Shoirning nim kulgusi
Shoirning “nim” kulgisi
Abdulla Oripov!
Bu nom ko‘hna o‘zbek millatining sha’ni, faxri, iftixori. U istiqlolga yuz tutgan serquyosh yurtning, mehnatkash va jafokash xalqimizning shukuhli shoiri. Uning ijodi, shaxsiyati, badiiy g‘oyaviy olami haqida ilmda yaxshi gaplar ham, o‘rniga tushmagan nojoiz fikrlar ham bo‘lgan. Na chora?! Yer – dumaloq. Zotan, butun boshli asr she’riyati epkinini o‘zgartirgan ijodkorga nisbatan turli qarash – gipotezalar tug‘ilishi tabiiy hodisadir. Mazkur o‘rinda bezavol ijod sohibining hajviy yo‘nalishdagi she’riyatiga xolis baho berishga harakat qilamiz.
Hajviyaning asosiy negizini hazil – kulgu uyg‘otuvchi unsur tashkil etadi. Uni alohida janr deyishga asos yo‘q. Sababi, alohida janr deyishga asos bo‘ladigan unsurlar, formal belgilarning o‘zi uchramaydi. U istalgan asar tarkibida kuzatilishi mumkin. Ammo uning syujet yo‘nalishida qandaydir paradoksal voqea bo‘lishi shart. Voqea esa turli davr,
zamon va makonda turli sabab va bahonalar bilan ro‘y berishi mumkin. Ushbu sababning oqibati, xulosasi esa goh mavhum qoladi, ba’zan esa muallif tomonidan aniq bir to‘xtamga kelinadi. Mavhum qolgan fursatlarning xulosasi kitobxon hukmiga havola etiladi. Xullas, A.Oripov hajviyalarida dialektik qonuniyatlarga muvofiq tasodif zaruriyatsiz, sabab esa oqibatsiz ro‘y bermaydi.
A.Oripov hajviyalarining mavzu doirasi rang-barang, g‘oyaviy ko‘lami behad salobatli. Ularni o‘qigan har qanday muxlis – o‘zi uchun bir emas, bir necha haqiqat mag‘zini tuyishi, mumkin. Hajviyalar qahramoni o‘quvchiga “begona” emas. Ular o‘zimizning ko‘chada yoxud qo‘shni qishloqda yashaydigan, chapani odamlar. Ular goh “fan arboblari” sifatida davrning dolzarb muammolari xususida bosh qotirishsa, goho obro‘-e’tibori oshib ketayotgan rahbarning “tagiga suv quyish” rejasini tuzadi. Gohida esa o‘z kasblarini eplolmay, boshqa ish qidirishga tushsalar, ba’zan arzimagan narsalarni “yuvish” zaruratini tuyadilar. Yana bir qiziq odatlari borki, o‘zlarini yer yuzida zo‘rg‘a eplaganlari holda cheksiz koinot muammolari haqida ham bosh qotiradilar. Xullas, xalq shoirining satirik yo‘nalishdagi manzumalari mutolaasidan ularga xos bosh fazilatni ilg‘ash mumkin. A.Oripov qator hangomalarida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan, o‘zga tillarga tarjima qilish dushvor bo‘lgan noyob tuyg‘ular: mehr, oqibat, insof, diyonat, kamtarlik, tavoze’, izzat-ikrom, mehmonnavozlik, haqiqatparastlik va to‘ysevarlik fazilatlarini ulug‘laydi va aksincha anqovlik, yalqovlik, manmanlik, sergaplik, shuhratparastlik, hasad kabi salbiy illatlarni qoralaydi, fosh etadi. Xullas, shoir hajviyalari mutolaasidan ulardagi yetakchi xususiyatlarni ilg‘ash qiyin emas. Nazarimizda, A.Oripov hajviyalarining umumiy negizida milliy ruh yotadi.
1996-yili A.Oripov asarlarining “Saylanma”si nashrdan chiqqan edi. Unda shoirning o‘n uchta hajviy she’ri alohida “Hangomalar” faslida nashr etilgan. Ularning birini boshqasidan ustun qo‘yib bo‘lmaydi, albatta. Har biri o‘ziga xos hayotiy-maishiy mohiyat kasb etadi. Har birining g‘oyaviy negiziga munosib shakl tanlangan. Qahramonlarning hajviy qiyofasi, xarakteri, yordamchi, ba’zan esa majoziy obrazlar faoliyati yordamida ochiladi. Ba’zan majoziy timsollar yetakchi obraz darajasiga ham ko‘tariladi. Hajviya doirasiga biror-bir detal o‘z-o‘zidan kiritilmaydi. Unda, hatto, bir tomchi suv ham o‘ziga yarasha g‘oyaviy yuk ko‘taradi. Deylik, “Qult-qult” degan tovush shu nomdagi hajviyaning salmog‘ini ta’minlashda juda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Ammo hangomadan murod ichkilikka berilgan irodasiz kimsalarni fosh etish emas, balki jamiyatimiz a’zolarida, xususan, balog‘at yoshidagi odamlar orasida, hatto, ilm va ijod ahli orasida insof degan noyob tuyg‘u ba’zan barham yeyayotganidan shoir aziyat chekadi va xuddi shu bedavo dardni davolash uchun hajviya tig‘ini charxlaydi.
Alqissa, bir necha “zukko olimlar” yig‘ilishib, tabiatdagi barcha ovozlarni magnit tasmasiga tushiradi va bu tovushlar nimaning sadosi ekaniga qisqacha sharh berib, ko‘kka, go‘yo samodagi odamlarga uchiradilar. Ular bu bilan o‘zlarining zo‘rligini, samoda, allaqaysi sayyorada yashayotganlarning esa ojizliklarini amalda isbotlashga jazm etadilar. Sehrli quticha ichida maktub va tasma bilan ko‘kka parvoz qiladi:
Manzili yo‘q sayoq maktub,
Fazoni xo‘b aylandi.
Oxir borib, allaqanday
Sayyoraga boylandi.
Buni qarangki, o‘sha noma’lum sayyorada ham odamlar yashar ekan. Faqat ularning yashash tarzi biznikidan tubdan farqlanar ekan. Xullas, yillar o‘tib o‘sha o‘zga sayyora fuqarolari bizning o‘zbek olimlari yuborgan sirli qutichani topib oladilar. Ammo maktubdan, tasmadan hech vaqo anglamaydilar. Xuddi shu anglashilmovchilik tasviri fonida katta talant egasi asosiy muddaoni hajviya bag‘riga joylashtiradi. Boshqacha aytganda, mana bu to‘rtlikda asarning asosiy g‘oyasi aks etgan:
O‘zimizga qiyos qilib,
Kamsitmaylik barchani.
Deylik, biz ham bilmaymiz-ku
Insof degan narsani!
Shoirning asl maqsadi shu edi. U jamiyat va millat a’zolarini insof va diyonatga chorlash zaruratini his qilib, ushbu muddao uchun “shiddatkor yo‘l – nazm”ga qo‘l uradi. Nihoyat o‘zga sayyora odamlari patefonni bir necha marta eshitgach, ularning orasidan faqat bir kishi kutilmagan bir tovushni – shishaning “qult-qult” degan ovozini ilg‘aydi. Qizig‘i shundaki, bizning “zukko olimlar” ushbu ovozni magnit lentasiga maxsus yozmaganlar, maktubda
uning sharhi ham uchramas edi. Ular xayrli ishning, yaxshi niyatning yakunini “yuvgan”larida yozuv patefonini o‘chirishni unutgan edilar. Ko‘ryapsizmi, olimlarimizning yuzlab tovushlarni tasmaga yozganlari u tarafga a’yon bo‘lmaydi. Faqat tasma so‘ngidagi birgina ovoz foydali naf beradi:
So‘nggi bora aylanganda,
Patefonning burovi.
“Qult-qult” degan bir tovushni
Ilg‘ab qoldi birovi.
To‘xtang, dedi, gap bu yoqda!
Tanish sado topildi.
Endi birdan tushkunlikning
Eshiklari yopildi.
Yulduz bo‘ylab o‘sha zahot,
Tarqaldi-ku, bu xabar:
Olamshumul yangilikdan
Qolmang, do‘stlar bexabar.
Ming-ming shukr, yolg‘izmasmiz,
Go‘shadoshlar bor ekan.
Allaqaysi bir puchmoqda,
Shishadoshlar bor ekan.
Ular ham o‘z dunyosida behad baxtiyor edi. Xususan, bir joydan xabar kelsa, darrov javob yozish zaruratini his qilardi. Ular patefonga qator saslar orasidan birgina “qult-qult” tovushini tanlab, yozib pastga uloqtiradi. Bu maktub hozir yo‘lda, u biz tomon kelayotir, deb shoir hangomaga yakun yasaydi.
Ushbu hangoma shakl va mazmuni, mohiyat-e’tibori bilan xalq shoirining samoviy mehmon haqidagi asarining uzviy davomi sifatida yaxshi taassurot paydo qiladi. Sababi, shoir samoviy mehmonda ham olimlar faoliyatini qadrlagan holda, ularda bir narsa – mehr yetishmasligini mahorat bilan asar zuvalasiga qistiradi. Xuddi shu noyob tuyg‘uni farrosh kampir tabiatida namoyon etadi. Bu hangomadan ham maqsad samodan allaqanday bir maxluqning bemavrid yerga tushishi yoxud ushbu tasodif haqidagi olimlar tortishuvi, harakati emas. Bular voqea yo‘sinini ta’minlovchi syujet bo‘laklari, xolos. U yerda shoir mehrni, odamlar orasida tobora siyraklashayotgan mehr-oqibat tuyg‘usini nihoyatda mohirlik bilan kulgu o‘zaniga tortgan:
Olimlarning xizmatlari
Yo‘q, bekorga ketmabdi.
Shuncha ishni qilishibdi,
Faqat Mehr yetmabdi.
Endi ikki og‘iz mashhur “Sharq hikoyasi” xususida. Tilga olingan “hikoya”ning bosh qahramoni ota ham, bola ham emas. Shuningdek, “olomon” ham syujet yo‘nalishida asosiy chiziqning chekkasida turadi. Boshqacha aytganda, ular bosh g‘oyani yuzaga chiqarish uchun yordamchi obraz vazifasini o‘taydi. Ammo ularning asardagi o‘ziga xos vazifasini inkor qilib bo‘lmaydi. Shoir uchun aynan ana shunday tortishuv jumbog‘i zarur. Shu jumboq fonida bosh maqsad yuzaga balqib chiqadi.
“Sharq hikoyasi”ning bosh qahramoni (bu so‘zni muallif g‘oyasini yuzaga chiqaruvchi asosiy obraz sifatida qo‘llayapmiz) – eshak. O‘z fe’li, saviyasi, sajiyasi, anqovligi, go‘lligi, yag‘irligi, bedarmonligi, qariligi bilan umumiy taraqqiyotga, tinch va osoyishta mehnat va turmushga xalaqit berayotgan “ikki oyoqli eshak”lar shoir tomonidan hajviya ko‘zgusiga olingan. U o‘z qilmishi bilan hayotda ustoz-shogird, qarindosh-urug‘, er-xotin, hatto, ota-bola o‘rtasiga ham raxna solishi mumkin va bu turmushda juda ko‘p kuzatiladi. Eng qizig‘i, shoir uni gapirtirmaydi. Faqat “anday bedarmon va yag‘ir”ligini aytib o‘tadi, xolos. Ayni shu bedarmon va yag‘ir hayvon ota-bola o‘rtasidagi million yillik qondoshlikka nuqta qo‘yadi:
Qondoshlikning million yillik,
Rishtalari uzildi.
O‘rtaga bir eshak tushib,
Oralari buzildi.
Aytilganidek, eshak umumlashma obraz. U muallifning bir emas, bir necha muddaosini yuzaga chiqargan. Shaxsiy manfaat, pul, mansab ilinjida o‘zga bir odamning boshini yanchadigan eshak fe’lli odamlar atrofimizda yo‘q deysizmi. Ular tufayli ota boladan, ona qizdan, aka ukadan judo bo‘lishi ham bor gap. Xullas, ushbu asarning g‘oyaviy salobati ancha baland. Unda otaning bolaga va aksincha, bolaning otaga hurmat-ehtiromi, olomonning ittifoq bo‘lolmasligi, o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarga ha deb burun tiqishi oqibatida eshak faoliyati bilan “qondoshlikning million yillik rishtalari uzilishi”, shu tariqa mehr-oqibatning yo‘qolishi qalamga olingan. Savol tug‘ilishi mumkin: xo‘sh, eshak nega aybdor? Bu unchalik ham izoh talab qilavermaydi. Avvalo, u qari, “yag‘ir va bedarmon”. Agar shu eshak bo‘lmaganda, ota-bola ehtimol, sayohatga ham chiqmasdi, olomonga mayna ham bo‘lmasdi. Ammo eshakning yaramasligi olomon yoxud ota-bolaning ahilligini ko‘rsatmaydi. Ularda ham o‘ziga xos o‘rlik, fisq-u fasod mujassam. Shu boisdan ham ushbu asarni bir mavzu bilan chegaralay olmaymiz. U mavzu doirasining kengligi, o‘ziga xos milliy nafosati bilan o‘qishli, ta’sirli va jozibali.
Eshakning so‘z san’atidagi vazifasi uzoq tarixga ega. U odatda otga qarama-qarshi qo‘yiladi. Ammo bu e’tirof
uning o‘z holicha ham ijodkorning g‘oyaviy niyatini yuzaga chiqara olishini inkor qilmaydi. U folklorda ko‘proq eziluvchi, mehnatkash, qora xalq obrazining umumlashma timsolini ifodalaydi. Muayyan ijodkor qalamida esa eshak tabiati va qiyofasi anqov shaxs sintezi sifatida konkretlashadi.
Abdulla Oripovning “Hangoma”sida to‘yga chiqqan ikki cholni yo‘lda eshak boshqaradi. Bu bilan eshakni boshqaruvchi odam ham fe’li-xo‘yi jihatidan ma’lum ma’noda unga yaqin kimsa sifatida hajviya doirasida harakat qiladi. Bu hol o‘quvchi xayolida “mol egasiga o‘xshamasa, harom o‘ladi” degan naqlni jonlantiradi. Ammo nima qilgandayam, ikki qadrdon suhbatdoshning to‘yga borolmasligiga, adashib sarson bo‘lishiga o‘sha sho‘rlik eshak aybdor bo‘lib chiqadi. Chunki vaqt yarim kechadan oshganda, ortga qaytgan yo‘lovchilarni endi eshak emas, ot boshqaradi. Otning aqlliligi tufayli sarson kimsalar o‘z uylariga qaytgan bo‘ladilar. Bu tasodifdan, hatto, eshak yo‘ldan urgan qahramonlar ham hayron qoladi:
Alqissa, shu – ot yo‘lni
Uy tomon burgan ekan.
Chol-chi, o‘z kampiridan
Joy so‘rab turgan ekan.
Abdulla Oripov qalamida eshak anday bedarmon va yag‘irlikdan tashqari anqovlik va go‘llik xislatlariga ham ega. Shoir hangomalarida ming yillik she’riyatimizda an’anaviy majoziy obraz sifatida ishlatilib kelingan ot – aqlli, eshak – go‘l, maymun – mahmadona, tulki – ayyor, sher – yurt egasi sifatida o‘ziga xos ma’no ifodalaydi.
“Maymuniyat” asarida maymunning ozgina imkoniyatdan foydalanib, kekkayib ketishi, boshqa hayvonlarni, hatto odamlarni mensimay qo‘yishi tanqid ostiga olinadi va shu orqali kamtarlik ulug‘lanadi. “Adi-badi haqida rivoyat” degan hangomada esa o‘zbek xonadonlarida uchrab turadigan oilaviy mojarolar qalamga olingan. Unda shoir ko‘proq ayollarimizning sergapligini fosh etsa-da, asosan, tanqid tig‘ini erga, erkakka qaratadi. Shoir fikricha, turmushdagi oilaviy mojarolarda sergap xotin unchalik aybdor emas, uning sergapligi ojizlik alomati. Shu bois asarda tortishuvchi ayol emas, balki u bilan birma-bir aytishishdan or qilmaydigan erkak befarosatdir, degan g‘oya hukmron. Shuning uchun ham shoir she’riy rivoyatni kutilmagan fojia bilan yakunlaydi:
Xotin oxir charchadi,
Hayotdan to‘ydi, hatto.
Bola-chaqa, mol-mulk,
Bisotdan to‘ydi, hatto.
O‘zimni osaman deb
E’lon qildi so‘zini.
Bunaqa osmaslar deb
Eri osdi o‘zini.
Xullas, hajviyada maydagaplikka o‘ch erkak hayoti o‘lim bilan yakunlanadi. Shoir xotin bilan, umuman, o‘zi bilan teng bo‘lmagan toifa bilan tortishib yuruvchi xuddi shunday kishilarning jamiyatimizdan tamomila yo‘q bo‘lib ketishini istaydi. Shu jihatdan mazkur hajviyada yumor emas, satira hissi ustuvor. Shunday qilib, shoir hajviyalarida hayot haqiqatlari goh satirik, goh yumor libosiga o‘raladi. Kulgi o‘zanida turmushning achchiq, achinarli manzaralari mohirona inkishof etiladi. Afsuski, bu inkishof faqat zukko o‘quvchigagina yuz ko‘rsatadi.
Shoir hangomalarini achchiq qalampirga qiyoslash mumkin. Qalampir inson badanidagi tumovni bartaraf etgani kabi bu hajviy asarlar ham millat a’zolari tabiatidagi sanoqsiz salbiy illat hujayralarini beminnat davolaydi.
Abdurahmon PIRIMQULOV,
Islom Karimov nomidagi TDTU
Olmaliq filiali ilmiy kengash kotibi,
filologiya fanlari nomzodi