Federatsiyaning muammolari ko‘plab chempionlarni yarim yo‘lda “sindiryapti”
Oilamiz sportga doim o‘zgacha munosabatda bo‘lgan. Uch farzandim suv sporti shaydosi. Hamma muammo qizlarim sport bilan professional darajada shug‘ullana boshlagach boshlandi. Bir narsani aniq aytishim mumkinki, yurtimizda sportchi bo‘lish qiyin.
2013-yilda to‘rt sport turi — suzish, suv polosi, sinxron suzish va suvga sho‘ng‘ish bo‘yicha yangi federatsiya tashkil etildi. Ammo hozirgacha ushbu yo‘nalishning o‘z sport bazasi yo‘q. Bu esa shu yo‘nalishlar bo‘yicha shug‘ullanayotgan sportchilarning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Eng achinarlisi, har bir tur bo‘yicha tibbiyot xodimlari — malakali shifokorlar, massaj terapevtlari, psixologlar yetarli emas.
Natijada bugungi kunda ko‘plab sportchilar erishgan natijalar yo‘qqa chiqyapti. Bu qachongacha davom etadi, hech kim bilmaydi. Murabbiylar tez-tez o‘zgarib turadi, ammo rahbariyat o‘zgarishsiz qolmoqda.
Mamlakatimizda 2021-yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi. Prezidentimiz sportni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda bir necha bor sportchilarga sharoit yaratish haqida ta’kidlab o‘tdi. Suzish yo‘nalishi federatsiyaning boshqa sport yo‘nalishlaridan oldinda bo‘lishiga qaramay, u yerda ham muammolar talaygina. Suzish bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori Vladislav Mustafinning uyi yo‘qligi bunga misoldir. U Tokio olimpiadasida ishtirok etish litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Ammo Olimpiada oldidan federatsiya rahbariyati unga bergan va’dalari ustidan hamon chiqmagan. Asli Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Vladislav Mustafinga Jizzax viloyati nomidan qatnashish taklifi kelib tushgach, uni Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘chirishgan. Bu voqeaga bir necha yil bo‘ldi va sportchi hamon o‘quv-mashg‘ulotlar uchun bir mehmonxonadan ikkinchisiga ko‘chib o‘tib yashamoqda. Butun dunyoda pandemiya tufayli joriy qilingan karantin davrida bu ayniqsa qiyin kechdi. Ammo na viloyat, na federatsiya va na O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bu muammoni hal qilishga shoshilmayapti.
Har bir sportchi o‘z mamlakatining nomini dunyoga tanitish uchun kurashadi. Vatanparvarligi va o‘z ishiga bo‘lgan muhabbati bilan katta mashaqqatlarni yengishga rozi bo‘ladi. Xalqaro musobaqalarda qatnashish qanchalik qiyinligini uning o‘zi va murabbiylari, ota-onasi biladi, xolos. Buni yaqinda o‘tkazilgan suv sporti musobaqalari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Badiiy suzish bo‘yicha musobaqalarda 64 nafar sportchi — Andijon, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri jamoalari qatnashdi. Suv polosi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyati va Toshkent shahridan jamoalar ishtirok etdi. Bu musobaqada g‘olib bo‘lganlar oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishlari mumkin edi. Yaqin-yaqingacha viloyatlardan kelgan ishtirokchilar ro‘yxati kengroq edi.
Suv polosi musobaqasi Suv sporti saroyida, badiiy suzish bo‘yicha chempionat esa Respublika olimpiya zaxiralari kolleji bazasida o‘tkazilgan. Ushbu muassasalarning havzalari o‘quv jarayoni uchun mo‘ljallangan bo‘lib, suzish yoki suv polosi musobaqalarini o‘tkazish uchun ko‘proq mos keladi. Ammo tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar ajratilmagan. Sport o‘yinlari uchun tomoshabin muhimligini inkor etib bo‘lmaydi. Sportchi startga chiqishdan oldin boshdan kechiradigan hissiy stress uning natijasiga qanday ta’sir qilishini hech kim bilmaydi. Bu vaziyatda oilasi va yaqinlarining ko‘magi, olqishi unga katta yordam beradi.
Respublika olimpiya zaxiralari kollejida o‘tkaziladigan musobaqada bolalarimni qo‘llash, ular bilan birga ekanligimni bilishlari uchun borganimda men ham boshqa ota-onalar bilan birgalikda ba’zi tushunmovchiliklarga duch keldim. Negadir biz kirishimiz kerak bo‘lgan eshik yopiq, nazorat punktida poyabzal qoplamalarini (baxilla) sotib olgandan so‘ng, kiyim almashtirish xonasi va sportchilarning yuvinish xonalari orqali kirishimiz mumkinligi aytildi. Ichkariga kirganimizda tushundikki, bu yerda tomoshabinlar uchun sharoit yo‘q(joylar kam, ishtirokchilar, jamoalar ko‘p). Shunday katta miqyosdagi chempionat tashkilotchilari karantin qoidalarini ham e’tibordan chetda qoldirmagan holda barcha choralarni oldindan ko‘rib qo‘yishlari kerak emasmidi?!
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tashkiliy ishlar uchun ajratilgan mablag‘ qayerga ketmoqda? Ajablanarlisi, terma jamoalarning mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan basseyn ijara to‘lovini kechiktirib, qarzga o‘tkazish odatga aylanib qolgan.
Davlatimiz rahbari shu yil Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shunday dedi: “Bugun biz o‘z oldimizga barcha sohalarda yuqori maqsadlarni qo‘yamiz va keng ko‘lamli dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz”. Ammo bu na O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga, na suv sportlari federatsiyasiga va hatto O‘zbekiston Milliy olimpiya q‘omitasiga tegishli emasdek. Keng ko‘lamli musobaqalarning birinchi kunidanoq murabbiy va sportchilar hovuzda sovuq suv va elektr energiyasi yo‘qligi kabi muammolarga duch kelishgan.
Har bir sportchi uchun rag‘bat katta motivatsiya. Taqdirlash marosimi esa ular hayotidagi unutilmas daqiqalardir. Ushbu jarayonlar sportchini yangi marralarga yetaklaydi. Lekin yuqorida tilga olganimiz chempionatda sovg‘alarni topshirish marosimi barcha kutganidan “oshib tushdi”. Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2021-yil 15-martdagi 417-buyrug‘iga binoan badiiy suzish bo‘yicha chempionatda barcha jamoalarning ishtiroki uchun sharoit yaratish, uni o‘tkazishga javobgarlik ishlari Suv turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabiga yuklatilgan edi. Mukofotlash jarayoni esa Suv sporti federatsiyasi rahbarligi zimmasiga qo‘yilgan. Ammo tashkilotchilar diplomlarning nusxasini topshirish bilan chegaralandilar.
Bu holat farzandlari endigina professional sportga qadam qo‘ygan ota-onalarning g‘azabini qo‘zg‘adi, biz kabi ko‘pdan buyon shu sohaning ichida yurgan ota-onalarda esa salbiy his-tuyg‘ularni kuchaytiradi. Musobaqaga hatto tibbiyot xodimlari jalb etilmasa, buni qanday tushunish mumkin? Toshkent shahrida o‘tkazilgan suv sporti turlari bo‘yicha chempionatda ham birgina Suv sporti bo‘yicha maxsus bolalar va o‘smirlar sport maktabidan shifokor olib kelindi, u ham bo‘lsa, o‘zining maktabi murabbiyi va ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatdi. Qolganlar-chi? Nega musobaqa tashkilotchilari tez yordam va shifokorlar tibbiy xizmatini yo‘lga qo‘ymadi?
Ushbu musobaqadan biroz oldin badiiy suzish jamoasi a’zolari o‘quv-mashg‘ulotlarida ovqatdan zaharlanishdi, lekin federatsiya bu hodisaga e’tibor bermadi. Shu vaziyatda tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilganida, balki o‘z vaqtida birinchi yordam ko‘rsatilgan bo‘lardi va muammo kasalxonagacha yetib bormasdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng joriy etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatini baholash maqsadida reyting tizimini joriy etish vazifasi belgilandi. Qiziq, federatsiya ushbu reytingda qaysi o‘rinni egallarkan?
Qizlarim professional faoliyati davomida ko‘p jarohatlar olishgan: miya chayqalishi va suyaklar sinishi, tizza va yelka bo‘g‘imlarida muammolar. Afsuski, tibbiy sohada ham kasallikni faqatgina davolash emas, maxsus tekshiruvlardan o‘tkazish, aniq tashxis va samarali davolashni amalga oshira oladigan professional sport shifokorlari yo‘q. Boshqa sport turlari haqida bir nima deyish qiyin, lekin suv sporti bilan shug‘ullanadigan farzandlarning ota-onalari o‘zlari shifokor izlashlari va bolalarining davolanishini moliyalashtirishlari kerak bo‘ladi. Ammo suv sporti bilan jajji qizlar, ayollar shug‘ullanadi. Ular kelgusida ona, uy bekasi bo‘lishini hisobga olsak, qanchalik sifatli tibbiy xizmatga muhtoj ekanligimizni yanada chuqur his qilamiz. Bu muammolarni bittagina federatsiya misolida keltirdim, xolos. Endi boshqa sport jabhalarini tasavvur qilavering.
Har bir sportchi xalqaro hakamlarning faoliyatiga havas bilan qaraydi. Ularga ergashib o‘zining professional mahoratini yanada oshirish, o‘z ustida ishlashga urinadi. Sport olamiga farzandlarim ortidan kirib borganimdan beri murabbiylar jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga va hattoki xalqaro turnirlarga borishlari uchun kerakli mablag‘ni qanday qiyinchilik bilan topayotganlarini kuzatdim. Bunday holatlarga guvoh bo‘lish qancha asab, energiya va sog‘liqni “o‘g‘irlaydi”! Bu vazirlik va federatsiyada sportchilarning nima uchun qo‘shma xalqaro o‘quv mashq yig‘inlari yoki musobaqalarda qatnashishi kerakligini tushunmaydigan yoki tushunishni istamaydigan odamlar o‘tirganligini ko‘rsatadi. Rahbariyat sportchilar bir-biri bilan raqobatlashib, ham motivatsiya, ham dasturlarni bajarishda yuqori mahorat, professionalizmga ega bo‘ladi degan fikrda. Xo‘sh, to‘liq bo‘lmagan mutaxassislar tarkibi, zaxiradagi ishtirokchilarning ismlari o‘chirilsa, unda ular uchun ajratilgan mablag‘ qayerga sarflanyapti? Men badiiy suzish yo‘nalishi misolida aytishim mumkinki, katta murabbiy Elvira Fayzullayeva qancha urinmasin, zaxiradagi sportchini Olimpiya dueti ro‘yxatidan chiqarib, delegatsiyaning tarkibini qisqartirishdan boshqa chorasi qolmaganini ko‘rdim. Qizim Anastasiya Morozova yelkasidagi kuchli og‘riqqa qaramasdan o‘quv-mashq yig‘inlarida qatnashdi. Bundan keyingi natija nima bo‘ldi deb qiziqdingizmi? Yelka bo‘g‘imida jarrohlik amaliyoti bilan uning sportdagi faoliyati yakuniga yetdi.
Hozir oilamizdan sportda uzoq vaqt tiklanishdan so‘ng faqat Anastasiya qoldi. Badiiy suzish jamoasining a’zosi, ilk marotaba ushbu sport turi bo‘yicha xalqaro sport ustasi sifatida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi u uchun xususiy klinikada operatsiya o‘tkazish uchun mablag‘ ajratdi, chunki davlat shifoxonalarida buni amalga oshirishning imkoni yo‘q edi. Biz buni taxminan ikki oy kutdik. Avvallari, agar amaliyot o‘tkazilsa, bu faqat ota-onalarning hisobidan amalga oshirilar edi. Agar bu holat oldinroq bo‘lganida edi, biz katta miqdordagi mablag‘ sarflangan Olimpiya o‘yinlari juftligini yo‘qotmagan bo‘lar edik. Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shaabdurahmonovdan minnatdormiz. Ammo murabbiylar Elvira Fayzullayeva va Oksana Botrnikova ozmuncha mehnat sarflamadilar va buning uchun ular bir qancha qiyinchiliklarga dosh berishlariga to‘g‘ri keldi!
Sportchilarning sog‘lig‘iga hech qanday e’tibor berilmayapti deb aytish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Yiliga ikki marta tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi va sportchilarga dori-darmonlar ajratiladi. Ammo achinarlisi shundaki, terma jamoalar tez-tez xalqaro musobaqalarga faqat murabbiylar hamrohligida borishadi, ular tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘i uchun emas, balki faqat mashg‘ulotlar jarayoni uchun javobgar bo‘lishadi. Faqatgina Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish payti delegatsiyamizga shifokor va massaj terapevti hamrohligida ketish nasib etdi.
Shuningdek, viloyat murabbiylarining mahorati juda past. So‘nggi yillarda viloyat sportchilarining xalqaro musobaqalarda qatnashishi kamdan-kam uchramoqda. Viloyatlarda poytaxtlik murabbiylar ishtirokida mahorat darslari va seminarlar tashkil etilishini kutayotganlar qanchadan-qancha.
Har bir sportda turli toifadagi FINA hakamlari bor, lekin qandaydir sabablarga ko‘ra ularning hammasi ham seminar mashg‘ulotlari o‘tkazmaydi. Ular raqobatlashishni xohlamaydilar. Xo‘sh, mamlakat imiji haqida kim o‘ylaydi? Axir, davlat ularning Xalqaro suzish federatsiyasiga kirish istagining qo‘llab-quvvatladi, demak, Vatan oldidagi vazifasini bajarish va professional hakamlar yetishtirish va tarbiyalash vaqti kelmadimi!?
Viloyatlik murabbiylar o‘z tarbiyalanuvchilari haqida qayg‘urishi tabiiy. Ular spotrchining oliy o‘quv yurtiga imtiyozni qo‘lga kirita olmasligidan qo‘rqishadi, respublika miqyosidagi musobaqalar uchun jon kuydirishadi, xalqaro musobaqalar haqida faqat orzu qilishadi, xolos.
Ko‘pchilik ota-onalar kabi men ham hakamlik qilayotgan murabbiylarning adolatsizliklariga, ya’ni ba’zi murabbiylarning o‘z sportchilarining kamchiliklariga ko‘z yumib, ortiqcha ball bilan siylab yuborishlari, boshqalarning mehnatini sezilarli darajada qoniqarsiz deb topgan holatlarga guvoh bo‘lganman. Bunday holatlardan so‘ng nima uchun yosh sportchi respublika musobaqalarida 8,6 va undan yuqori ball olgani-yu, ammo mamlakatimizning eng kuchli sinxron suzuvchilari FINA Jahon kubogida 8 baldan yuqori ololmasligiga ajablanmasak ham bo‘ladi.
Natalya MOROZOVA