Saxovatli kishilar o‘quvchilarni rag‘batlantirmoqda
Chiroqchi tumanidagi “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yildi. Faollar tomonidan “O‘zbekistan J/X” telegram guruhi tashkil qilinib, unga xo‘jalikdagi va xo‘jalikning Toshkent shahri hamda chet davlatlarda ishlayotgan saxovatli kishilari jalb etildi.
Guruhga a’zo ko‘pgina tadbirkorlar Rossiya, Аmerika, Shvetsiya, Janubiy Koreyadan moddiy ko‘mak jo‘nata boshladi hamda muhtoj oilalarning duosini olishdi. Jamoa xo‘jaligi ishni dastlab ahvoli og‘ir, moddiy qiynalgan oilalarga yordam berishdan boshladi. Natijada 90 ga yaqin oilalarga bir oyga yetadigan oziq-ovqatlar guruhning jonkuyar, tinib-tinchimas yigitlari tomonidan yetkazib berildi. Bundan tashqari, telegram guruhining hay’at a’zolari bo‘lib, ular tashkiliy masalalarda bosh-qosh.
Hozirda Amerikada ishlayotgan Musirmon Karimov tashabbusi va bosh homiyligi asosida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazildi. Bunda jamoa xo‘jaligi hududidagi 8 ta maktab — 37-, 38-, 39-, 40-, 41-, 97-, 155-, 161-maktablar jamoalari qatnashdi. Ushbu turnirni o‘tkazishga hissa qo‘shishni istagan homiylar safi yanada ortdi. Ko‘chma kubok, medallar olindi. Har bir ishtirokchi jamoaga bittadan to‘p va homiylar tomonidan sovg‘alar tayyorlandi.
Qizg‘in, murosasiz kechgan bellashuvda 37-maktab jamoasi 1-o‘rinni, 39-maktab 2-o‘rinni egalladi. 41-maktab jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘ringa ko‘chma kubok, oltin medal, ikkinchi o‘ringa kumush medal, uchinchi o‘ringa esa mukofot va sovg‘alar topshirildi. Musobaqa o‘quvchilarda sportga bo‘lgan ishtiyoqni oshirdi.
Yaqinda o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish va g‘oliblarni qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirish rejalashtirilgan.
Burhon RIZOQULOV