Samarqand shahar-muzeyga aylanishi lozim
Sayyohlar nima deydi?
Samarqand — “Sharq gavhari”. Bu gavharning tovlanishlari hamisha xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelgan. Samarqand turizmini o‘rganish maqsadida shaharga tashrif buyuruvchi turistlar o‘rtasida maxsus so‘rovnoma o‘tkazdik:
— Samarqandga turistlar asosan qaysi maqsadda kelishadi?
— Shaharning ularga yoqqan asosiy jihati.
— Turistlar uchratgan kamchiliklar.
— Shaharda turistlarga eng yoqqan maskan (madrasa, masjid, maqbara…) va nima uchun?
— Samarqand aholisi madaniyati haqida sayyohlar qanday fikrda?
— Gidlarning bilim darajasi va til bilish salohiyatiga qanday baho berishadi?
— Samarqand turizmini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak?
So‘rovnoma Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi va Registon ansamblida o‘tkazildi.
Tahlil va natijalar
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, turistlarning 68.6 foizi Samarqandga tarixiy obidalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘rganish uchun, 21.3 foizi ish yuzasidan, 10.1 foizi faqatgina sayohat uchun kelishadi.
Sayyohlarning 79.2 foizi 40–60 yosh oralig‘ida, qolgan qismini esa 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi.
73.9 foiz sayyohlarga Samarqandning tarixiy obidalari va iqlimi, 18.4 foiziga taomlari va mehmondo‘stligi yoqqan bo‘lsa, qolgan 7.7 foiziga atrof-muhit, transportlar tozaligi va turistik xizmatlar ma’qul kelgan.
Shu bilan birga sayohatimiz davomida qator kamchiliklar bilan ham yuzlashdik. Masalan, oshxona taomlarining sifatlilik darajasi pastroq va narxlari nisbatan qimmat hamda markaziy ovqatlanish joylarining ko‘rinishi va ofitsiantlari talab darajasida emas. Aholi tomonidan tarixiy obidalar atrofi ifloslantirilishi guvoh bo‘ldik. Markaziy ko‘chalar ta’mirtalab, yaqin-atroflarda hojatxonalar kam.
Turistik xizmatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, hatto Samarqand xalqaro aeroporti yonida joylashgan mehmonxonada ham xonalarda texnik jihatdan nosozliklar mavjud ekani kishi ishtiyoqini so‘ndiradi, negaki bu singari mehmonxonalarga turistlar eng birinchi tashrif buyuradi va ma’lum darajada xulosa qiladi.
So‘rovnomada ishtirok etgan turistlarning 47.3 foizi tozalikka rioya etilmasligi, 32.5 foizi yo‘llarning ta’mirlatabligi va qolgan 20.2 foizi esa turistik xizmatlar talab darajasida emasligidan shikoyat qildi.
Samarqandda turistlar Go‘ri Amir, ya’ni Amir Temur maqbarasida nisbatan ko‘proq ekanligi kuzatildi. Maqbarada sayyohlar gavjumligi 58.6 foiz, Registon ansamblida esa 21.3 foizni tashkil etdi.
Registon maydoni Samarqand aholisi eng ko‘p to‘planadigan obida ekanligi kuzatildi. Qolgan 20.1 foiz yurtimiz mehmonlarini Bibixonim masjidida uchratish mumkin.
Samarqand aholisining mehmondo‘stligi turistlarda ijobiy taassurot qoldirdi. Turistik xizmat ko‘rsatish xodimlari madaniyati yaxshi darajada, ammo oddiy aholida muomala madaniyati pastroq va ovqatlanish joylarida bir-birini tinglamasdan yuqori ovozda gapirishlari ham turistlar diqqatidan chetda qolmadi. Hatto ba’zi sayyohlar bozorlarda xarid jarayonida narxlar turistlar uchun alohida nisbatan qimmatroq qilib aytilishini payqab qolishganini bildirishdi.
Turistlarning eng yaqin hamrohi bu gidlar hisoblanadi. 85.2 foiz turistlar Samarqanddagi har bir obidada gidlar soni yetarli ekanini, oldingi tashriflariga qaraganda ancha ko‘paytirilganligini hamda har bir til uchun alohida gidlar mavjudligini, ularning bilim darajasi va til bilish qobiliyati yaxshi darajada ekanligini bildirishdi. 9.6 foiz turistlar gidlarning boshqa tildagi so‘zlarni biroz aksent bilan talaffuz qilishayotganini hamda 5.2 foiz tashrif buyuruvchilar gidlar ish kiyimida emasligini aytib o‘tishdi.
Turistlarning fikricha, Samarqandda turizmni yanada rivojlantirish uchun tomosha qilinadigan obidalar sonini yanada ko‘paytirish, butun Samarqandni to‘liqligicha tarixiy maskan — muzey-shahar qilish kerak, hattoki mehmonxonalar bezaklari ham tarixiy bo‘lishi, kelgan mehmon o‘zini xuddi qasrga tushib qolgandek his qilishi lozim. Bunday javoblar 76.2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, qolgan 23.8 foiz javoblarda bu yerda har xil ko‘ngilochar joylar ko‘proq qurilishi lozimligi ta’kidlangan.
Ushbu o‘tkazilgan so‘rovnoma, intervyu va taqdiqotlarga asoslanib quyidagi tavsiyalar berilishi mumkin.
Eng avvalo, har bir Vatanimiz farzandi tariximizni bilishi lozim. Biz avval tarixni o‘rganib, keyin kelajakka nazar solishimiz kerak. Chunki chet elda bo‘lganingizda oddiy aholi sizdan qayerdansiz, deb so‘rashi mumkin, shu payt Toshkent, Xiva, yoki Samarqand deya javob qaytarasiz, lekin bu nomlarni ba’zilar eshitgan, ba’zilar esa yo‘q. Ayni paytda xaritani ochib ko‘rsatishingizdan uncha foyda yo‘q. Aksincha, yurtimiz tarixini bilsangiz, tarixiy joylarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘z hissiyotlaringiz bilan ifodalab bersangiz ularda boshqacha taassurot qoldiradi.
Samarqand turizmini yanada rivojlantirish uchun turistlar fikrini ham inobatga olgan holda shaharni butunlay tarixiy maskan qilish lozim. Tashrif buyurgan turistlar o‘zlarini bir ertakdagi saroylarga tushib qolgandek his qilishlari kerak. Bunda nafaqat bino, obidalar, balki ovqatlanish joylari, u yerdagi ofitsiantlar, xullas barcha turistik xizmat ko‘rsatuvchilar tarixiy ruhiyatni o‘zida ifodalab turishi kerak (liboslarida).
Shu bilan birga Samarqand yaqinida joylashgan biror tuman markazini ko‘ngilochar shaharga aylantirish lozim. Bu asosan yoshlarni jalb qilishda yordam beradi. Negaki, ta’kidlanganidek, hozir yurtimizga kelayotgan aksariyat turistlar yoshi kattalar.
Turizmni rivojlantirishda nafaqat aynan turizm vakillari, balki oddiy aholi ham o‘z hissasini qo‘sha oladi. Ularning eng katta yordami bu ma’naviy va madaniy xulqi hisoblanadi. Sayyohlarda shu darajada taassurot qoldirish kerakki, bu yerga yana aynan shu insonlarni ko‘rishni xohlab, suhbat qurishni sog‘inib kelishsin.
Ushbu olingan va to‘plangan natijalar butun Samarqand turizmini ifodalay olmaydi. Biroq tadqiqot ishlari, so‘rovnoma va tavsiyalar Samarqand turizmini muayyan darajada rivojlantirish uchun foydali.
Otabek RIXSIBOYEV,
Zilola RIXSIBOYEVA,
Toshkent shahridagi Yoju texnika instituti talabalari