Mahsulot reklamasimi yoki hayosizlik targ‘iboti?!
Har gal kechki dasturxon atrofida jamuljam bo‘lganimizda buvim va oyimning sevimli seriali boshlanadi. Shuning uchunmi, biz ham bu serialga qiziqib, har doim qo‘limiz dasturxonda, ko‘zimiz ekranda bo‘ladi. Biroq reklama boshlanishi bilan buvim yo boshqa kanalga oladi yo bo‘lmasa asabiylashganidan tezda o‘chirib qo‘yadi. Buning sababi nima ekanligini ko‘pchilik anglagan bo‘lsa kerak.
Hozirgi kunda mahsulotga bo‘lgan talabni oshirish maqsadida efirga uzatilayotgan ayrim reklamalar faqatgina ana shu ishlab chiqarilgan narsani emas, balki hayosizlig-u axloqsizlikni ham targ‘ib qilayotganday go‘yo. To‘g‘ri, reklama tomoshabinda aynan o‘sha mahsulotni sotib olish uchun qiziqish uyg‘ota olishi kerak. Biroq o‘zimizda ko‘rsatilayotgan g‘arb mamlakatlarining reklamalari birgina shu vazifani bajaryaptimikan?! Xususan, Nivea, Kotex, Makaronka kabi firmalarning ishlab chiqarayotgan mahsuloti reklamasini eslashga ham uyaladi kishi. Yoshlarimizning yurish-turishi, kiyinish uslublariga mana shunday reklamalar salbiy ta’sir qilishi mumkinligini hech o‘ylaganmisiz? Shu kabi reklamalarda ko‘rinayotgan yarim yalang‘och yigit-qizlarga-yu tayini yo‘q raqslarga yosh avlod taqlid qilmaydi deb kim kafolat beradi?! Achinarlisi shundaki, endilikda o‘zimizda ham ma’nosiz va tushunarsiz reklamalar ishlanmoqda. Misol uchun, WF, Bliss kabi ichimliklar reklamasini ko‘rib ta’bingiz xira bo‘lishi aniq. Axir mahsulot sotilishi kerak, insonlarning yodida qolishi zarur deb, bema’ni reklamalar efirga uzatilaverishi kerakmi? Reklamalarni ko‘rayotgan har bir tomoshabin, avvalo, undan biror ma’no qidiradi. Tushsunarsiz qiliqlar bilan o‘ynayotganlarni ko‘rib esa ularning o‘zbekligiga ham ishonmaysiz. Fikrimcha, milliy o‘ziga xosligimizga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday reklamani ekranlardan olib tashlash zarur.
Muhaddislar sultoni Imom al-Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobida shunday hadis keltirib o‘tilgan: “Abdulloh ibn Umar(r.a)dan rivoyat qilindi: “Hayo va imon teng va bir butundir, biri ko‘tarilsa, ikkinchisi(o‘z-o‘zidan) ko‘tariladi”.
Mohim TOPILOVA, O‘zJOKU talabasi