Chekka qishloq maktabida zamonaviy sport zali foydalanishga topshirildi
Har bir insonning muazzam tonglardan umidi katta bo‘ladi. Kishilar ufqning oltin ranglarida ko‘ngilga yorug‘ umidlar solib uyg‘ongan bobo quyoshning taftida isinishni, g‘uncha orzularining gul-gul yashnashini, ko‘p yillik armonlar ro‘yobga chiqishini intiqlik bilan kutgani kabi, biz ham bugungi kunni uzoq kutgan edik.
Ustozlar, ona-onalar, o‘quvchilarimiz... hammamiz!
Chekka bir qishloq maktabida zamonaviy sport zalining qad rostlashi muhtaram Yurtboshimizning sportsevar yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborining namunasi sifatida e’tirof etildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida atigi 3 yilcha faoliyat olib borgan bo‘lsalarda asrlarga afsona bo‘lishga loyiq bunyodkorlik ishlarining boshida turgan, kattaqo‘rg‘onliklarga kamarbasta, yelkadosh, joyi kelganda otalarcha qattiqqo‘l, bobolarcha mehr-muruvvatli, diniy va dunyoviy bilimi, teran tafakkuri, nihoyatda ma’rifatli ekanligi bilan katta-yu kichikning ko‘ngliga yo‘l topgan, "Fidokorona mehnatlari uchun" ordeni sohibi rahmatli A’zamxon Baxramovning tashabbuslari bilan qurilishi boshlangan maktab sport zali bugun o‘quvchilarimiz ixtiyoriga topshirildi.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi v.v.b Qilichbek Xudoyberdiyev, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Kamoliddin Achilov va targ‘ibot guruhi rahbari Ulug‘bek Sherbekovlar alvon lentani kesib, sport zalining ramziy kalitni qo‘limizga tutqazishdi. Mazkur binoning har tomonlama chiroyli va shinam bo‘lib qad rostlashida "Zarafshon-universal grand" qurilish tashkiloti rahbari Alisher Mustafoqulov boshchiligidagi quruvchi yigitlarning mehnati alohida e’tirofga loyiq. Ularga maktab jamoasi va o‘quvchilarning ota-onalari nomidan rahmat aytamiz.
Bayram bayramlarga ulashdi. Viloyat targ‘ibot guruh rahbarligida Yangiobod mahallasidagi o‘tkazilgan "Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash" ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari 28-umumta’lim maktabida bayramona ruh, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. O‘tkazilgan tadbirda targ‘ibot guruhi rahbari, Samarqand tibbiyot instituti xirurgiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Ulug‘bek Sherbekov, A.Majidiy nomidagi Kattaqo‘rg‘on drama teatri aktyori Zuhriddin Yangiboyev, Barkamol avlod bolalar maktabi to‘garak rahbari, shoira Gulhayo Anorova, tuman madaniyat bo‘limi umidli xonandasi Obidjon Komilovlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida 5 tashabbus bo‘yicha kitobxon o‘quvchilar o‘rtasida she’rxonlik tashkil etilib, sportning shaxmat-shashka, stol tennisi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Yosh karatechilar esa ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etishdi.
AKTni o‘rganib, onlayin test yechayotgan, programmalashni o‘zlashtirib olayotgan o‘quvchilar sonining ko‘payayotgani, musiqa yo‘nalishiga havasmand o‘quvchilarimiz mumtoz ashulalar aytib, raqs san’ati sirlaridan boxabar bo‘lishayotgani ularning amaliy natijalarida yaqqol ko‘rindi. 28-umumta’lim maktab o‘quvchilari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarning ko‘ngil uyiga bir olam zavq bag‘ishladi. Ona O‘zbekistonimizda olib borilayotgan ulkan islohotlar haqidagi video lavhalar katta ekranda namoyish etildi.
Maktabimizning musiqa o‘qituvchisi, iqtidorli san’atkor Muzaffar Bo‘riyev va musiqa to‘garagi a’zolari "O‘zbekiston Vatanim manim" qo‘shiqlar tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi Xumoyun Ne’matullayev hamda umidli yoshlarimizdan biri Ozodbek Najmiddinovlar tomonidan aytilgan ashulalarga tadbirda ishtirok etayotgan katta-yu kichik birdek raqsga tushdi.
Qolaversa, iqtidorli o‘quvchilarimiz tomonidan kuylangan ijod namunalari va ijro etilgan raqslar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Aziza Boymuradova