktab o‘quvchilarining sportga qiziqishi baland.
Mazkur ta’lim maskanida bir necha yillardan buyon sportning basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, yengil atletika, stol tennisi singari o‘nga yaqin turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritib keladi. Prezidentimizning yoshlarning kamoli va istiqboliga qaratilgan besh muhim tashabbusi asosida to‘garaklar soni shaxmat, futbol mashg‘ulotlari bilan yanada boyidi.
Mazkur ilm maskanida saboq olgan tadbirkor, To‘raqo‘rg‘on futbol maktabi asoschilaridan biri Zokirjon Ahmadaliyev 200 million so‘mga yaqin o‘z mablag‘i hisobidan o‘quvchilar uchun sun’iy qoplamali futbol maydoni qurib berdi. Bu haqda Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
— Shu maktabda saboq olganman, — deydi tadbirkor. — Farzandlarimiz ham shu dargohda o‘qishdi, endilikda nabiralarimiz tahsil olishmoqda. Yoshlarning sog‘lom, har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi biz kattalar uchun juda muhim hisoblanadi. O‘zini kelajakka daxldor deb bilgan inson borki, farzandlarining yetuk kamol topishiga hissa qo‘shishi kerak. O‘quvchilarga ushbu stadionni tuhfa etish orqali oldimga qo‘ygan ezgu maqsadimga erishdim.
To‘raqo‘rg‘onda mustahkam poydevorga ega bo‘lgan futbol maktabi mavjud. Ayni paytda faoliyat olib borayotgan “Odil junior” futbol maktabining odimlari ham shunga hamohang bo‘lib, mazkur maktab Ispaniya, Germaniyadagi mashhur klublar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ispaniyaning “Atletiko Madrid” klubi o‘yinchisi Kiko maktabga tashrif buyurib, bo‘lajak futbolchilarning mashg‘ulotlarini kuzatgan, o‘z tavsiyalarini bergan. Shu yilning noyabr oyida Italiyadan murabbiy va mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Xorijlik mutaxassislar hamrohligida 2010 yilda tug‘ilgan o‘smirlar ham tashrif buyurishadi. Ular bilan To‘raqo‘rg‘on futbol maktabi o‘quvchilari o‘rtasida turnir o‘tkazish rejalashtirilgan.
Kuni kecha foydalanishga topshirilgan va ochilish marosimi katta sport bayramiga aylanib ketgan yangi futbol maydonidagi mashg‘ulotlarda o‘quvchilar toblanishmoqda. Yoshlarga bo‘lgan bu kabi e’tibor kelajagimiz egalarining sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirib, ular orasidan chempionlar yetishib chiqishiga xizmat qilmoqda.