MUXLISLIK, RAQIBLIK VA G‘OLIBLIK ORALIG‘IDA
Ota-bobolarimizdan meros muzaffarlik mayog‘ini faxr bilan tutib kelayotgan pahlavonlarimiz yurtimizda ham talaygina. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ulug‘bek Rashidov shular jumlasidandir. U 2020-yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashib, O‘zbekiston terma jamoasi tarixida taekvondo bo‘yicha Olimpiada o‘yinlarida birinchi oltin medalni qo‘lga kiritgan.
2002-yil 23-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan Ulug‘bek olti yoshidan buyon shu sport turi bilan shug‘ullanib keladi. Kunlardan bir kun Bryus Li ishtirokidagi filmlarning birini kuzata turib, uning xatti-harakatlariga taqlid qilayotganida, otasi Ismatillo aka o‘g‘lining harakatlarini ko‘radi va unda sportga qiziqish borligini sezadi. Shundan so‘ng, ota o‘g‘lini taekvondo sport to‘garigiga berishga qaror qiladi. Uni murabbiy Pavel Xan qo‘liga topshiradi. Ulug‘bek sekin-astalik bilan taekvondo sir-asrorlarini o‘rgana boshlaydi.
Oradan ikki, uch yil o‘tgach, sportning futbol turiga qiziqib qoladi. U taekvondodan ko‘ra ko‘proq, do‘stlari bilan futbol o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shunda otasi Ulug‘bekni “Paxtakor” futbol akademiyasiga olib boradi. U yerdagilar Ulug‘bekda qobiliyat borligi, undan yaxshi futbolchi chiqishini e’tirof etadi. Akademiyaga qabul qilish taklifini bildiradi. Qahramonimiz yo taekvondoni, yo futbolni tanlashi kerak edi. Ota o‘g‘lining ikkala sport turiga boraversa charchab qolishini, ikki yo‘l orasida qolib ketishi mumkinligini yaxshi anglardi. Shu kuni kechki payt taekvondo mashg‘ulotiga borgan Ulug‘bek murabbiyi Pavel Xanga otasi uni futbolga berishni xohlayotgani haqida aytadi. Buni eshitgan murabbiyining jahli chiqadi. Otasini chaqirib, unga vaziyatni tushuntiradi. “Bu bola chempion bo‘ladi. Agar uni mashg‘ulotlarga olib borishni istamasangiz, men o‘zim kelib uydan olib ketib, olib kelib qo‘yaman”, — deydi murabbiy. Bu gaplardan so‘ng ota futbol borasidagi o‘y-xayollaridan voz kechadi va o‘g‘lining Xan qo‘lida qolishiga rozi bo‘ladi.
Bolaligidan u koreys taekvondo jangchisi Li De Hunning muxlisi edi. Ulug‘bek uning har bir jangini kuzatib saboq olar, tajribalarini qo‘llardi. “U bilan shunchaki suratga tushishni orzu qilardim”, deydi qahramonimiz. 2021-yilgi Olimpiadada birinchi jangi o‘zi havas qilib yurgan sportchi bilan bo‘ldi. Taqdirning hazilini qarangki, nimchorak finalda 3 karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining 2 karra sovrindori, ushbu vazn toifasining birinchi raqamli sportchisi Li De Hunni mag‘lub etdi.
2014-yilda Ulug‘bek o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi tarkibiga qabul qilinadi.
2018-yil Tunisda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallaydi. Bu orqali Ulug‘bek Buenos-Ayres mezbonlik qiladigan o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ham ega bo‘ladi. Kichik Olimpiadada kumush medallni bo‘yinga iladi. Bu vaqtda Ulug‘bek 16 yoshda edi. 2019-yil Iordaniyada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashidov, xuddi shu yilning o‘zida Xitoy mezbonligida o‘tgan Butunjahon armiya o‘yinlarida ham 1-o‘rinni egallaydi.
Uni 2021-yilning may oyida Olimpiadaga yo‘llanma beradigan litsenzion turnir kutib turgandi. Ulug‘bek bu musobaqada 68 kg vazn toifasida qatnashadi va Tokio yo‘llanmasini naqd qiladi. Dunyoning bir qator eng kuchli sportchilari bilan jang qilib, final bosqichiga chiqdi. Rashidovning finaldagi raqibi Bredli Sinden 68 kg vazn toifasida amaldagi Jahon chempioni edi. Finalda uch raund yakuniga ko‘ra Ulug‘bek Rashidov Bredli Sindenni 32:29 hisobida mag‘lub etdi.
Astoydil harakat va intilishlar samarasini ko‘rsatdi, ayni damda O‘zbekiston Milliy universiteti taekvondo va sport faoliyati fakultetida tahsil olayotgan qahramonimiz taekvondo bo‘yicha Osiyo chempioniga aylandi.
— Yurtingga g‘alaba bilan qaytish naqadar maroqli, bu sharafli yo‘lda mendan qimmatli maslahatlarini ayamagan aziz murabbiylarimga, sport bilan muntazam shug‘ullanishimga shart-sharoit yaratib bergan ota-onamga minnatdorchilik bildiraman, — deydi biz bilan suhbatda chempion o‘g‘lon. Kelgusida ham qahramonimiz jahon arenalarida o‘zbek bayrog‘ini ko‘p bor baland ko‘tarishiga umid qilib qolamiz.
Sirojiddin NAJMIDDINOV
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 2-bosqich talabasi