Chempionlar ham maktabda o‘qigan
Rio olimpiadasi vaqtida hali chillasi chiqmagan go‘dak o‘tin tergiday, universitet eshigiga havas bilan termulib turgan abituriyent diplomni olib, otasiga bir-ikki so‘m bergiday bo‘ldi ham, lekin qani endi, Tokio — 2020 boshlana qolsa. Koronavirusning urug‘-aymog‘ini har daqiqada xotirlab, yana bir yil kutishga to‘g‘ri keldi. Kunchiqar yurtda olimpiya mayog‘i yondi-yu, uning bir uchi qalbimizga tutashgandek bo‘ldi. Turli kasb, turli xarakter, turli ko‘rinishga ega odamlarning istaklari, ko‘ngillari birlasha boshladi:
“Biznikilar bu yil ham oltinsiz qaytmaydi”, “Boksyorlarimizga teng keladigani yo‘q”, “Tosh ko‘tarishdan kim qatnashyapti ekan?”…
Sportchilarimizning ishtiroki boshlanishi bilan xuddi qattiqroq xitob qilsak, Tokioga eshitiladigandek baqirib-chaqirib, ekran qarshisidan ayrilmadik. Har bir bellashuv katta hayajon bilan tomosha qilindi. Duolar, niyatlar, millionlab nigohlar qo‘llab turgan polvonni yengish osonmi sizningcha? Ayniqsa, u chohlardan omon chiqqan Alpomish, menman degan alplarni ham yelkasidan oshirib otgan Barchinoylarning avlodi bo‘lsa. Zo‘rman deganini tindiradi, haybatining o‘zi uncha-munchasining belini sindiradi.
Olimpiadaning dastlabki kunlaridayoq 19 yoshli taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidov oltin medalni qo‘lga kiritib, bizga cheksiz quvonch, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. 28-iyul kuni Davlat Bobonov dzyudo bo‘yicha bronza medaliga ega chiqdi. Ayniqsa, polvonimiz Akbar Jo‘rayevning og‘ir atletika bo‘yicha olimpiya rekordini qayd etib, oltin medal sohibi bo‘lgani o‘zgacha sovg‘a bo‘ldi. 5-avgust kungi bahslarda erkin kurash bo‘yicha Bekzod Abdurahmonov bronza medalini qo‘lga kiritdi va nihoyat boks bo‘yicha super og‘ir vazn toifasida Bahodirimizga teng keladigani topilmadi. Qolgan olimpiadachilarimiz garchi g‘olib bo‘lmasa-da, musobaqada munosib ishtirok etdi.
Elning or-nomusi uchun maydonga tushib, Vatan bayrog‘ini baland ko‘targan sportchilarimizni qancha alqasak oz. Bunday yuksak natijaga erishish uchun ozmuncha mehnat, mashaqqat talab etilmaydi. Ularning g‘alabasini oila a’zolari, yaqinlari qanday qarshi olganini OAV orqali kuzatdik, quvonchlariga sherik bo‘ldik. Balki ta’lim nashrida faoliyat yuritganim uchundir, shu onda xayolimdan bir fikr o‘tdi: “Chempionlarimiz ham hamma qatori maktabda o‘qigan, ularga-da kimdir harf o‘rgatgan. Barchamizni g‘ururlantirgan g‘alabalarda ustozlarning ham hissasi bor. Shogirdining yutuqlarini ko‘rib ularning qalbidan nimalar kechdi ekan?”.
Sariosiyo tumanidagi futbolga ixtisoslashtirilgan 4-maktab-internatda chempionimizga tarix fanidan saboq bergan Xurshida opa Xojayeva shogirdining o‘quvchilik chog‘larini shunday esladi:
— Sportga ixtisoslashgan maktablarda o‘quvchilarning aksarida fanlarni o‘zlashtirishga qiziqish u darajada yuqori bo‘lmaydi. Lekin Bahodir maktabimizdagi eng a’lochi o‘quvchilardan biri edi. Mavzu yuzasidan berilgan savollarga tezkorlik bilan javob berar, yozma ishlarda ham eng yuqori bahoni u olardi. Husnixati juda chiroyli ekani esimda qolgan. Darsdan tashqari ham tarixiy voqealar, shaxslar haqida o‘zini qiziqtirgan savollarga meni ko‘mib tashlardi. Bayram tadbirlarida o‘zining tashkilotchiligi, faolligi bilan ajralib turgan.
Keyinchalik u Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga ketdi. Birin-ketin mamlakat, jahon miqyosida g‘alabalarga erisha boshladi. Shunday bo‘lsa-da u maktabidan, ustozlaridan uzilib ketmadi. Bayramlarda qo‘ng‘iroq qilib turadi. Biror g‘alabaga erishgach, maktabimizda tashkil etilgan uchrashuvlarda ishtirok etib, o‘quvchilardan maslahatini ayamaydi. Uning har yutug‘ini eshitganimda ich-ichimdan quvonaman. Borlig‘imni faxr tuyg‘usi egallaydi. Buni so‘z bilan ta’riflash juda qiyin.
Maktabimizda chempion o‘quvchilarim ko‘p. Xususan, kurash bo‘yicha qator xalqaro turnirlar g‘olibi Muhsin Husomiddinov ham bizning maktabda o‘qigan. Ko‘pchilik o‘quvchilarimiz yuqori ligadagi futbol klublarida o‘ynashadi. Aksari keyinchalik faoliyatini sportga bog‘lamagan bo‘lsa-da, boshqa sohalarda mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda. Bu juda katta baxt! Men o‘qituvchi ekanimdan faxrlanaman!
Tog‘risi, Bahodir Jalolovning futbol maktabida o‘qiganidan bexabar edim (Kleopatraning burni sal qiyshiqroq bo‘lganda edi, butun tarix o‘zgarib ketgan bo‘lardi, degan edi faylasuflardan biri. Ehtimol, ayrim bokschilarimizning futbolchi bo‘lmagani, ayrim futbolchilarimizning esa yashil maydonni vaqtida tark etib, boshqa sport turida o‘zini sinab ko‘rmagani uchun Jahon chempionatiga chiqolmayotgandirmiz). Uning nega millionlar o‘yinini tark etib, ringga yo‘l olgani haqida sinf rahbari Ixtiyor aka Hakimovdan bilib oldim:
— Bahodir maktabimizga kelganda juda og‘ir, bosiq bola edi. Tengqurlari bilan muloqotga kirishib ketishi ham qiyin kechgan. Boshida maktabdan ketib qolgan paytlari ham bo‘lgan. Nazariy bilimi kuchli bo‘lgani uchun sinfda ajralib turardi. Biror narsani bilmasa, to o‘rganmagunicha o‘qituvchini tinch qo‘ymas edi.
Futbol mashg‘ulotlarida ham u tengdoshlaridan ancha yirik, ham chapaqay bo‘lgani uchun asosan himoyada o‘ynar, ko‘pincha ikkinchi tarkibda qolib ketardi. Tabiatan tirishqoq, intiluvchan bo‘lgani uchun keyinchalik o‘z ustida ishlab birinchi tarkib o‘yinchisiga aylangan.
O‘sha paytda “To‘palang” futbol jamoasining Bordyuja ismli murabbiysi bo‘lib, maktabimizda ham mashg‘ulot o‘tkazardi. O‘shanda u Bahodirni og‘ir atletika yoki boksga yo‘naltirgan ma’qul degan fikrni bildirgan. Keyinchalik Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga borganida imtihon olgan murabbiylar ham unga boks to‘garaklariga qatna-shishni maslahat bergan. Shunday qilib, Bahodir bokschi bo‘ldi.
Futbolda ham uning yutuqlari yo‘q emasdi. Respublika bo‘yicha maktab-internatlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada uning jamoasi faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Bahodirning hamma janglarini kuzatib boraman. Olimpiadadagi ishtirokini ham to‘liq ko‘rdim. Birinchi jangidayoq uning chempion bo‘lishiga ishongan edim. U otasiga, qolaversa xalqimizga began va’dasining ustidan chiqdi. Bundan juda quvondim.
Bahodirjon biror yirik musobaqaga ketishdan oldin qishlog‘iga kelib, keksalarning duosini oladi. G‘alaba bilan qaytganda ham albatta, mahalladoshlari bilan birga nishonlaydi. Mana shunday chempionlar yurtimizda ko‘payaversin!
Ustoz uchun shogirdlarining yutug‘ini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘qligiga chempionimizning muallimlari bilan bo‘lgan suhbatda amin bo‘ldim. Ulardagi quvonch, faxr tuyg‘usini ko‘rib, istalgan soha vakili qalbidan “Muallim desalar meni qaniydi” degan bir xitob o‘tsa ajab emas. O‘qituvchilikning chin ma’nodagi ulug‘ kasb ekani mana shunday pallalarda namoyon bo‘ladi.
Barchangizga olimpiadadagi g‘alabalar muborak bo‘lsin! Yuraklari ona yurtga muhabbat bilan urguvchi bilimli kadrlar, bo‘lajak chempionlarga ta’lim berishdan charchamang, aziz ustozlar!
Humoyun QUVONDIQOV,
“Ma’rifat” muxbiri