Suv sporti turlari jadal rivojlanmoqda
Shu yilning 17 – 26-avgust kunlari Vengriyaning Seget shahrida suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi. Parakanoe musobaqalarida munosib ishtirok etgan Toshkent shahar suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘quvchilari — Shahnoza Mirzayeva 1-, Hayitmurod Sherqo‘ziyev 4-o‘rinni egallab, 2020-yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan paralimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Keyinroq, 21-sentabrdan 4-oktabrga qadar Hindistonning Banglador shahrida yosh toifalari o‘rtasida suv sporti turlari bo‘yicha o‘tkazilgan X Osiyo chempionatida ham maktabning bir qator o‘quvchilari — Ziyoda Toshxo‘jayeva va Anna Vashenko (duet, kumush medal), Kseniya Prokofyeva va Sabina Mahmudova (duet, bronza medal), Sofiya Garusova va Aleksey Savelev(sinxron suzishning miks-duet yo‘nalishida, bronza)lar faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
Bugun suv sporti turlarida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan ana shunday yosh chempionlarni tarbilayotgan Toshkent shahar suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. 1996-yili sport majmuasi tarzida ochilgan ushbu maskan 2016-yildan bolalar-o‘smirlar sport maktabi sifatida faoliyat yurita boshladi. Hozir maktabda 7 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 541 nafar bola suv sportining 5 yo‘nalishi — suzish, suv polosi, sinxron suzish baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda slalomda eshkak eshish mashg‘ulotlariga muntazam qatnab, tajribali murabbiylardan saboq olmoqda.
— Suv sporti birinchi navbatda salomatlik uchun juda foydali, — deydi 7 yoshidan suzishni boshlab, 15 yoshida suv polosiga o‘tgan sport ustasi, katta metodist Mirsodiq Yodgorov. — Sportning bu turi qomatni to‘g‘ri rivojlantirib, umurtqa pog‘onasidagi muammolarni bartaraf etishda samarali ta’sirga ega. U shuningdek, immunitetni oshirish orqali mavsumiy kasalliklarning oldini olishga ko‘maklashadi. Yurak faoliyati va mushaklar harakatini mustahkamlaydi. Shu bois bola suv sporti turlari bilan shug‘ullanishni qancha erta boshlasa, shuncha tez chiniqib boradi.
Sport maktabiga bolalar asosan 7 yoshdan qabul qilinadi. Murabbiylarning aytishicha, suzish bilan shug‘ullanish uchun bu eng ma’qul yosh bo‘lib, unda bola o‘z harakatlari va berilgan vazifalarni mustaqil amalga oshira oladi. Qizlar qomati shakllanishida foydali hisoblangan sinxron suzishga 5-6 yoshdan qabul qilinadi. Suv polosi bilan suzishni biladigan bolalar 10 yoshdan shug‘ullanishi mumkin. Baydarka va kanoeda eshkak eshish va slalomda eshkak eshish biroz murakkab bo‘lgani bois unga 12-13 yoshdagi o‘g‘il-qizlar olinadi.
Sport maktabi direktori Luiza Hikmatova boshchiligida mahallalar, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quvchilar tanlab olinadi. Har yili sentabr oyida murabbiylar maktab va bog‘chalarga borib, suzishga qiziqadigan bolalarni mashg‘ulotlarga taklif etadi. So‘ng belgilangan aniq vaqtda saralash imtihoni o‘tkaziladi. Unda bolalarga suvda turli mashqlarni bajarish topshirig‘i beriladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, eng kamida ikkinchi o‘smirlar toifasini bajara olgan iqtidorli bolalar boshlang‘ich guruhlarga qabul qilinadi. Ular keyinchalik tajribali trenerlar qo‘l ostida sport musobaqalariga tayyorlanadi. Yetarlicha qobiliyatga ega bo‘lmagan, ammo suzishga ishtiyoqi baland bolalar uchun esa sog‘lomlashtirish guruhlari tashkil etilgan. Ularda murabbiylar mashg‘ulotlarni bo‘sh vaqtlarida, pulli xizmat asosida olib boradi.
Maktabda mashg‘ulotlar sportchilarning toifasiga qarab 1,5 soatdan 4-5 soatgacha davom etadi. Barcha sport turlari kabi suzish mashg‘ulotlari ham kirish, asosiy va yakunlovchi qismlarga bo‘linadi. Mashg‘ulotlar avval tanani qizdiruvchi badantarbiya mashqlaridan boshlanib, so‘ng asosiy mashqlarga o‘tiladi.
Sport maktabida ikkita suv havzasi bo‘lib, ularda suzish va sinxron suzish mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Maktabga qarashli zamonaviy ko‘rinishga ega “Sebzor” va “Sag‘bon” suzish havzalari ham sportchilar ixtiyorida. Baydarka va kanoeda eshkak eshuvchilar mashg‘uloti Anhor kanalida olib boriladi. Bu yer asosiy baza bo‘lgani bois Toshkent shahridagi barcha bolalar-o‘smirlar sport maktablari sportchilarini uchratish mumkin. Slalomda eshkak eshish mashg‘ulotlari esa Beshyog‘ochdagi Bo‘zsuv kanalida o‘tkaziladi. Ammo murabbiylarning aytishicha, har ikkala bazada ham, afsuski, zarur sharoitlar yaratilmagan. Bu yerlarda kiyinish va yuvinish xonalarining yo‘qligi qishning sovuq kunlari bolalarga qator qiyinchiliklar tug‘diradi. Sport maktabi ma’muriyati bu masalada ko‘p marta tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan, biroq hanuz ular tomonidan hech qanday amaliy yordam ko‘rsatilmadi.
Shunga qaramay, yosh sportchilar suv sporti turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan yirik xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Maktab o‘quvchilarining aksariyati Osiyo, jahon chempionatlari qatnashchi va sovrindorlari hisoblanadi. Sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibi ham Toshkent shahar suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi sportchilaridir.
— 5 yildan buyon baydarka va kanoeda eshkak eshish bilan shug‘ullanaman, — deydi parakanoe bo‘yicha jahon chempioni, sport maktabi o‘quvchisi Shahnoza Mirzayeva. — Murabbiyim Artyom Karmeyev juda tajribali sportchi, o‘z ishining ustasi. Uning o‘gitlari, aniq va tushunarli saboqlari tufayli qisqa vaqt ichida qator musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, shohsupaga ko‘tarildim. Hatto, parakanoe bo‘yicha jahon chempioni ham bo‘ldim. Bugun qo‘lga kiritgan barcha yutuqlarim uchun maktabimizning fidoyi va jonkuyar murabbiylaridan minnatdorman.
Maktabda sportchi-o‘quvchilarning o‘z mahoratini oshirib borishi uchun ichki musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Xalqaro turnirlarda ishtirok etadigan sportchilar aynan mana shu musobaqalar orqali saralanadi. Shuningdek, xalqimiz orasida suv sporti turlarini ommalashtirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishni maqsad qilgan sport maktabi bayram sanalari munosabati bilan tashkil etiladigan suzish musobaqalariga o‘quvchi-sportchilardan tashqari, boshqa soha vakillarini ham jalb etmoqda. 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni hamda 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan turnirlar shular jumlasidan.
Ayniqsa, shu yilning yoz faslida imkoniyati cheklangan insonlar uchun tashkil etilgan “Sukunat asirlari” nomli tadbir barchada katta taassurot qoldirdi. Shu kuni imkoniyati cheklangan insonlar (kar-soqovlar) o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat, shashka musobaqalaridan so‘ng sport maktabiga ular uchun o‘rnatilgan maxsus planshet namoyish etildi. Onlayn tarzda ishlab, imkoniyati cheklanganlar uchun surdotarjimon vazifasini bajaradigan ushbu planshetning sport maktabiga o‘rnatilishi o‘ziga xos yangilik bo‘ldi, deyish mumkin. Tez kunlarda sport maktabida kar-soqovlar uchun alohida guruhlar ochish ham rejalashtirilgan. Hozir bunday toifali insonlar bilan ish olib boradigan trenerlar tayyorlanyapti.
Bugun sport maktabi erishayotgan asosiy yutuqlar zamirida ustoz-shogird an’anasi yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yerda yosh trenerlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ular tajribali murabbiylarga biriktirilib, jamoa bo‘lib ishlashi asnosida o‘z malakasini oshirib boradi. Hozir sport maktabida 34 murabbiy bo‘lib, aksariyati yoshlardir. Ular nafaqat murabbiy, balki sportchi sifatida ham o‘z faoliyatini davom ettirib, mamlakatimizda suv sportini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida sport maktabining ana shunday fidoyilaridan bir qatori mukofotlandi. Xususan, Toshkent shahar suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Luiza Hikmatova, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Valeriy Muratkin, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha trener-o‘qituvchi Artyom Karmeyev “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Sog‘lom avlod va bo‘lajak chempionlarni tarbiyalashda tolmay mehnat qilayotgan sport maktabi jamoasiga bundan-da yuqori zafarlar yor bo‘lishi hamda suv sporti turlari orqali O‘zbekiston nomini jahonga yoyishda doim yetakchi bo‘lishlarini tilab qolamiz.
Iroda TOSHMATOVA