Xorazmlik birinchi grossmeyster
“Xorazmliklar aniq fanlardan zo‘r. Shaxmatdan ham” degan gapni ko‘p eshitganman. Haqiqatan, Al-Xorazmiy avlodlari aniq fanlar bo‘yicha mamlakatimizda oldingi o‘rinlarda. Lekin Nodirbek Yoqubboyevgacha xalqaro darajada tan olingan kuchli shaxmatchi chiqmagan Xorazmdan. Nodirbek xalqaro grossmeyster unvoniga erishgan xorazmlik birinchi shaxmatchi.
Murodbek Iskandarov, otasi va birinchi murabbiyi:
“Talabalikda paxta terimiga borardik. O‘rtoqlarim shaxmat o‘ynab o‘tirardi. Qiziqib qoldim. 1-2 yil ichida viloyat chempioni bo‘ldim. Oldin faqat shashka o‘ynardim. Maktab paytlari yaxshi o‘ynardim shashkani. Tuman, viloyat musobaqalarida qatnashganman. Shashka bilan ham, shaxmat bilan ham unday berilib shug‘ullanmaganman. Chunki matematikaga ko‘proq qiziqardim. Olimpiadalarga ham borganman. 1992-yili 10-sinfligimda respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni olganman. O‘qishni bitirgandan keyin ishga kirdim. Shaxmatni tashlab qo‘ydim. Yosh o‘tgandan keyin o‘xshamaydi-ku baribir. Keyin bolalarimni shaxmatchi qilaman deb ahd qildim. Baribir shaxmatni yaxshi ko‘rardim. Agar besh-olti yoshimda o‘rganganimda jiddiy natijalarga erisharmidim, deb o‘ylab qolaman”.
Nodirbek:
“5 yoshlarimda otam shaxmatni o‘rgatgan bo‘lsa, 6 yoshimdan musobaqalarda, 7 yoshimdan Respublika chempionatida qatnasha boshlaganman. 8-9 yoshlarimda ruscha shaxmat kitoblarni o‘qib, zo‘r grossmeysterlarning o‘yinlarini, partiyalar sharhini, shaxmat nazariyasini o‘rgana boshlaganman.
Birinchi murabbiyim – otam. Keyin Ruslan Niyozmetov bilan 2 yildan ortiqroq shug‘ullandik. Hulkar Tohirjonova, Nafisa Mo‘minova bilan ishladik. 1 yilcha Marat Jumayev saboqlarini oldim. Terma jamoalarda qisqa vaqt Vladimir Yegin, Nikita Xoroshev, Tohir Vohidov, Saidali Yo‘ldoshev mashg‘ulotlarida qatnashdim. O‘zing bilasan, sezasan-ku, shaxmatchi sifatida eng ko‘p o‘sishga Marat Jumayev bilan ishlaganda erishdim, deb o‘ylayman. Rustam Qosimjonov qo‘lida shug‘ullanishni xohlayman”.
Murodbek Iskandarov:
“Nodirbek yoshligida dim sho‘x edi. Tomlarga chiqib ketarmidi-yay. Shunda rahmatli otam “buning nimasidir bor” degandi. Unga o‘qishni ham birov o‘rgatmagan. Otam o‘qituvchi bo‘lgani uchun ko‘p vaqt gazeta o‘qib o‘tirardi. Shunda Nodirbek yoniga borib, gazetalarning nomi bo‘ladi-ku, masalan, “O‘zbekiston ovozi” deb katta qilib yozib qo‘yiladi. O‘shalarni ko‘rsatib “nima bu?” deb so‘rardi. “Bular harflar, yoziladi, o‘qiladi” derdi otam. Nodirbek bu nima, bu nima, deb so‘rab o‘shandan o‘qishni o‘rganib ketgan. Maktabga chiqqanida o‘zi o‘qish, yozishni to‘liq o‘rganib bo‘lgan edi”.
Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Javohir Sindorov!
O‘zbek shaxmatida shu paytgacha bu to‘rt o‘g‘lon singari bir davrda maktabda o‘qiyotgan paytiyoq xalqaro grossmeyster darajasigacha chiqqan shaxmatchilar bo‘lmagan. 2018-yili asosini shu yigitlar tashkil qilgan o‘smirlar terma jamoamiz 16 yoshgacha o‘smirlar jahon shaxmat olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Nodirbek viloyatda yashagani uchunmi, “oltin avlod”dagi qurdoshlaridan kamroq xalqaro musobaqaga boradi. Ulardan keyinroq xalqaro grossmeyster talabini bajardi. Televideniye, matbuotga ham ulardan kamroq chiqqan.
Nodirbek:
“Xorijda, masalan, Hindistonda reytingi 2300 dan oshgan har bir shaxmatchining homiysi bor. Homiylar shaxmatchining faqat shaxmat bilan shug‘ullanishi, xalqaro turnirlarda ishtiroki, umuman shaxmatchi sifatida o‘sishi uchun barcha sharoitni yaratib berishadi. Shuning uchun ham so‘nggi yillarda Hindiston dunyo shaxmatida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda”.
Murodbek Iskandarov:
“Homiy yo‘qligi sababli Nodirbek xalqaro grossmeysterlikka kechroq erishdi. 15 yoshgacha grossmeysterlik turnirlariga bormagan. Imkoniyatimiz yetmagan. Agar bizda ham Hindistondagidek, Rossiyadagidek imkoniyatlar bo‘lganida 11–12 yoshidayoq grossmeyster bo‘lardi. Homiy masalasi hali ham hal bo‘lgani yo‘q. Murabbiy masalasi homiydanam ko‘ra muhimroq. Agar tajribali, yaxshi bir murabbiy bilan shug‘ullanganida hozirgi 18 yoshida reytingi 2700 dan oshishi kerak edi. Endi 2600 dan oshdi.
O‘zingiz bilasiz, rozg‘ordan orttirib u narsalarni qilish ancha qiyin-da. Ba’zan qarz bo‘lib qolasiz, ungacha yana musobaqa chiqib qoladi. Endi, bir-ikki musobaqalarga yubordim, lekin baribir kamlik qildi. Nodirbekning o‘zi aytadi: “Agar Kasparovga o‘xshagan bir odam bilan shug‘ullansam bemalol kuchli o‘ntalikka kira olaman 3-4 yil ichida”.
“Oltin avlod” qurdoshlari haqida
Nodirbek:
“Birinchi marta 2017-yili chiqqanman xalqaro musobaqaga. Ungacha imkoniyat bo‘lmagan. Chigorin xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda, Sankt-Peterburgda, blits yo‘nalishida 1-o‘rinni oldim o‘shanda.
Bizda, shaxsan menda piar masalasida kamchiliklar bor. Buyam kerak aslida. Homiylar jalb qilish uchun, masalan. Bu borada Javohir bizga o‘rnak. Javohirning bir o‘yini chiqsa, hammani yanchib tashlaydi. O‘yini chiqmasa, juda bo‘sh o‘ynaydi.
Shamsiddin ko‘proq jismoniy taraflama kamchiligi bor, uzoq davom etadigan musobaqalarda bu seziladi. Og‘ir, bosiq, qancha hazil qilsa ko‘taradi. Yaxshi do‘st, hamroh bo‘lishi mumkin!
Nodirbekning esa o‘yinlariga biroz keskinlik yetishmaydi, asosan soddaroq vaziyatlarga intiladi. Qiziqqonroq, hazilni uncha ko‘tarmaydi. Hamma narsada birinchi bo‘lishni istaydi. Ko‘p bor futbol, stol tennisi o‘ynaganmiz. Har doim agressivligi bilan esimda qoladi”.
Murodbek Iskandarov:
“Nilufar bilan Nodirbekning orasi bir yarim yosh. To‘ng‘ich farzand bo‘shroq bo‘ladi, degan gap to‘g‘ri shekilli, Nilufar bolaligida juda nimjon edi. Maktab bizga uzoq, mashinada olib borib, olib kelsak ham baribir bir xil payt o‘zi qaytishiga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun oyim rahmatli 7 yoshga to‘lganida maktabga bermasdan, keyinroq borsa ham bo‘ladi degan. 2008-yili Nodirbek olti yoshga to‘lganda ikkalasini bir sinfga berdik. Borib kelishiga yaxshi, ham bir-biriga qarab yuradi deb. Hozir ikkalasi ham O‘zMU matematika fakulteti ikkinchi kursida o‘qiyapti. Ikkovi shaxmatni teng o‘rgandi. Ilgarilari Nilufarning natijalari Nodirbekka nisbatan pastroq edi. Oxirgi ikki-uch yilda yaxshi o‘zgarish bo‘ldi. Nilufarga aniq vazifa qo‘yganman: Xudo xohlasa, grossmeysterlik darajasiga erishadi.
Otam Hazorasp tumanidagi 5-maktab direktori bo‘lgan hamda ona tili va adabiyotdan dars bergan. Oilada 3 o‘g‘il, 3 qiz ulg‘ayganmiz, men eng kenjasi.
Nodirbekning ikki ukasi ham shug‘ullanyapti. Akbar O‘zbekiston chempioni ham bo‘ldi shu yil. Futbolni ham yaxshi o‘ynaydi, shaxmat u uchun ikkinchi darajali. Ko‘chada ikki-uch yosh katta bolalar biz bilan o‘ynaysan deb olib ketishadi. O‘zim ham bir-ikki marta ko‘rdim. To‘p bilan muomalasi yaxshi. Uni futbolga berishim kerak edi. Biz taraflarda kuchli futbol maktabi yo‘q. Jiddiy ishlaydigan murabbiy bo‘lganda edi... Kenjamiz dangasaroq. Shaxmatni biladi, lekin bir marta yutqazsa, o‘ynamayman deb ketib qoladi”.
Murabbiylar Nodirbek haqida
Saidali Yo‘ldoshev:
“Nodirbek juda talantli shaxmatchi. Doim o‘z ustida ishlaydi, kamchiliklarini topadi va shunday xatolarni keyinchalik qilmaydi. Shaxmatni tushunishi juda yuqori darajada. Uning uslubini Aronyan uslubiga o‘xshataman. Debyutning har qanday variantini o‘ynashi mumkin, kayfiyatiga qarab. Misol uchun, yaqinda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasidagi xalqaro onlayn turnirda kuchli Xitoy shaxmatchisiga qarshi o‘yinda birinchi yurishi kutilmagan f4 bo‘ldi va yakunda partiyani yutdi.
Albatta, hali ochilmagan imkoniyati ko‘p. O‘sadi yana. Reytingi 2650 dan oshishi kerak. Buning uchun o‘zining ustida rosa ishlashi kerak bo‘ladi. Yaxshi, kuchli turnirlarda qatnashishi shart. Jismoniy va psixologik tarafdan ham tayyorgarligini bir maromda ushlashi kerak”.
Tohir Vohidov:
“Nodirbek 3-4 soat davom etadigan mashg‘ulotlarda aslo charchamaydi. Ishtiyoqi kuchli.
Berilgan vazifani bajarishdan tashqari yana o‘zi biron narsani ko‘rib kelib aytardi. Guruhimdagi boshqa bolalardan shunisi bilan ajralib turardi. Boshqalarni majbur qilasiz uni ko‘r, buni ko‘r deb. U esa topshirilgan vazifani ikki baravar qilib bajarardi.
Tarbiyali bola. Yulduzlik kasaliga chalinmagan, muomala madaniyati yuksak darajada. Shuning uchun uni hamma hurmat qiladi.
Nodirbek potentsiali bor, iqtidorli shaxmatchi. Endi yana o‘sishi uchun sharoit kerak. Hamma biladi: birinchidan, mablag‘, ikkinchidan kuchli murabbiy zarur. Hozir terma jamoada Saidali bilan shug‘ullanyapti. Undan tashqari, terma jamoa a’zolarining har biriga alohida kuchli murabbiy zarur. Lekin kuchli murabbiylar xizmati qimmat turadi...
Agar homiylar jalb qilinib, yetarli sharoit yaratib berilmasa, O‘zbekistondagi hozirgi sharoitda, qancha iste’dodli bo‘lmasin, bu bolalar reytingi 2600 baldan oshishi mumkin-u, 2700 ga yetishi qiyin. Bizda iste’dodli bolalar ko‘p. Ammo shu muammo tufayli ko‘pi to‘xtab qolayapti, afsus”.
Husan KARVONLI