BAHORNING BETAKROR MALIKASI
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazida O‘zbek milliy raqs san’atiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan, o‘zbek milliy raqs san’atining qirolichasi Mukarrama Turg‘unboyevaning 110 yilligi munosabati bilan, “Bahor”ning betakror malikasi” nomli xotira kechasi o‘tkazildi.
Kechada san’atshunos, raqs bo‘yicha mutaxassis Nurxon Zulinova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nargiza Olimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Davron Rajab, Chilonzor Oqila ayollar yetakchilari, kutubxona mutaxassislari hamda kitobxonlar ishtirok etishdi.
Tadbirni kutubxona direktori Hafiza Karimova ochib, mashhur o‘zbek raqqosasisini milliy raqs san’atimiz darg‘asi deya ta’rifladi. So‘zga chiqqanlar Mukarrama Turg‘unboyeva uzoq yillar davomida “Bahor” ansamblida xizmat qilgani va o‘zbek xoreografiyasining oltin fondidan o‘rin olgan “ Tanovar”, “ Katta o‘yin”, “ Janon”, “ Pilla”, “ Paxta” kabi o‘zbek milliy raqslarining asoschisi va betakror ijrochisi ekanligini va uning serqirra iqtidor sohibi ekanligini aytib o‘tishdi.
Tadbir davomida so‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy raqs san’atining an’analari va maktablarini tiklashga alohida e’tibor qaratilgani ham katta iftixor bilan tilga olindi. Shuningdek, kutubxona mutaxassislari tomonidan tayyorlangan taniqli raqqosa tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Tadbir so‘nggida mehmonlarga kutubxona rahbari tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.
Dilbar RAHIMBOBOYEVA,
Toshkent shahar “Bilim” AKM mutaxassisi