Maxsus sirtqi ta’lim: “Darslarimiz to‘xtab qolgani yo‘q”
Ma’lumki, 2017-yil Prezidentimiz tashabbusi bilan Oliy ta’lim negizida maxsus sirtqi yo‘nalishlar o‘z faoliyatini boshladi. Bugungi kunga kelib, ushbu yo‘nalishdagi ilk talabalar oliy ta’limni bitirish arafasida. Butun dunyo og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazayotgan bir paytda, ta’lim jarayonlari onlayn tarzda davom etayotgani, bolajonlarimiz maktab darslarini televideniye dasturlari orqali tomosha qilib, tushunib olayotgani va nazorat ishlarining masofadan turib tashkil etilayotgani barchamizning yutug‘imiz bo‘ldi.
Shu jumladan, TDPUning o‘qituvchi va murabbiylari ham talabalar uchun onlayn darslar tashkil etib, ta’limda uzluksizlikka erishmoqda. Jumladan, biz pedagogika yo‘nalishida sirtdan tahsil olayotgan talabalarning ham darslari to‘xtab qolgani yo‘q. Videodarslar va videoslaydlar orqali mavzularni o‘zlashtirib bormoqdamiz. Ustozlarimiz Ra’no Daminova, Jasur Pardaboyev, Dilmurod Mamatov va Bobomurod Nurillayevlar darslarni “Zoom” ilovasi orqali o‘tayotgan bo‘lsalar, 301-302-mehnat fani guruhi talabalariga Dilmurod Mamatov darslarida pedtexnologiyalardan samarali foydalanib, ko‘rgazmali qurollar tayyorlash tajribalarini o‘rgatmoqda. Ma’lumki, texnologiya darslarida jihozlarning yetishmasligi yoki qo‘llanmalarning eskirgani sabab pedagogik imkoniyatlar biroz torroq. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida TDPU o‘qituvchisi Dilmurod Mamatov sirtqi ta’lim talabalari bilan hamkorlikda “Fidoyi muallimlar” shiori ostida 10-20 yillik pedagogik stajga ega bo‘lgan ustozlar bilan yillar davomida sinovdan o‘tgan eng sara va bugungi kun talablariga javob beradigan ko‘rgazmali qurollar bazasini yaratdi. Endilikda talabalar ko‘rgazmali qurollarni pedagogik texnologiyaga tatbiq etgan holda darslarda qanday foydalanish bo‘yicha onlayn usuldagi amaliy tajribalar bilan tanishmoqdalar. Biz, masxus sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan bir guruh talabalar uzoq orziqib kutilgan oliy ta’limni egallashga muvaffaq bo‘layotganimiz va bu jarayonda kasbimiz uchun kerakli yangi bilimlar bilan qurollanayotganimizdan behad mamnunmiz. Ta’lim ― har kuni o‘z ustida ishlashni, izlanishni taqozo etadi. Kelgusida bugungi bilimlarimizni yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli yo‘lda sarflashga, vatanparvar, zukko o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashda munosib hissa qo‘shishga va’da beramiz!
Gavhar MAHKAMOVA,
Sayyora HAMIDOVA
TDPUning maxsus sirtqi mehnat ta’limi yo‘nalishi talabalari