OʻZBEKTELEFILMNING “DILOZOR” SERIALI GRAN-PRIGA MUNOSIB DEB TOPILDI

Bolgariya Respublikasi poytaxti Sofiya shahrida Bolgariya kino akademiyasi va internet kommunikatsiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan XI Xalqaro “Slavyan ertagi” kinofestivalida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining O‘zbektelefilm davlat muassasasi ham munosib ishtirok etdi. Mazkur tashkilot tomonidan suratga olingan “Dilozor” seriali rejissorlari Otabek Ibragimov hamda Aziz Mardonov festivalda rejissorlik ishi bo‘yicha Gran-priga loyiq ko‘rildi.
Ma’lumot uchun, “Dilozor” seriali “Yil faoli – 2022” koʻrik-tanlovining “Yilning eng yaxshi seriali” deb topilgan edi. Serial haqiqatan ham yosh avlodning vatanga muhabbatini to‘lqinlantirib yuborish bilan birga madaniy merosimiz – musiqaga oshufta yashash, maqsad sari dadil odimlash, yurt sha’ni, millat sharafi kabi inja tuyg‘ularni yuksaltirishda alohida ahamiyatga molik ijod namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Serialda mashhur aktyor-aktrisalardan Asal Shodiyeva, Durdona Qurbonova, Feruza Yusupova, Shoxrux Hamdamov hamda elimiz suygan xalq artistlari mahorat bilan rol ijro etgan. Serial sahnalarining aksariyati O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tasvirga olingan. Ta’kidlash joiz, rejissor Otabek Ibragimov O‘zDJTU Axborot xizmati rahbari ham hisoblanadi.
Shuningdek, “Dilozor” seriali ssenariy muallifi Muqaddas Usmonova “Eng yaxshi ssenariy ishi” hamda serial operatori Ravshan Mirzakamalov “Eng yaxshi operatorlik ishi” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi.
Bundan tashqari, “Intiqom” seriali rejissori Dilmurod Mirxidoyev rejissorlik yo‘nalishi bo‘yicha maxsus mukofotga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, “Chempion” bolalar uchun badiiy film rejissori Farhod Xudoyberdiyev maxsus mukofotga munosib ko‘rildi, hamda “Qo‘riqxona” seriali maxsus diplom bilan taqdirlandi.
Aziz gazetxon, siz ushbu seriallar haqida qanday fikrdasiz? Ijodkorlarimizning yutuq va kamchiliklari nimada? Qaysi seriallarni sevib tomosha qilgansiz? Fikrlaringizni, albatta, izohlarda qoldiring!
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri