Qalamim charxlangan dargoh
2002-yildan 2006-yilgacha “Ma’rifat” gazetasi tahririyatida ishlaganman. Shu yerda ish boshlagan yili universitet diplomini qo‘lga olgan edim.
Ungacha bir yil “Xalq so‘zi” gazetasida faoliyat yuritganman. Shu to‘rt-besh yil gazetada qo‘yilgan tamal toshi menga bir umrga tatigulik “yozish san’ati” degan yorliqni taqdim etdi. Buni keyinchalik televideniyedagi faoliyatim davrida yaqqol seza boshladim. Aytmoqchimanki, gazeta tahririyatida pishgan jurnalist qoqilmas ekan.
O‘sha davrda jamoa juda yosh edi. Rahbarlardan tortib, oddiy xodimlar ham yoshlardan iborat edi. Bir yili o‘g‘il bolalarning uylanish mavsumi, keyingi yili esa qizlarning turmushga chiqish mavsumi bo‘lgandi. To‘ylarni barmoq bilan sanab chiqardik. Hammamizda ishga ishtiyoq baland, ijodiy jo‘shqinlik kuchli. Ishni o‘z vaqtida, sifatli bajarardik. Vaqti-vaqti bilan dam olishni ham joyiga qo‘yardik.
Men ishlagan kezlarda ustoz Halim Sayid bosh muharrir, Abdusamad Rahimov birinchi o‘rinbosar, Ikrom Bo‘riboyev o‘rinbosar, Faxriddin Karimov mas’ul kotib edi. Qurbonboy Matqurbonov, Hulkar To‘ymanova, Nurlan Usmonov, Husan Nishonov, Nasiba Erxonova, Shodiyor Mutahharovlar bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlashardi. Ulardan ko‘p narsa o‘rgandik. Ayniqsa, ustoz Mahmud Sa’diy saboqlarini olish nasib etdi.
Davlat rahbarining “2004–2009-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingach, uning ijrosini ta’minlash uchun Xalq ta’limi vazirligi tizimida ish juda qizg‘in tus olgandi. Bu jarayonlarni yoritib borish esa bizning chekimizga tushgandi. Ayni islohotlar bizning pishib-yetilib borishimizga xizmat qilgan ekan.
Gazeta tahririyati sohaga jurnalist kadrlar yetishtirib berishda peshqadam edi. Biz bilan hamkasb bo‘lganlar turli nufuzli lavozimlarga ishga o‘tib ketdi. Va bu keyinchalik ham shiddat bilan davom etganining guvohi bo‘ldik.
Bugun ortimizga qarab, faoliyatimizga nazar solsak, o‘sha tahririyatda kechgan davrim naqadar esda qolarli voqealarga boy bo‘lganligini anglayman. Shungayam mana, salkam yigirma yil bo‘lyapti. Keyinchalik ish faoliyatim televideniye bilan bog‘lanib ketdi. Qachon va qayerda ishlamayin, o‘sha hammamiz uchun qadrli bo‘lgan gazeta tahririyatida olgan saboqlarim yo‘lchi-yulduz, shamchiroq bo‘ldi. Buning uchun men qadrdon dargohda amaliy saboq olgan barcha ustozlarimdan minnatdorman.
G‘ofur JABIYEV,
“Mahalla” teleradiokanali katta muharriri