Andijondagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shuhrat Orif bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi ishtirok etib, mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, o‘quvchilarda mutolaa madaniyatini shakllantirishga oid takliflar berildi. Jumladan, Shuhrat Orif tadbir ishtirokchilariga o‘zining adabiyotga kirib kelishi, hayoti, ijodi bilan bog‘liq voqealari hamda "Men asli odammas yor edim" nomli kitobning yozilish tarixi, mazmun-mohiyati, uning ijodkor ruhiyati va qalbiga ta’siri xususida so‘zlab berdi.
— Menga o‘z bolalik xotiralari, muhabbat rishtalari qalam tutqazgan. Keyinroq bu tuyg‘ular yurt ishqiga, Vatan sevgisiga aylandi. Tushundimki, shoir millat taqdiri uchun eng mas’ul shaxs ekanligi, u o‘z xalqisiz hech kim emas, hech narsa emas, o‘z ixtiyori bilan o‘ziga dard yuqtiradigan tabibga o‘xshaydi, — deb ta’kidladi Sh.Orif. Ushbu kitobning shoir tomonidan maktab kutubxonasi va o‘quvchilarga esdalikka ulashilgani quvonarli bo‘ldi.
Ma’rifiy kechada nafaqat ijod maktabi o‘quvchilari, balki viloyatda yashab ijod qilib kelayotgan adabiyot vakillari, yosh ijodkorlarning ishtirok etgani ham tadbirga o‘zgacha tus berdi. Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi Akmal Abdurahmonov o‘zining fikrlarini izhor etib, bu kabi ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib turilishi katta taassurot qoldirishini ta’kidladi. Qizg‘in muloqot tarzida o‘tgan ijodiy tadbir mushoiraga ulanib ketdi.
Sardor Sirojiddin,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi mas’ul xodimi