Yoshlar Olimpiadasi sari ilk qadam
Joriy yilning 19-21-fevral kunlari Samarqand shahrida sportning an’anaviy Ushu turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada viloyatlardan saralab olingan chempionlar O‘zbekiston chempionligi uchun o‘zaro bellashishdi.
Musobaqada, murabbiy Samandar Xolbekov qo‘l ostida shug‘ullanib kelayotgan tumanimiz yoshlari ham ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Eng quvonarlisi shundaki, Arnasoy tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 13-sonli umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Amonov Jahongir 55 kg vazn toifasida ishtirok etdi va barcha raqiblarini mag‘lub etib, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi va 2022-yilda Indoneziya davlatida bo‘lib o‘tadigan Yoshlar olimpiadasida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida sportchilarga yaqindan yordam bergan sektor rahbarlari Jizzax viloyat Davlat soliq qo‘mitasi rahbari Begzod Toshpo‘latov va Arnasoy tuman 4-sektor rahbari, tuman Davlat soliq qo‘mitasi rahbari Ҳusniddin Umurovlar ham ushu assosatsiyasi Prezidentining maxsus tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Shu o‘rinda murabbiy Samandar Xolbekov va sportchi Amonov Jahongirlarga Yoshlar olimpiadasida omad va zafarlar tilab qolamiz.
Botir ShARIPOV, Arnasoy tumandagi 13-maktabi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi