Universiada: Stol tennisi bahslariga start berildi
Uchtepa tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabida talabalar o‘rtasida Universiada sport musobaqasining stol tennisi bo‘yicha final bosqichiga start berildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari hamda bir qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan musobaqada mamlakatimizning barcha hududidan 14 jamoa tarkibida 56 sportchi-talaba g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
Musobaqaning birinchi kunida tennischilar jamoaviy bahslarda raqobatlashmoqda. Unda Jizzax, Samarqand, Namangan va Qoraqalpog‘iston jamoalari ustunlik qilmoqda.
– Universiadani yuqori saviyada o‘tkazish uchun ishtirokchilarga barcha sharoitlarni yaratib berdik. Shuningdek, musobaqalar adolatli o‘tishi uchun oliy toifali hakamlarni saralaganmiz. Universiadaning har bir yo‘nalishini sport mutaxassislari kuzatib bormoqda. Ushbu sport musobaqasi yangi nomlarni kashf etishga yordam beradi, – dedi mamlakatimiz stol tennisi federatsiyasi raisi Saida Mahmudova.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari 6-fevral kuni aniqlanadi.