Maktab bag‘rida bobomizni xotirladik
Maktab bag‘rida bobomizni xotirladik
Xotira dunyoda aziz, moʼtabar,
U–ona, u–ustoz, u–suyuk padar.
Va lekin qimmati qolmasdi uning,
Eslaydigan zuryod bo‘lmasa agar.
Abdulla Oripov,
O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni
Ulug‘ shoirimizning ushbu to‘rtligini Sirdaryo viloyati Oqoltin tumaniga yo‘lga chiqayotganimda yodga oldim. Haqiqatdan ham o‘tganlarni eslaydigan, qilgan savob ishlarini yodga olib, yosh avlodlarga yetkazadigan avlod bo‘lmasa xotira ham bo‘lmaydi, xotirlashning ham zaruriyati qolmaydi. Avlodlar uchun o‘tgan ajdodlarni eslash unutib bo‘lmas burchdir. Bu yil 12-oktabr sanasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agranom” faxriy unvoni sohibi, mashhur cho‘lquvar buvamiz Abdulhay Toirov hayot bo‘lganlarida 110-yoshni qarshilagan bo‘lardilar. Ushbu sana munosabati bilan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida joylashgan 17-sonli xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan umumiy o‘rta maktabda xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi. Sababi, ushbu maktab hududida Abdulhay buvamizning byusti o‘rnatilgan. Buvamizga atalgan bu byust mustaqillikning ilk yillari 1992 yilning oktabr oyida “Abdulhay Toirov” nomidagi xo‘jalikning markazida qad rostlagan. Yillar o‘tib ushbu yodgorlik maktab bag‘ridan o‘rin oldi. Bu biz avlodlarda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Haqiqatdan ham Abdulhay ota Toirovning bosib o‘tgan hayot yo‘li maktab o‘quvchilariga katta maktabdir. Maktab ichidagi yana bir maktab desam xato bo‘lmas. Abdulhay Toirov bilimli dehqon, agranom, mashhur cho‘lquvar, Mirzacho‘l (hozirgi Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahri) tumanini va Namangan, Buxoro viloyatlarni boshqargan arbob sifatida xalq nazariga tushganlar. O‘rni kelganda yozib o‘tish kerak, 1940-1941 yillar Orjonikidze (hozirgi Qibray) tumanidagi 9-sonli maktabda direktor lavozimida ishlab, yosh avlodga taʼlim berganlar. Shu boisdan haykalning ushbu maktab hududida joylashganligida ramziy maʼno bordek, mening nazarimda. Bizlarni maktab bo‘sag‘asida direktor Mamlakat Isoqova o‘qituvchilar hamrohligida ochiq chehra bilan qarshi oldilar. Maktab hovlisida tadbirni o‘tqazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilganligi ko‘rinib turardi.Abdulhay buvamizning byusti atrofiga sharlar qo‘yilgan, byust poyigachan gilam to‘shalgan. Abdulhay Toirovning tavallud kunini bu kabi katta tayyorgarlik bilan o‘tqazilishi bejizga emas. Atoqli jamoat arbobi, O‘zbekistonni asl farzandi Sharof Rashidov Abdulhay Toirovning paxtachilik sohasidagi xizmatlarini yuqori baholab “Paxta akademigi” deb nomlaganlar. Sharof Rashidovni Abdulhay Toirovga nisbatan hurmati juda yuqori bo‘lgan. Quyidagi ikki voqea buning isbotidir. Bir kuni kechki payt uyning eshigi taqillaydi. Buvamiz Abdulhay Toirov bemahalda kim bo‘ldi ekan deb eshikni ochsalar, Respublika Yengil sanoat vaziri turganmish. Salomlashib bo‘lishgach vazir kech bo‘lganda bezovta qilib kelishi sababini tushuntiradi. “Abdulhay aka, men Sizni oldingizga Respublika rahbari Sharof Rashidovich Rashidovning oldidan to‘g‘ri chiqib keldim. Sababi, Sharof aka, so‘zi orasida Sizni yodga olib, “Abdulhay aka Toirov juda yaxshi inson, o‘z sohasining bilimdoni, Paxta akademigi” deb aytdilar. Shu eʼtiroflarini Sizga aytay va xursand qilay deb kech bo‘lsada xalovatingizni buzib kelaverdim” debdi. Buvamiz Abdulhay Toirovning yuzlariga tabassum yuguribdi. Abdulhay buvamiz otalari katta buvamiz Toir otamizga quyidagi voqeani aytib bergan ekanlar. Katta majlisda o‘zbekning chin farzandi Sharof Rashidov tumanlarga paxtani yeg‘ib olishga kimlar masʼul etib tayinlanganligini birma-bir so‘rabdilar. Bir tumanga kelganda ushbu tumanga Abdulhay Toirov va qo‘shimchasiga vazir masʼulligini maʼlum qilishibdi. Sharof Rashidov eshitib bo‘lgach, “Abdulhay aka mohir paxtakor, o‘z ishining ustasi, o‘zlari eplaydilar, qo‘shimcha mutaxassis jalb etishning xojati yo‘q” deb Abdulhay buvamizga katta baho bergan ekanlar. Bu kabi ibratli voqealar Abdulhay Toirovning umr yo‘llarida bisyordir. Abdulhay Toirovning nomini yod etib, yaxshiliklarini eslab tadbirga Sirdaryo viloyatining xokimiyati va tuman xokimiyati vakillari, farzandlar, nevaralar, viloyat Nuroniy jamg‘armasi raisi O‘tbosar Abdiyev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi Muxitdin Polvon, Nosir Toirov, Usmon G‘oziyev, Professor Mansurxon Toirov, cho‘lquvarlar, o‘z ovozi bilan xalq mehrini qozongan Rahim Jumaniyozov, sevimli shoirimiz Bobur Bobomurod tashrif buyurishdi. Tadbirda so‘z olganlar, Abdulhay Toirov bilan bog‘liq xotiralarini so‘zlab berishdi. Mashhur shoirimiz Bobur Bobomurod go‘zal sheʼrlaridan o‘qib, xotira tadbiriga fayz bag‘ishladilar. Xotira tadbiri yakunida, ishtirokchilar ushbu maktabga Abdulhay Toirov nomi berilishini taklif qilishdi. So‘ngra, ehson dasturxoni yozilib, osh tortildi va Abdulhay Toirov nomiga bag‘ishlab tilovat qilindi. Maktab bag‘rida bo‘lib o‘tgan ushbu xotira kechasi unutilmas voqea bo‘lib yodimizda qoldi. Bu kabi ajdodlarni yod etib o‘tkaziladigan tadbirlar kelajak avlodni komil shaxs bo‘lib ulg‘ayishida katta ahamiyatga egadir.
Alisher Toirov
Mehnat vazirligi Bosh mutaxassisi