Samarqandning nomi ulug‘, qiyofasi betakror
Samarqandning nomi ulug‘, qiyofasi betakror
18-oktabr "Samarqand shahri kun”iga bag'ishlab “Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi. Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi” nomli yangi kitob taqdimoti va “Jahon ichra Samarqand” mavzusiga oid ko‘rgazma tashkil etildi.
Ensiklopediyaning qayta ishlangan va kengaytirilgan ikkinchi nashri 2022-yilda Toshkentdagi “SMI-ASIA” nashriyoti tomonidan chop etildi. Mazkur ilmiy axborot nashri 2014-yilda Samarada chop etilgan avvalgi nashrga nisbatan yangi faktlar bilan boyitildi, unga yangi boʻlimlar, 48 ta rangli sahifalar, ko‘plab rasmlar qo‘shildi va shu orqali kitobning umumiy hajmi taxminan ikki baravarga oshdi. Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi – Anatoliy Ionesov [“Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasi muallifi, “Esperanto” interklubi (1977), Xalqaro tinchlik va birdamlik muzeyining (1986) Samarqand shahardagi asoschisi] hamda madaniyatshunoslik fanlari doktori, Samara davlat madaniyat instituti professori Vladimir Ionesovlarning mualliflik loyihasi hisoblanadi. Ushbu kitobning mas’ul muharriri:pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Nematovich Abdullayev. Kitob ERIELL kompaniyasi guruhi homiyligida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan nashr etildi.
Samarqand YUNESKOning butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Kitobda zamonaviy dunyoda Samarqandning madaniy talqin qilinishi bo‘yicha turli materiallar tizimga solingan holda taqdim etilgan.
Nashr xorijiy Samarqandiyona obyektlari bo‘lmish aholi punktlari, ko‘chalar, mehmonxonalar, restoranlar, qahvaxonalar, savdo rastalari va do‘konlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, san’at asarlarining nomlari va yaratilish tarixi hamda bu moddiy ashyolarga ismi shariflari bitilgan odamlar to‘g‘risida yetarlicha to'liq ma'lumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Unda jahon hamjamiyatining ijodiy amaliyoti va fuqarolik diplomatiyasida Samarqandning madaniy anʼanalari, ya’ni yaratilishi Samarqand bilan bog‘liq ko‘p madaniyatli ijod namunalari, jumladan, artefaktlar, qo‘shiqlar, musiqiy va adabiy kompozitsiyalar, televideniye hamda radio dasturlari, filmlar va teatr tomoshalari o‘z ifodasini topgan. Umuman olganda, kitobdan “Samarqand” nomi bilan bogʻliq boʻlgan barcha moddiy ashyolar, dunyoning turli burchaklarida nom taratgan Samarqand osori-atiqalari, shuningdek, Samarqandda tug‘ilgan yoki bir paytlar yashab o‘tgan mashhur shaxslar haqidagi ma’lumotlar o‘rin egallagan.
Kitob turli ijtimoiy-iqtisodiy, til va badiiy an’analarda o‘zining zamonaviy ohangini kasb etgan jahonga mashhur shahar brendining qiyosiy madaniy tasvirlari bo‘yicha o‘ziga xos birinchi nashri bo‘lib, unda ensiklopediya mualliflari ilk bor “xorijiy Samarqandiyona madaniyati” tushunchasini ilmiy muomalaga kiritishgan.
Nashrga 10 tilda qisqacha tavsif berilgan bo‘lib, u Sharq tarixi va madaniyati, xalq diplomatiyasi, mintaqashunoslik, madaniyatlararo muloqot va xalqaro hamkorlik masalalariga qiziqqan keng kitobxonlar uchun moʻljallangan.
Shuningdek, u turizm va madaniy meros sohasi mutaxassislari, muzey xodimlari va tarjimon-ekskursovodlar uchun ham foydali bo‘ladi. Bu kitobdan mahalliy tadbirkorlar o‘z tovar va xizmatlarini xorijga taklif etish uchun Samarqand brendidan qanday foydalanish bo‘yicha tegishli g‘oyalarni ham olishlari mumkin. Kitob dunyoning boshqa mashhur shaharlari haqida ham shunga o'xshash nashrlarni tayyorlash uchun o'ziga xos model vazifasini o‘taydi.
Ensiklopediyaning ikkinchi nashri materiallari asosida “Jahon ichra Samarqand” nomli yangi tematik ekspozitsiya ham tayyorlandi. Xorijiy Samarqandiyonaning g‘ayrioddiy keng qamrovli madaniy ob’yektlari namoyish etilgan 48 ta yirik formatli fotokollajlar hamda Samarqandning so‘nmas qiyofasini turli millat vakillarining badiiy ijodi va ijtimoiy faoliyatiga ta’siri ko‘rgazma eksponatlari sifatida ko‘rsatilgan.
SXTU taklifiga ko‘ra, kitob mualliflaridan biri tarix fanlari nomzodi, madaniyatshunoslik fanlari doktori, Samara davlat madaniyat instituti madaniyatshunoslik, muzeyshunoslik va san’atshunoslik kafedrasi professori V.I. Ionesov kitob taqdimotida ishtirok etdi. “Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasi, Samara madaniyat jamiyati,“Artefakt - madaniy xilma-xillik” (Samarqand-Samara qardoshlik dasturi) kabi qator tashkilotlar loyiha hamkorlari hisoblanadi.
Ushbu nashr va ko‘rgazma loyihasi Samarqand (O‘zbekiston) va Samara (Rossiya) birodarlashgan shaharlari o‘rtasidagi madaniyatlararo hamkorlik va sherikchilik dasturiga qo‘shilgan hissa bo‘lib, u madaniyatlarni yaqinlashtirish bo‘yicha BMTning Xalqaro o‘n yilligini (2013-2022) nishonlash arafasida o‘tkazildi. Taqdimot davomida viloyatimizning yetakchi tashkilot rahbari va kitobxonlari o‘zlarining bugungi kitob taqdimoti, ko‘rgazma hamda universitet haqida fikrlarini bildirishdi. Shundan so‘ng Italiyalik taniqli musiqashunos Andrea Talmeli tomonidan aynan Samarqand uchun yaratilgan va birinchim marta ommaga taqdim etilgan “Samarqandga qaytish”nomli musiqasi tashrif buyurganlar hamda samarqandliklar uchun katta sovg‘a bo‘ldi.
“Samarqandiyona” o‘z bosma nashri bilan noyob loyiha hisoblanadi. Uning sahifalarida nomingizni tilga olinishi, quvonarli. Rahmat! Sizni ushbu ulug‘vor loyiha bilan tabriklayman! – I.Yusupova, bastakor, media-rassom, eksperimental kino direktori, Samarqand kamera kantatasi muallifi.
“Sizga va “Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasidagi hamkasblaringizga eng ezgu tilaklar!” – Vladimir Kvint, Rossiya Fanlar Akademiyasining (RAS) xorijiy aʼzosi, “Amir Temurning strategik yetakchiligi: Kodeksga sharhlar” kitobi muallifi, “Doʻstlik” ordeni sohibi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti matbuot xizmati.