Tilak Jo‘ra degan shoir!
Tilak Jo‘ra degan shoir!
Hozirgi zamon o‘zbek she’riyatida o‘zi kabi samimiy satrlarni tizib qoldirgan siymolar tilga olinsa shoir, murabbiy va tarjimon Tilak Jo‘ra yodga tushadi. Tilak akaning darslarini biz 1994 yilda O‘zMUning jurnalistika fakultetini bitirgan bir guruh talabalar hali ham katta sog‘inch bilan eslaymiz. Domla xoksor, samimiy , biroz to‘pori jaydari tabiatli kishi edi. Adashmasam shoir vafot etganida biz yo uch, yo to‘rtinchi kursda tahsil olar edik. Ko‘pchiligimiz chuqur qayg‘uga botganmiz. Ammo, hanuz Tilak Jo‘rani bilgan, tanigan inson borki, garchand shoirning she’rlarini bilmasa ham uni toza vijdonli xokisor qiyofada kulib eslayveradi. O‘tgan hafta muharririyatimizga Tilak Jo‘raning o‘g‘li Qorako‘ldan, shoir abadiy qo‘nim topgan Sayyod qishlog‘idan tashrif buyurdi. U shoirning uy muzeyini tashkil etish va may oylarida domlaning yubiley tashvishlari bilan band ekan. Tilak Jo‘ra arxividan olingan mana bu suratlarda domlaning ustozi G‘aybulla As-salom, Najmiddin Komilov, Radiy Fish va yana bir qancha adabiyot, xalqlar do‘stligi va umuminsoniy ma’naviy tafakkurga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ insonlar siymosi aks etgan.
Tilak Jo‘ra bir she’rida :
Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yog‘sin,
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari,
Bahorday borliqni quvonchga qorsin,
O‘zlik yomg‘irlari,o‘z yomg‘irlari,- deb yozadi. Chindanda, o‘zlik yomg‘irlari abadiy bo‘lsin.
O‘ljaboy Qarshiboy