INTERVYU BERISHNI XOHLAYMAN
Voy, doim aytaman-ku sizlarga bir-biridan g‘aroyib tushlar ko‘raman deb. Ishonmasangiz mana bugungisini eshiting.
Qayerdaman bilmayman: ikki tarafimda ikki kasb egasi. Qarshimizda katta mikrofon. Oltin sochli, allambalo kiyingan, xushbichim ajnabiy jurnalist ayol savol beryapti:
– Siz qaysi kasb egasisiz?
– Yakka tadbirkorman, – deydi so‘l tarafimdagi ayol.
– Qaysi xorijiy davlatlarda bo‘lgansiz?
– Misr, Tailand.
Og‘zimni ochib angrayaman, intervyu berish navbatimni kutaman.
Lekin mikrofon shundoqqina ko‘z oldimdan o‘tib o‘ng tarafimdagi erkakka qaratiladi:
– Kasbingiz nima?
– Xalqaro korporatsiya a’zosiman.
– Oylik daromadingiz qancha?
– Hozircha besh ming dollar. Qo‘shimcha mahsulot sotganimdan qolgan sof foyda ham o‘z cho‘ntagimga.
– Qaysi davlatlarda bo‘lgansiz?
– Shvetsariya, Germaniya.
“Voy qurmag‘urlar-ey, bularni qarang-a, dunyo ko‘rgan odamlar ekan-da. Lekin negadir gaplari juda jaydarimi? Hozir mening navbatim kelsin – ko‘rasizlar intervyuning zo‘rini. Jimjima bilan gapirish deysizmi, motivatsiya-poativatsiya berish deysizmi, qoyillatib tashlaganim bo‘lsin. Oh-oh-oh! Butun jahon dod devorsa-ya!” – hayajon bilan aytadigan so‘zlarimni xayolimdan o‘tkazib takrorlayveraman. Ularning suhbati qulog‘imga kirmaydi.
Bir payt qarasam sap-sariq, siyrak sochlarini selkillatib jurnalist surib qolyapti.
– Hoy! To‘xtang! Men ham intervyu berishni xohlayman! – jon holatda izidan yugurgilab to‘xtataman uni. – Axir meni ham chaqirishgan. Qancha vaqt sarflab tayyorlanganman.
– Uzr, sizdan intervyu ololmayman.
– Nimaga?!
– Rejada yo‘qsiz.
– Nega yo‘q ekanman-a! Anovi ikki og‘iz gapini eplab gapirolmaydiganlar rejada bormish-u men yo‘qmishmanmi?!
– Xo‘p, kasbingiz nima?
– O‘qituvchi. lekin hech bir xorijiy davlatda bo‘lmaganman.
– Mayli, uzr, sog‘ bo‘ling. Vaqtim chegaralangan, – xayrlashib ketishga chog‘lanadi ayol.
– Yo‘q, yoqing mikrofoningizni, – talab qilaman qat’iy. – Men maktabimizning, XTBning, butun respublika o‘qituvchilarining sha’nini himoya qilishim kerak. Xavotirlanmang, meni tayyorlash shart emas, chiroyli gapiraman.
– Uzr, xonim. Tushuning axir, bizga chiroyli gapiradigan emas, real va xolis faktlar bilan gapiradigan, katta daromad topishi bilan vataniga, xalqiga, butun Yer yuziga foydasi tegayotgan, yaqinda ish boshlab katta natijalarga erishayotgan kasb egalari kerak. Ko‘rsatuvimiz shu xususda.
– Unda nega meni chaqirdingizlar?
– Biz chaqirmadik!
– Nega yuborishdi shunda?
– Buni borib yuborganlardan so‘rang. Xayr, omon bo‘ling!
– E-e-e, to‘xtang! – alam bilan yuzimni burishtirib qolaveraman, jurnalist zipillab ketaveradi. – Mana ko‘rasiz, qarab turing, hali mendan intervyu olmaganingizga pushaymon bo‘lasiz!
Ho‘v, ahmoqlar, o‘sha biznesmen-u pultoparmonlaringni kim o‘qitgan ekan?! “Men sevgan kasb”, “Kelajakdagi orzularim”, “Vatanimga xizmat qilaman”, “Tadbirkorlik sirlari”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz” kabi yuzlab mavzularda kim insho yozdirgan ekan? Yalqovlik qilsa, tartibbuzarlik qilsa kim qulog‘idan burab, ota-onalari bilan talashib, yurak-bag‘ri kuyib sog‘ligidan ayrilgan ekan? Endi bitta intervyuga ham arzitmaysizlarmi? Ko‘rnamaklar!
O‘h, sariq alvasti-yey, puli ko‘p odam-u, puli yo‘q odam emas ekanmi? Hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan chirigan G‘arbning sovuq qo‘g‘irchog‘i, intervyu olmasang olma, kamayib qolarmidim?!
Eh, shunday deyman-u, lekin sirasini aytganda ovora-yu sarson bo‘lib shundan shunga kelganim, qancha xohish-ishtiyoq bilan tayyorlanganimga kuyaman-da. Menginani ne-ne tilaklar bilan, ne-ne umidlar bilan kuzatib qolishgandi hamkasblarim. Endi qaysi yuz bilan so‘ppayib, intervyu bera olmadim deb boraman? Ko‘zlariga qanday qarayman?
Esizgina sip-silliq, jimjimador, tasviriy vositalarga, hikmatli so‘zlarga boy go‘zal jumlalar bilan bezangan ohanjamali nutqim! Ma’naviyati, qalb xazinasi, ichki olami boy o‘qituvchini birgina intervyuga arzitishmadi-ya, noinsoflar.
Shu xayollar bilan g‘udranib uyg‘onib ketibman. Anchagacha xayol surib yotdim. Qanday intervyu berishimni xayolimda jonlantirdim. Ha, haqiqatan, oddiy o‘qituvchi bo‘lsam ham ichimda gapiradigan gaplarim ko‘p ekan. Xullas, axiyri tushimni yozishga qaror qildim.
Yaxshilar, orangizda jurnalist tanishlari borlaringiz bo‘lsa(xorijiymi, o‘zimiznikimi, xullas, bizni o‘z suhbatiga arjumand qiladigani esh bo‘lsin) aytib qo‘ying, iltimos: “Men ham intervyu berishni xohlayman!”
Salomat ESHIMBETOVA,
Beruniy tumanidagi
47-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi