“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”ga malaka toifasi cheklanmagan muddatga beriladi
Hukumat qarori bilan Sport-taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilari va yoʻriqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali maʼlum qildi.
Unga koʻra, davlat xizmati DXMlar yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan koʻrsatiladi.
Trener-oʻqituvchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi:
— ikkinchi toifali trener;
— birinchi toifali trener;
— oliy toifali trener.
Yoʻriqchi-uslubchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi:
— ikkinchi toifali yoʻriqchi-uslubchi;
— birinchi toifali yoʻriqchi-uslubchi;
— oliy toifali yoʻriqchi-uslubchi.
Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun quyidagi miqdorda toʻlovlar undiriladi:
— ariza koʻrib chiqish uchun – BHMning 10 foizi (22 300 soʻm) miqdorida;
— malaka komissiyasini oʻtkazish uchun – BHMning 1 baravari (223 000 soʻm) miqdorida.
Davlat xizmatini olish uchun YAIDXP orqali murojaat qilinganda koʻrsatilgan toʻlovlar summasining 90 foizi undiriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi”, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi“ unvoniga, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy darajaga ega boʻlgan shaxslar haq toʻlashdan ozod etiladi.
Malaka toifalari 5 yil muddatga beriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” unvoniga ega boʻlgan shaxslarga malaka toifalari cheklanmagan muddatga beriladi.
Mazkur reglament “Xalqaro toifali trener“ malaka toifasini berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.